2013-yil oxirida Stack Exchange saytining matematika forumida Kleo (Cleo) taxallusi ostida yangi foydalanuvchi paydo bo‘ldi. Keyinroq uning profil ma’lumotlariga foydalanuvchi ayol ekanligi haqida tafsilot qo‘shildi. Ikki yil davomida u murakkab matematik savollarga, yechim qanday kelib chiqishiga izoh keltirmagan holda, to‘g‘ri javob berdi, shundan so‘ng g‘oyib bo‘ldi. Bu vaqt ichida Kleo forum foydalanuvchilari orasida afsonaga aylanib ulgurgan edi.
Forum ishtirokchilari o‘n yildan ortiq vaqt davomida ushbu profil ortida kim yashiringanini aniqlashga urindi. 2025-yilning boshiga kelibgina hisobni AQShda istiqomat qiluvchi o‘zbekistonlik dasturchi Vladimir Reshetnikov yaratgani ma’lum bo‘ldi. “Meduza” nashrida sirli Kleo nima uchun matematiklarni shunchalik qiziqtirgani va hisobning haqiqiy egasini topishga qanday erishilgani hikoya qilingan maqola e’lon qilindi. “Gazeta.uz” ushbu maqolaning tarjimasini keltiradi.
2013-yil 11-noyabrda Stack Exchange matematika forumi ishtirokchilaridan biri integralga oid tenglamani yechishda yordam so‘rab murojaat qildi. To‘rt yarim soatdan so‘ng u Kleo taxallusli foydalanuvchidan to‘g‘ri javob oldi. Biroq javob muallifi bu yechim qanday kelib chiqqanini tushuntirmagan, umuman hech qanday qo‘shimcha izoh qoldirmagan edi.
Bu Kleoning forumdagi ikkinchi javobi edi va hozirgacha eng mashhuri hisoblanadi. Birinchisini u bir necha kun oldin e’lon qilgan, biroq yechimni topish uchun ko‘proq vaqt — deyarli 19 soat talab etilgandi. Forumning boshqa ishtirokchilari sirli matematikka qiziqib qolishdi va uning profilini tekshirishga qaror qilishdi. O‘shanda unda Gauss (buyuk nemis matematigi Karl Fridrix Gauss) va Ramanujanning (hind matematigi Srinivasa Ramanujan) ikkita iqtibosi, shuningdek, yana bir ibora keltirilgandi: “Esda tuting, siz bitta aksiomalar tizimi bilan cheklab qo‘yilmagansiz. Istalgan paytda o‘zingiznikini o‘ylab topishingiz mumkin — shunchaki intuitsiyangiz va tasavvuringizni ishga soling”.
2014-yil oxirida profil tavsifida bitkoin-hamyon manzili paydo bo‘ldi, u orqali Kleoga javoblari uchun “minnatdorchilik bildirish” mumkin edi. 2015-yil boshida ma’lumotlar yana yangilandi va o‘shandan beri o‘zgarmadi:
“Mening haqiqiy ismim Kleo, ayol kishiman. Menda shunday kasallik borki, munozaralarda qatnashish yoki uzun javoblar yozish menga qiyinchilik tug‘diradi, buning uchun meni ma’zur tuting. Men matematikani sevaman va bu saytda, javoblarim hammaga ham foydali bo‘lmasligi mumkinligini tushungan holda, foydam tegishi uchun bor imkoniyatimni ishga solaman”.
Atigi ikki yil ichida Kleo murakkab matematik masalalarga 39 ta javob e’lon qildi, eng oxirgisi — 2015-yil 31-dekabrda. Ularning barchasi to‘g‘ri va tez berilgan edi, lekin foydalanuvchi masalalarni qanday usulda yechganini tushuntiradigan hech qanday tafsilotlarsiz. Ba’zi hollarda javobning to‘g‘riligini hamjamiyatning boshqa a’zolari isbotlagan.
Kleoning javob berish uslubi forumning ba’zi ishtirokchilariga yoqmasdi. Foydalanuvchilarning g‘ashini keltirgan narsa shu ediki, ular tayyor javob olishar, lekin izoh muallifi bu yechimga qanday erishganini tushunmasdilar. Bu saytning asosiy maqsadi — hamfikrlar jamoasi bilan bilim almashishga zid edi. Ayrimlar sirli foydalanuvchining batafsil tushuntirishlar va hisob-kitoblarsiz izohlarini to‘laqonli javob deb hisoblamasdilar.
Bu ikki yil ichida Kleo forumda afsonaga aylandi, uning qiyofasi esa qo‘shimcha tafsilotlar bilan boyiy boshladi. Masalan, u atigi 15 yoshda ekanligi haqida mish-mishlar tarqaldi, vaholanki, bu uning profilida ko‘rsatilmagan edi. Forum foydalanuvchilarida esa boshqa ishonchli ma’lumot manbalari (masalan, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalar) mavjud emasdi. Uzoq vaqt davomida hamjamiyat a’zolari Kleo profili ortida kim yashiringanini aniqlashga urinishdi. Ba’zida hatto sirli hisob aynan ularga tegishli ekanligini da’vo qilgan odamlar ham paydo bo‘ldi. Lekin bu ma’lumotlar o‘z tasdig‘ini topmadi.
Kleo — men edim. Manba: X
Scientific American nashri saytida chiqadigan Science Quickly podkastining boshlovchilari 2023-yilda foydalanuvchilar tomonidan ilgari surilgan eng qiziqarli nazariyalarni eslab o‘tishdi. Masalan, hamjamiyat a’zolari Kleo nomi ortida eronlik Maryam Mirzaxoniy yashiringan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilishgandi (u 2017-yilda 40 yoshida vafot etgan). U matematika sohasidagi eng nufuzli mukofot — Filds mukofotini qo‘lga kiritgan birinchi ayol edi.
Boshqalarning fikricha, bu savollarga avstraliyalik va amerikalik matematik, Los-Anjelesdagi Kaliforniya universiteti professori Terens Tao javob berardi. Podkast boshlovchilari izoh so‘rab hatto uning o‘ziga ham murojaat qilishgan, lekin u bu mish-mishlarni rad etgan. Shuningdek, yechimlarni qandaydir superkompyuter berayotgan bo‘lishi mumkin, degan nazariyalar ham ilgari surilgan, biroq o‘sha paytlarda (hozir ham) kompyuter dasturlarining bunday murakkab integrallarni yechish imkoniyatlari juda cheklangan edi.
Eng aql bovar qilmas taxmin Stiven Xoking bilan bog‘liq bo‘lgan. Mashhur britaniyalik nazariyotchi-fizik 2018-yilda, Kleo g‘oyib bo‘lganidan ancha o‘tib vafot etgan. Ba’zi foydalanuvchilar olim shu tarzda ko‘ngil yozgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilishgan edi. Bundan tashqari, bu nazariyaga profilda tilga olingan sirli kasallik ham mos kelardi.
Shunday payt bo‘ldiki, Kleoning kim ekanligini aniqlashga urinishlar matematika forumi doirasidan tashqariga chiqib ketdi. Reddit tadqiqotlaridan birida kasallik haqidagi ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi ta’kidlangan edi. Kleoning aksariyat izohlari hozirda o‘chirib tashlangan. Biroq forum ishtirokchilarining bilvosita guvohliklariga ko‘ra, u bir paytlar javoblarni sharhlashni istamasligini kasalligi bilan emas, balki diniy sabablar bilan izohlagan va o‘zini “Namagiri kohini” deb atagan. Ushbu ma’budaga u o‘z profilida iqtibos keltirgan matematik Srinivasa Ramanujan sig‘ingan.
Boshqa bir tadqiqotda evilscientist311 taxallusli foydalanuvchi Kleoning faollik davrlarini kuzatishga va u aloqada bo‘lgan boshqa hisoblar ro‘yxatini tuzishga uringan. U umumiy fonda ajralib turadigan bir nechta hisoblarni, jumladan, Vladimir Reshetnikov va Laila Podlesny ismli profillarni aniqlagan. Oxirgi hisobdan, jumladan, javobidan so‘ng Kleoga e’tibor qaratilgan savol ham berilgan. Biroq, tadqiqot o‘tkazgan foydalanuvchi Kleo hisobining muallifligini aniq bir shaxsga bog‘lamagan va bu jamoaviy ijod mahsuli degan xulosaga kelgan.
“Shaxsan men, universitetda tanishgan bir guruh do‘stlar Kleo hisobini yaratishga qaror qilgan, deb o‘ylayman. Unda bir kishi boshqa hisoblar tomonidan e’lon qilingan masalalarga javob bergan (albatta, ular oldindan yechilgan bo‘lgan). Ular hisobni matematika fakultetida o‘qish davrining o‘rtalarida yaratishgan va uni o‘qishni tugatgunga qadar ishlatishda davom etishgan. Shundan so‘ng ular ish topib, o‘z yo‘llaridan ketishgan, shuning uchun Kleo hisobi boshqa ishlatilmagan”.
Umuman olganda, tadqiqot muallifi to‘g‘ri yo‘lda bo‘lgan, lekin unchalik aniq xulosa chiqarmagan. Ko‘rinib turibdiki, Kleo hisobi baribir bir kishiga tegishli bo‘lgan. Yanvar oyi oxirida bloger Jo Makkenn ushbu tadqiqot asosida videorolik tayyorladi. U ham forumning ba’zi foydalanuvchilari faol bo‘lgan davrlarda g‘alati holatlarni payqagan, lekin aniq xulosalar chiqarish uchun ma’lumotlar yetarli emas, deb hisobladi.
Lekin bu rolik tomoshabinlardan birini Kleo bilan eng ko‘p muloqot qilgan foydalanuvchilar o‘rtasida qandaydir bog‘liqlik bor-yo‘qligini tekshirishga undadi. Leyla Podlesnyning profilida Gmail pochta manzili ko‘rsatilgan edi. Foydalanuvchi ushbu hisobga kirishga urinib ko‘rgan, so‘ngra go‘yoki unutilgan parolni tiklashni so‘ragan. Bu unga zaxira elektron manzilining bir nechta birinchi harflarini ko‘rish imkonini bergan va ular Vladimir Reshetnikovning profilida ko‘rsatilgan elektron pochta manzili bilan bir xil bo‘lib chiqqan.
Bularning barchasi haqida Jo Makkenn 17-fevralda namoyish etilgan ikkinchi videoroligida so‘zlab berdi. Blogerning ta’kidlashicha, u Reshetnikovga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilgan hamda u Kleo va Leyla hisoblari, shuningdek, yana ikkita hisob unga tegishli ekanligini tasdiqlashga majbur bo‘lgan.
Darvoqe, Kleoning kimligi sal oldinroq, 8-fevralda ma’lum bo‘lgan edi. Chamasi, Vladimir Reshetnikov videorolikning chiqishini kutmaslikka qaror qilgan va Makkenn unga izoh so‘rab murojaat qilganidan so‘ng, o‘zining Stack Exchangeʼdagi profilida Base64 formatidagi kodlangan xabarni joylashtirdi. Reddit foydalanuvchilari uni rasshifrovka qilishdi va unda “Kleoning yaratuvchisi” iborasi yozilganini aniqlashdi. Leyla Podlesny va Oksana Gimmelning profillarida yana bir kodlangan xabar paydo bo‘ldi: “Vladimir Reshetnikov tomonidan yaratilgan Kleoning alter egosi”.
Reshetnikovning o‘zi X ijtimoiy tarmog‘ida “mea culpa” (lotinchadan tarjima qilinganda “mening aybim”) iborasi bilan Kleoning yaratilishiga aloqadorligini tasdiqladi, shuningdek, boshqa xabarlarga javoblarida ba’zi tafsilotlarni oshkor qildi. Xususan, u haqiqatni oshkor qilishni rejalashtirmagani, biroq Jo Makkenn unga dalillarni taqdim etganidan keyin shunday qilishga majbur bo‘lganini aytdi.
Vladimir Reshetnikovning so‘zlariga ko‘ra, u 45 yoshda. Uning GitHubʼdagi hisobida havola qilingan LinkedIn profilida to‘qsoninchi yillar oxirida O‘zbekiston Milliy universitetida nazariy fizika yo‘nalishida tahsil olgani ko‘rsatilgan. Reshetnikov bir necha yil Toshkentda dasturiy ta’minot ishlab chiqaruvchisi bo‘lib faoliyat yuritgan, shundan so‘ng avvaliga Rossiyaga, keyin esa AQShga ko‘chib o‘tgan. Uning hozirgi kundagi ish joyi ko‘rsatilmagan, lekin o‘tmishda u turli vaqtlarda (jami sakkiz yildan ortiq) Microsoft korporatsiyasida ishlagan. Shu jumladan, Kleoning profili faol bo‘lgan davrda ham.
Sirli matematik ayol obrazini yaratish qarorini Reshetnikov o‘zining savollari va muhokama qilishni taklif etgan matematik masalalari forum ishtirokchilarining e’tiborini tortmaganligi bilan izohladi. Makkennning aytishicha, Kleoning xabarlari aslida boshqa foydalanuvchilarga turtki bergan: izohsiz javob ularni u yoki bu integralni yechishga undagan. Shu bilan birga, blogerning ta’kidlashicha, Reshetnikov har doim ham bu javoblarning to‘g‘riligiga ishonmagan.
Foydalanuvchilar o‘n yil oldingi sirni ochib, haqiqatda hech qanday daho Kleo mavjud emasligiga ishonch hosil qilganlariga qaramay, aftidan, bu ularni unchalik xafa qilmadi. Ehtimol, ularning ko‘pchiligiga eng murakkab integrallarni osongina yechadigan sirli ayol obrazi yoqqan.
“Kleo g‘oyasining o‘zi muhim, uning haqiqatda mavjud yoki yo‘qligi emas… xuddi Iso kabi”, — deb yozgan foydalanuvchilardan biri.