Xitoy milliy siyosiy maslahatchisi aholi sonining kamayishi sharoitida tug‘ilish imkoniyatlarini oshirish va “reproduktiv salohiyatni ro‘yobga chiqarish” uchun nikoh uchun qonuniy yoshni 18 yoshgacha pasaytirishni tavsiya qildi. Bu haqda Global Times xabar bermoqda.
Xitoy Xalq siyosiy maslahat kengashi Milliy qo‘mitasi a’zosi Chen Sonsi mazkur nashrga bergan intervyusida Xitoyda tug‘uruq bo‘yicha cheklovlarni butunlay yumshatish va nikoh hamda tug‘uruq uchun “rag‘batlantirish tizimi"ni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha taklif kiritishni rejalashtirayotganini aytgan.
Chenning so‘zlari kelasi hafta Xitoy parlamentining yillik yig‘ilishi oldidan yangradi, unda rasmiylar mamlakat aholisining kamayishini kompensatsiyalash bo‘yicha chora-tadbirlarni e’lon qilishi kutilmoqda.
Xitoyda nikoh uchun qonuniy yosh erkaklar uchun 22 va ayollar uchun 20 ni tashkil etadi, bu, qonuniy nikoh 18 yosh bo‘lgan ko‘plab rivojlangan mamlakatlar bilan solishtirganda, dunyodagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biridir.
Chenning aytishicha, nikoh yoshi xalqaro me’yorlarga mos kelishi kerak.
Xitoy aholisi 2024-yilda ketma-ket uchinchi yil kamaydi, chunki nikohlar soni beshdan bir qismga pasaydi, bu rasmiylarning yosh juftliklarni turmush qurishga va farzand ko‘rishga undashga qaratilgan sa’y-harakatlariga qaramay, rekord darajadagi tushishdir.
Xitoydagi demografik pasayishning katta qismi 1980 va 2015-yillar oralig‘ida joriy etilgan bir farzand siyosatining hosilasidir. 2021-yildan boshlab er-xotinlarga uch nafargacha farzand ko‘rishga ruxsat berilgan.
Chenning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy “yangi davrda aholi rivojlanishining shoshilinch ehtiyojlari"ni qondirish uchun oilaga to‘g‘ri kelishi mumkin bo‘lgan bolalar soniga qo‘yilgan cheklovlarni olib tashlashi kerak.
Biroq odamlar farzand ko‘rmaslikni afzal ko‘rmoqda, bola parvarishining qimmatligi yoki turmush qurishni istamasliklari buning sababidir, yana ba’zilar o‘z kareralarini to‘xtatib turishni xohlamayapti, deyiladi xabarda.
Hukumat tug‘uruq ta’tili muddatini kengaytirish, tug‘ganlik uchun moliyaviy va soliq imtiyozlari, shuningdek, uy-joy subsidiyalarini o‘z ichiga olgan rag‘batlantirishlar hamda chora-tadbirlarni amalga oshirishga harakat qildi.
Ammo Xitoy aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan yalpi ichki mahsulotga nisbatan bola o‘stirish uchun dunyodagi eng qimmat joylardan biridir.