Qonunchilik palatasining 25-fevral kungi majlisida homiylik faoliyatini amalga oshirish tartibini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi muhokama qilindi. Bu haqda quyi palata axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, yig‘ilishda qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan muhokama qilinib, qabul qilindi. Loyiha homiylik faoliyati subektlariga nisbatan davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning samarali mexanizmlarini joriy qilishni nazarda tutadi.

Shu bilan birga, hujjat bilan homiylik tashkilotlarining faoliyati ochiqligini va fuqarolarning ularga nisbatan ishonchini oshirish hamda homiylik faoliyatini amalga oshirish uchun pul mablag‘larini yig‘ishni qonuniy tartibga solish rejalashtirilmoqda.

Loyihada homiylikni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha mexanizmlari, homiylik xayriyalarini yig‘ish, xayriya qutisini o‘rnatish va undan foydalanish tartiblari shuningdek, homiylik xayriyalari to‘g‘risidagi axborotni oshkor etish va bu jarayonning ochiqligini ta’minlash shartlari belgilanmoqda.

Qonun loyihasining qabul qilinishi homiylik xayriyalarini yig‘ish tartibini buzishning oldini olish, homiylik tashkilotlari faoliyatining shaffofligini ta’minlash hamda ularga nisbatan fuqarolarning ishonchini ortishiga xizmat qiladi, deyiladi palata axborotida.