24-fevral kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Arnasoy tuman sudida sobiq deputat va bloger Kobul Dusov ishi bo‘yicha ochiq sud jarayoni yakunlandi. Sud uni bir qator ayblovlar bo‘yicha aybdor deb topib, hukmni e’lon qildi, deb xabar berdi Oliy sud axborot xizmati.

Sud jarayoni jinoyat ishlari bo‘yicha Arnasoy tuman sudi raisi Sh. Eshimov raisligida birinchi instansiyada ko‘rib chiqildi.

Qayd etilishicha, sud sudlanuvchining jinoyat sodir etishdagi aybi jabrlanuvchilar va guvohlarning ko‘rsatmalari, sudga oid lingvistik ekspertiza xulosasi, yozuvlar skrinshoti hamda jinoyat ishi bo‘yicha barcha to‘plangan, tekshirilgan, ishga aloqadorligi, maqbulligi va ishonchliligi nuqtai nazaridan baholangan dalillar bilan to‘liq isbotlangan deb hisobladi.

Sud hukmiga ko‘ra, Kobul Dusov Jinoyat kodeksining 139-moddasi 3-qismi “a”, “g” bandlari (Og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyat sodir etishda ayblab, g‘arazgo‘ylik yoki boshqa past niyatlarda tuhmat qilish) va 140-moddasi 3-qismi “a” bandi (Jabrlanuvchini o‘z xizmat yoki fuqarolik burchini bajarishi munosabati bilan bog‘liq holda haqorat qilish) bilan fuqaro M.Eshimqulovga, Jinoyat kodeksining 139-moddasi 3-qismi “a”, “g” bandlari bilan fuqarolar O. Kamolova va Sh. Hasanovaga oid ayblov epizodlari bo‘yicha ifodalangan jinoiy hodisa yuz bermagani sababli aybsiz deb topilib, Jinoyat protsessual kodeksining 83-moddasi 1-bandiga asosan oqlandi.

Kobul Dusov 4 nafar jabrlanuvchiga (Jizzax viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tizimi mas’ullari N. Yalgasheva, O. Kamolova, Sh. Hasanova va S. Suyarova) Jinoyat kodeksining 139-moddasi 3-qismi “a” bandi va 140-moddasi 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi. Unga Jinoyat kodeksining 59-moddasi (Bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash), 59-moddasi 8-qismi va 61-moddasi (Jazolarni qo‘shishning hisobla qoidalari) tartibida uzil-kesil o‘tash uchun 1 yil 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni manzil-koloniyalarda o‘tash belgilandi.

Mazkur jinoyat ishi bo‘yicha manfaatdor taraflarga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararlarni undirish yuzasidan fuqarolik sud ishlarini yuritish tartibida sudga murojaat qilish huquqlari mavjudligi tushuntirilgan.

Birinchi instansiya sudining hukmi ustidan taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Jizzax viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga apellyatsiya/kassatsiya tartibida shikoyat berish va protest keltirishga haqliligi ma’lum qilingan.

Eslatib o‘tamiz, Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudining 2024-yil 22-noyabrdagi hukmi bilan Kobul Dusov Jinoyat kodeksining 140-moddasida (Haqorat qilish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga 1 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangandi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudining 24-yanvardagi ajrimiga muvofiq esa Kobul Dusovga nisbatan tayinlangan va o‘talmay qolgan 11 oy 2 kun ozodlikni cheklash jazosi shu muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga almashtirilib, jazoni manzil-koloniyalarda o‘tash belgilangan edi. Yashnobod tuman IIO FMB probatsiya bo‘limi tomonidan sudga kiritilgan taqdimnomada Kobul Dusov axloqan tuzalish yo‘liga o‘tmagani, uning cheklov va taqiqlarga rioya etmasdan jazo o‘tashdan qasddan bo‘yin tovlab kelayotgani, bir necha marotaba u bilan olib borilgan profilaktik suhbatlardan o‘ziga ijobiy xulosa chiqarmayotgani ko‘rsatilgan.