Rasmiy daromadga ega bo‘lmagan fuqarolar xarajatlarining skoringi (bahosi) asosida ipoteka kreditlarini olishlari mumkin bo‘ladi. Bu prezidentning 21-fevraldagi “Ipoteka bozorini rivojlantirish to‘g‘risida”gi qarorida ko‘zda tutilgan.
Ularning to‘lov qobiliyatini baholashda kommunal to‘lovlar (elektr energiyasi, gaz, sovuq va issiq suv, maishiy chiqindilar), ma’muriy huquqbuzarlik uchun qo‘llangan va YHXX orqali to‘langan jarimalar, shuningdek, sud qarorlari asosida belgilangan va to‘langan aliment to‘lovlari bo‘yicha oxirgi 12 oy davomidagi xarajatlar hisobga olinadi.
Rasmiy daromadi bo‘lmagan fuqarolarni aniqlash, ularni identifikatsiya va skoring qilish uchun kredit byurolariga “Elektron hukumat” tizimi orqali Soliq qo‘mitasi ma’lumotlaridan foydalanish imkoni beriladi.
Iste’molchilarga kommunal xizmatlar uchun hisob-kitob qilish va hisobvaraqlardagi mablag‘larni nazorat qilish imkoniyatini yaratish maqsadida:
- to‘lov tizimi “Mening uyim” billing platformasi bilan integratsiya qilinadi;
- iste’molchining bank hisob raqami uning shaxsiy identifikatsiya raqamiga (JSHSHIR) bog‘lanadi;
- hisob raqami hisoblagich raqami, hisoblagich ko‘rsatkichi va to‘lov tarixi haqida ma’lumotni o‘z ichiga oladi.
Vazirlar Mahkamasiga rasmiy daromadga ega bo‘lmagan fuqarolarga ipoteka kreditlari ajratish, shuningdek, ularning to‘lov qobiliyatini xarajatlar hisobiga baholash tartibini takomillashtirish maqsadida “Elektron hukumat” tizimining idoralararo integratsiya platformasiga zarur ma’lumotlarning o‘z vaqtida va uzluksiz uzatilishini ta’minlash topshirildi.
Yangi baholash tartibi 1-iyulgacha amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, 2026-yildan boshlab eskrou tizimi doirasida qurilishi 50 foizga yakunlangan uy-joy uchun kredit va subsidiyalar olishga ruxsat beriladi. Ushbu qoida imtiyozli va tijorat ipotekalariga nisbatan qo‘llanadi.
Prezident yanvar oyida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda xorijga ishlashga ketganlar O‘zbekistonda rasmiy daromadi yo‘qligi tufayli ipoteka krediti va subsidiya ololmayotganini ta’kidlagandi. Hozirda O‘zbekistonda rasmiy daromadi yo‘q, degan bahona bilan xorijda mehnat qilayotgan fuqarolarga kredit va subsidiyalar berilmayapti.
Davlat rahbari mamlakatga olti oy ichida muntazam pul jo‘natayotgan fuqarolar daromadini hisobga oladigan tizim yaratishga topshiriq bergandi.
3-mart kuni soat 09:00 dan ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiya olish uchun arizalar qabuli boshlanadi. Ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiyalar soni o‘tgan yilga nisbatan 1,5 baravarga oshirildi.
“Gazeta.uz” yanvar-sentabr oylarida O‘zbekistonda ipoteka kreditlari hajmi 2023-yilning shu davriga nisbatan 4,1 foizga — 11,7 trln so‘mga, oluvchilar soni esa qariyb 20 foizga kamaygani haqida yozgandi. Shuningdek, ajratilayotgan ipotekalarning o‘rtacha miqdori 19,9 foizga — 274 mln so‘mga, banklarning foiz stavkalari esa 23,8 foizdan 25 foizga oshgan.