Shavkat Mirziyoyev Guliston shahrini uzluksiz ichimlik suvi bilan ta’minlashga zarur mablag‘ ajratish va bu ishlarni 2025-yil 1-iyulga qadar yakunlashni topshirdi. Topshiriq 25-fevral kuni Sirdaryo viloyati iqtisodiyotini rivojlantirish, ish o‘rinlari va investitsiyalarni ko‘paytirish bo‘yicha 2025-yilgi rejalar muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda berildi.
Shuningdek, viloyatning qariyb 900 gektar yer maydonida sanoat zonalari tashkil qilinishi mo‘ljallangan. Bu 5 milliard dollar investitsiyaga va 20 mingdan ortiq yangi ish o‘rniga zamin bo‘ladi. Loyihalar Sirdaryo, Shirin, Boyovut, Xovos, Mirzaobod, Guliston, Oqoltin va Sardobada joylashadi.
Viloyat geografik jihatdan O‘zbekistonning markaziy qismida, bir nechta xalqaro avtomagistral kesishmasida joylashgan bo‘lib, bir kecha-kunduzda 311 mingta transport vositalari o‘tadi. Shunga ko‘ra, tadbirkorlar bu yo‘llar bo‘yida yuzlab savdo shoxobchalari ochishga tayyorligini bildirgan. Shu kabi 500 ming kvadrat metr savdo-servis maydoni tashkil etib, 50 ming odamning bandligini ta’minlash imkoniyati bor.
Viloyatda kartoshka, piyoz, maymunjon, qorag‘at va olcha maydonlari kengaytiriladi. Tomorqa, dala va kanallar chetidagi 38 ming gektarga qayta ishlovchi va eksportchilar biriktiriladi.
8 ta tumandagi past rentabelli 25 ming gektar yer sholi yetishtirishga o‘tkaziladi. Sholichilik korxonalarini qo‘llab-quvvatlash uchun mahsulotning 50 foizini eksport qilishga ruxsat beriladi.
Viloyatda mingdan ziyod xonadonning qurilganiga ellik yildan oshgan. Renovatsiya dasturi asosida, ularning o‘rnida 15 ming xonadonli zamonaviy uy-joylar qurilishi ko‘zda tutilgan. Bu borada Marg‘ilon shahri, Do‘stlik tumanidagi ijobiy tajribalar o‘rganiladi.
Yangi xonadonlar arzon bo‘lishi uchun developerlarga soliq, bojxona imtiyozlari beriladi. Shuningdek, viloyatdagi yo‘l, elektr, uy-joy, irrigatsiya, bog‘cha, maktab va boshqa ijtimoiy obyektlarni yangilashga 100 million dollar yo‘naltiriladi.
Shuningdek, Guliston va Shirin shaharlarda urbanizatsiya jarayonlarini jadallashtirish maqsadida ularning hududini kengaytirish taklifi ma’qullandi.
Umuman, bunday imkoniyatlar evaziga 2025-yilda 2 milliard dollar investitsiya jalb etib, eksportni 500 million dollarga yetkazish vazifasi belgilandi. Buning natijasida 16 mingdan ziyod yangi ish o‘rni ochilishi, kambag‘allik darajasi 7,4 foizga tushishi qayd etildi.