24-fevral kuni “O‘zbekiston Respublikasi prezidentining ayrim qarorlariga harbiy xizmatchilarni ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi prezident qarori [PQ-71-son] qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar qildi.
Qarorga ko‘ra, prezidentning ayrim qarorlariga quyidagilarni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritildi:
- 2025-yil 1-martdan harbiy xizmatchilarga turar joyni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun to‘lanadigan har oylik pul kompensatsiyasi miqdori 20 foizga oshiriladi;
- 2025-yil 1-iyundan qonunchilik hujjatlariga muvofiq tasdiqlanadigan ipoteka kreditlarini ajratish ko‘rsatkichlari asosida uy-joy bilan ta’minlanadigan, kalendar hisobida 10 yildan ortiq harbiy xizmatni o‘tagan harbiy xizmatchilarga turar joy sotib olish (qurish) uchun ipoteka krediti olinishida ajratiladigan dastlabki badal miqdori uy-joy hisoblangan qiymatining 35 foizi miqdorida belgilanadi.
Prezidentining 2005-yil 30-iyundagi PQ-112-son qaroriga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra:
a) 2025-yil 1-martdan yil yakunigacha Qurolli Kuchlarning kontrakt bo‘yicha xizmat qilayotgan, amaldagi sarf-xarajatlar doirasida turar joy bilan ta’minlanmagan oddiy askar, serjant va ofitserlar tarkibidagi harbiy xizmatchilariga turar joyni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun:
- Toshkent shahrida — BHMning 4,8 baravarigacha miqdorda;
- Nukus shahri va viloyatlar markazlarida — BHMning 3,6 baravarigacha miqdorda;
- boshqa shaharlar, tuman markazlari va aholi punktlarida — BHMning 2,4 baravarigacha miqdorda har oylik pul kompensatsiyasi to‘lovlari belgilandi.
Oila a’zolari 3 kishi va undan ortiq bo‘lgan taqdirda harbiy xizmatchilarning ushbu pul kompensatsiyasi miqdorlari 50 foizga oshiriladi.
2026-yildan har yili har oylik pul kompensatsiyasi to‘lovlari miqdori hududlar kesimida turar joy ijarasining bozor narxlaridan kelib chiqqan holda, Hukumat qarori bilan belgilab boriladi.