Siyosat
Eduards Stiprays Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha yangi maxsus vakili bo‘ldi
1-martdan boshlab Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyodagi maxsus vakili lavozimini latviyalik diplomat Eduards Stiprays egallaydi. U 2016−2020-yillarda Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasiga rahbarlik qilgan.
Yangi favqulodda vaziyatlar vaziri tayinlandi
Bungacha bosh prokuror o‘rinbosari — harbiy prokuror lavozimida ishlagan Botir Qudratxo‘jayev Favqulodda vaziyatlar vazirligiga rahbar etib tayinlandi.
O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston yetakchilari ilk bor sammit o‘tkazadi
Tojikistonning Xo‘jand shahrida 31-mart kuni Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston rahbarlarining birinchi uch tomonlama sammiti bo‘lib o‘tadi, deb xabar berdi Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari. Sammit “mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashda muhim qadam” bo‘lishi ta’kidlandi.
Muborak tumaniga yangi hokim tayinlandi
G‘olib Murodov Qashqadaryo viloyati Muborak tumani hokimi lavozimiga tayinlandi. U bunga qadar “Hududgazta'minot"ning Qashqadaryo filiali direktori sifatida ishlab kelgan.
Iqtisodiyot
O‘zbekiston qariyb 1,5 mlrd dollar miqdoridagi suveren xalqaro obligatsiyalarni chiqardi
O‘zbekiston deyarli 1,5 mlrd dollar ekvivalentidagi suveren xalqaro obligatsiyalari jahon moliya bozoriga chiqardi. Qiymati 500 mln dollarlik obligatsiyalar 6,95 foiz, 500 mln yevroligi 5,1 foiz, 6 trln so‘m miqdoridagisi 15,5 foizdan joylashtirildi. Mablag‘ budjet defitsiti va ipoteka dasturiga yo‘naltiriladi.
Davlat xaridlarini korporativ bank kartalari orqali amalga oshirish tartibi belgilandi
Hukumat qarori bilan davlat xaridlarini korporativ bank kartalari orqali amalga oshirish tartibi belgilandi. Davlat buyurtmachilari tomonidan boshlang‘ich narxni pasaytirish uchun o‘tkaziladigan auksion savdolarida ishtirok etib, xaridlarni amalga oshirish uchun xarid kartasidan foydalanish taqiqlanadi.
Dollar so‘mga nisbatan ketma-ket sakkizinchi sessiyada pasaymoqda
Markaziy bank belgilagan AQSh dollarining so‘mga nisbatan kursi ketma-ket sakkizinchi savdo kunidirki pasaymoqda. Bu davrda milliy valyuta 0,91% yoki 120 so‘mga mustahkamlandi. Bu 20-dekabrdan beri eng past ko‘rsatkich.
Jamiyat
Foydalanuvchilar o‘n yildan ortiq vaqt shaxsini aniqlashga uringan daho matematik Kleo o‘zbekistonlik bo‘lib chiqdi
Stack Exchange matematika forumi a’zolari o‘n yildan ortiq vaqt 2014−2015-yillarda murakkab matematik savollarga to‘g‘ri javob berib, forumda afsonaga aylangan Kleoning shaxsini aniqlashga urindi. Fevralda profil egasi AQShda yashovchi o‘zbekistonlik dasturchi Vladimir Reshetnikov ekani ma’lum bo‘ldi.
Jarima ballari YPX inspektorlari tuzgan bayonnomalar asosida shakllanadi — YHXX
Haydovchilarga hisoblanadigan jarima ballari hozircha faqat YPX inspektorlari tuzgan bayonnomalar asosida shakllantiriladi. Ularni hisoblab borish esa inson omilisiz amalga oshiriladi.
Farg‘onadagi kompyuter klubda janjal ko‘targan yigitlar javobgarlikka tortildi
Farg‘ona shahridagi kompyuter klubida bir guruh yigitlar janjal ko‘tarib, xodimlarni kaltakladi. Viloyat IIB holat yuzasidan uch nafar shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.
AQShdan deportatsiya qilingan 7 nafar o‘zbekistonlik vatanga qaytarildi
AQShdan deportatsiya qilinib, Kosta Rikaga yuborilishi rejalashtirilgan 7 nafar O‘zbekiston fuqarosi Nyu York-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha vatanga olib kelindi.
O‘zbekistonlik avtobus haydovchilari Germaniyaga ishga taklif qilinmoqda
Germaniya o‘zbekistonlik avtobus haydovchilarini ishga taklif qilmoqda. Oylik maosh 3000 yevro bo‘lib, nomzodlar 43 yoshgacha, B, S haydovchilik guvohnomasi va nemis tilidan sertifikatga ega bo‘lishlari lozim.
Harbiylarga ijarada turganlik uchun to‘lanadigan har oylik kompensatsiya miqdori oshiriladi
O‘zbekistonda 2025-yil 1-martdan harbiy xizmatchilarga turar joyni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun to‘lanadigan har oylik pul kompensatsiyasi miqdori 20 foizga oshiriladi. Oila a’zolari 3 kishi va undan ortiq bo‘lgan taqdirda 50 foizga oshiriladi.
Rasmiy daromadi bo‘lmaganlarga ipoteka berishda aliment va kommunal to‘lovlari hisobga olinadi
O‘zbekistonda rasmiy daromadi bo‘lmagan fuqarolarga ipoteka berishda jarimalar, alimentlar va kommunal to‘lovlari hisobga olinadi. Barcha ma’lumotlar “Elektron hukumat” tizimi orqali yig‘iladi va yangi ball mexanizmi doirasida tahlil qilinadi.
Xorazmda erkak o‘g‘lini otib o‘ldirdi. Kelini va nevarasini esa og‘ir jarohatladi
Yangiariq tumanida 71 yoshli erkak 51 yoshli o‘g‘lini ov miltig‘i bilan otib o‘ldirdi. Shuningdek, u kelini va nevarasiga ham o‘q otib, og‘ir jarohat yetkazgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Dubayda 247 ming dollar qarz bo‘lib qolgan O‘zbekiston fuqarosiga yordam ko‘rsatildi
BAAda 24 yil noqonuniy ravishda yashab kelgan O‘zbekiston fuqarosiga yordam ko‘rsatildi. Bosh konsulxona xodimlari tomonidan amirlik vakillari bilan olib borilgan muzokaralar natijasida fuqaroning qarzlaridan voz kechish va yuzaga kelgan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha kelishuvga erishilgan.
Shoir Bahodir Iso 69 yoshida vafot etdi
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi va shoir Bahodir Iso 69 yoshida vafot etdi. U qator she’r va dostonlar yozgan, xususan, “Xayrli tun” she’riy to‘plami bilan muxlislarga yaxshi tanish.
Sobiq deputat Kobul Dusov 1 yil 2 oyga ozodlikdan mahrum etildi
Bo‘stonliq tumani kengashining sobiq deputati, bloger Kobul Dusov Jizzax viloyati ta’lim tizimi xodimlariga tuhmat va haqorat qilganlikda ayblanib, 1 yil 2 oyga ozodlikdan mahrum etildi. Avvalroq uning shartli jazosi qamoq jazosiga o‘zgartirilgan edi.
Toshkentdagi bog‘chada tarbiyachi bolani stulga skotchlab qo‘ydi
Yunusobod tumanidagi xususiy bog‘chada tarbiyachi va uning yordamchisi ovqat yemagani uchun tarbiyalanuvchini kursiga skotchlab qo‘ydi. Tashkilot ma’muriyati xodimlarni ishdan bo‘shatdi. Holat yuzasidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda.
Buxoroda tanishini pichoqlab o‘ldirib, uning onasini jarohatlagan erkak 23 yilga qamaldi
Kogon shahrida 53 yoshli erkak kelishmovchilik sabab tanishini pichoqlab o‘ldirib, uning onasini jarohatlagandi. Sud unga nisbatan uzil-kesil 23 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinladi.
O‘zbekistonga kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan 48 kg narkotik vositalar musodara qilindi
Surxondaryo, Namangan va Andijon viloyatlarida qo‘shni mamlakatlardan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan 48 kilogrammdan ortiq narkotik vositalari aniqlanib, musodara qilindi.
Bolaga zo‘ravonlik bo‘yicha murojaatlarning 28 foizi ota-ona yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tazyiqiga oid — Surayyo Raxmonova
2024-yilda bolalar ombudsmaniga bolaga nisbatan zo‘ravonlikka oid murojaatlarning 28 foizi ota-ona yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarning tazyiqiga oid bo‘ldi. “Bu fakt bola himoyasida eng avvalo oila alohida e’tibor markazida bo‘lishi zarurligini anglatadi”, — dedi bolalar ombudsmani Surayyo Raxmonova.
Guliston shahrini ichimlik suvi bilan uzluksiz ta’minlash 1-iyulga qadar yakunlanadi
Prezident Guliston shahrini ichimlik suvi bilan uzluksiz ta’minlashni 1-iyulga qadar yakunlashni topshirdi. Sirdaryo viloyatining 900 gektar yer maydonida sanoat zonalari tashkil qilish rejalashtirilgan. Viloyatdan o‘tgan magistral yo‘l bo‘ylarida savdo-servis shoxobchalari tashkil etiladi.
2024-yilda bolalar ombudsmaniga murojaatlar soni 2,4 baravarga ko‘paydi
2024-yilda bolalar ombudsmani nomiga 2023-yilga nisbatan 2,4 baravar ko‘proq — 1064 ta murojaat kelib tushdi. Murojaatlarning eng ko‘pi Toshkent shahri va viloyati hamda Qashqadaryo viloyatidan, eng kami esa Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Navoiy viloyatidan yo‘llangan.
Ayrim notarial xizmatlar uchun komissiya miqdori oshirildi
O‘zbekistonda notarial xizmatlar uchun komissiya miqdorlari o‘zgartirildi. Ko‘chmas mulk va avtotransport vositalarini boshqa shaxsga o‘tkazish bo‘yicha maslahat berish BHMning 15 foizigacha, ko‘chmas mulkni o‘tkazish bo‘yicha notarial tasdiqlangan shartnomalarni tayyorlash BHMning 30 foizigacha bo‘lgan miqdorda oshirildi.
Homiylik mablag‘lari yig‘ishning aniq tartibini belgilash rejalashtirilmoqda
Qonunchilik palatasida homiylik faoliyatini amalga oshirish tartibini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi. Hujjat bilan homiylik mablag‘lari yig‘ishning aniq tartibini belgilash rejalashtirilmoqda.
Ayrim asbob-uskunalarni sug‘urtalash xarajatlarining bir qismi qoplab beriladi
Hukumat qarori bilan import qilinadigan ayrim asbob-uskunalarni sug‘urtalash hamda xomashyo va materiallarni sertifikatlash xarajatlarining bir qismini qoplab berish bo‘yicha nozim tasdiqlandi. Tartib 2025-yil oxiriga qadar amal qiladi.
O‘zbekistonda “G‘alabaning 80 yilligi” esdalik medali ta’sis etildi
Prezident “Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 80 yilligi” esdalik yubiley medalini ta’sis etdi. U urush qatnashchilari va ularga tenglashtirilgan shaxslarga, shuningdek, mehnat fronti faxriylariga beriladi.
Jahon
Xitoyda tug‘ilish darajasini oshirish uchun nikoh yoshini 18 yoshgacha pasaytirish taklif qilindi
Xitoyda tug‘ilish imkoniyatlarini oshirish va “reproduktiv salohiyatni ro‘yobga chiqarish” maqsadida nikoh uchun qonuniy yoshni 18 yoshgacha pasaytirish taklif etilmoqda. Hozir bu erkaklar uchun 22, ayollar uchun esa 20 yosh bo‘lib, dunyodagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biridir.
Kanadada Maskni fuqarolikdan mahrum qilish bo‘yicha petitsiya paydo bo‘ldi
Kanadada 5 kun ichida 230 mingdan ortiq aholi milliarder Ilon Maskka qarshi petitsiyani imzoladi. Unda Maskdan Kanada fuqaroligini olib qo‘yish nazarda tutilgan. Bu Maskning Kanadani qo‘shib olish bilan bir necha bor tahdid qilgan Tramp bilan aloqasi tufayli ro‘y berdi.
Yevropa Ittifoqi Ukrainaga muhim minerallar bo‘yicha o‘z bitimini taklif qildi
Yevropa Ittifoqi Ukrainaga AQShning muhim minerallar bo‘yicha kelishuviga muqobil variantni taklif qildi va “o‘zaro manfaatli hamkorlik"ka va’da berdi. Shu bilan birga, Tramp bir kun avval AQSh va Ukraina kelishuvga “juda yaqin” ekani va uni yaqin ikki hafta ichida imzolashi mumkinligini ta’kidladi.
Bizni o‘qiyotganingiz uchun rahmat!