Prezident Shavkat Mirziyoyev farmoni bilan “Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 80 yilligi” esdalik yubiley medali ta’sis etildi.
Medal bilan O‘zbekiston fuqarolari — “1941−1945-yillardagi Ulug‘ Vatan urushida Germaniya ustidan qozonilgan g‘alaba uchun” va “Yaponiya ustidan qozonilgan g‘alaba uchun” medallari bilan taqdirlanganlar, urush yillarida jangovar xizmatlari uchun boshqa orden va medallar bilan mukofotlangan yoki urush qatnashchisi guvohnomasiga yoxud Vatan urushi nogironi guvohnomasiga ega bo‘lgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari taqdirlanadi.
Bundan tashqari, medal bilan Ikkinchi jahon urushi yillarida front ortida mehnat qilgan faxriylar, shu jumladan, “1941−1945-yillar Ulug‘ Vatan urushidagi shavkatli mehnati uchun”, “Mehnatdagi jasorati uchun”, “Mehnatda o‘rnak ko‘rsatganligi uchun” medallari yoki urush yillarida fuqarolarni ixtiyoriy ravishda harbiy xizmatga qabul qilgani to‘g‘risidagi guvohnomaga ega bo‘lgan mehnat fronti qatnashchilari ham taqdirlanadi.
Mukofotlanganlar ro‘yxati Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Bandlik va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi bilan birgalikda tasdiqlanadi.
Medallar bir martalik pul mukofoti bilan birga 9-may Xotira va qadrlash kunida topshiriladi.