AQSh tomoni bilan olib borilgan muzokaralar natijasida Kosta Rikaga yuborilishi rejalashtirilgan, lekin vatanga qaytish niyatida bo‘lgan 7 nafar fuqaro 24-fevral kuni O‘zbekistonga yetib keldi, deb xabar bermoqda TIV matbuot kotibi Ahror Burhanov.
Aniqlik kiritishicha, ular Nyu York — Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha olib kelingan. Boshqa tafsilotlarga to‘xtalinmadi.
Bir necha kun oldin O‘zbekiston o‘z fuqarolarini Qo‘shma Shtatlardan xavfsiz deportatsiya qilish masalalari bo‘yicha AQSh va Lotin Amerikasi davlatlari rasmiylari bilan aloqada bo‘lib turgani haqida xabar berilgandi. AQShdagi diplomatik vakolatxonalar so‘rovlarni qabul qilishda “qayerda bo‘lishidan qat’i nazar, barcha fuqarolarga to‘liq yordam ko‘rsatadi”, deya ta’kidlagandi TIV.
- 14-fevral kuni ikki davlat o‘rtasidagi kelishuvni amalga oshirish doirasida AQShdan bir qator davlatlar, jumladan, O‘zbekistondan kelgan birinchi reys Panamaga yetib borgan. Deportatsiya qilinganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari soni haqida ma’lumot berilmagan.
- 20-fevral kuni AQSh chegarasini noqonuniy kesib o‘tgan 200 nafar migrant (Markaziy Osiyo va Hindiston fuqarolari) Kosta Rikaga jo‘natilgan. Bu Panamaga reysdan keyingi ikkinchi amaliyot bo‘ldi. Ular olti haftagacha muddatda vataniga qaytariladi, bu vaqt davomida ular migrantlarni saqlash markazida bo‘ladi.
- 2023-yil dekabr oyida AQSh O‘zbekistonga noqonuniy kirib kelgan 119 nafar fuqarosini mamlakatdan chiqarib yuborgandi. AQSh elchixonasi O‘zbekiston fuqarolarini Qo‘shma Shtatlarga borish uchun “xavfsiz va qonuniy” yo‘ldan foydalanishga chaqirgan va noqonuniy kiruvchilar “tezda chiqarib yuborilishi”ni ta’kidlagan. Diplomatik vakolatxona, shuningdek, AQSh AQShda qolish uchun qonuniy asosga ega bo‘lmagan o‘zbekistonliklarni chiqarib yuborish uchun O‘zbekiston hukumati bilan “yaqin hamkorlik qilayotgani”ni ta’kidlagandi.