Yevropa Ittifoqi Ukrainaga “o‘ta muhim resurslar”dan foydalanish bo‘yicha muqobil kelishuv tuzishni taklif qildi. Bu haqda sanoat strategiyasi bo‘yicha yevrokomissar Stefan Sejurne ma’lum qildi, deb yozadi Politico.
“Yevropa uchun zarur bo‘lgan 30 ta muhim materialdan 21 tasi Ukraina tomonidan o‘zaro manfaatli hamkorlik doirasida taqdim etilishi mumkin”, — dedi Sejurne. U aynan qaysi resurslar haqida gap ketayotganiga aniqlik kiritmadi.
Sejurnening so‘zlariga ko‘ra, u tegishli taklifni Ukraina rasmiylariga 24-fevral kuni Kiyevga tashrifi chog‘ida bergan, u yerda Ukraina hamkorlarining sammiti bo‘lib o‘tgan.
“Yevropaning qo‘shimcha qiymati shundaki, biz hech qachon o‘zaro manfaatli bo‘lmagan kelishuvni so‘ramaymiz”, — dedi Sejurne (AFP iqtibosi).
YeI taklifi Ukraina va AQSh o‘rtasidagi tabiiy resurslar bo‘yicha kelishuv muhokamasi fonida yangradi. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy, Amerika ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, ikki marta bitimni imzolashdan bosh tortgan va unda AQSh tomonidan xavfsizlik kafolatlari yo‘qligini ta’kidlagan.
New York Times ma’lumotlariga ko‘ra, 21-fevraldagi kelishuv variantiga ko‘ra, Kiyev AQSh bilan qo‘shma fond yaratishga rozi bo‘lishi kerak, unga Ukrainaning tabiiy resurslardan olingan davlat daromadlari yo‘naltiriladi. Kelgusida jamg‘armaning 100 foiz mulki AQShga biriktiriladi va uning miqdori 500 milliard dollar etib belgilanadi — bu miqdorni AQSh prezidenti Tramp allaqachon ko‘rsatilgan Amerika yordami evaziga Ukrainadan talab qilmoqda. Shu bilan birga, nashrning ta’kidlashicha, hujjat AQSh tomonidan xavfsizlik bo‘yicha hech qanday aniq majburiyatlarni nazarda tutmaydi.
Zelenskiy Ukrainaning AQShdan 500 mlrd dollar qarzini tan olmasligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, gap AQSh grant sifatida ajratgan 100 mlrd dollardan ortiq bo‘lmagan mablag‘ haqida ketmoqda. “Men ukrainaliklarning 10 avlodi to‘laydigan narsaga imzo chekmayman”, — dedi u yakshanba kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida.
Biroq Tramp 24-fevral kuni AQSh va Ukraina nodir metallar “va boshqa turli narsalar” bo‘yicha “yakuniy kelishuvga juda yaqin” ekanini ma’lum qildi. Shuningdek, u yaqin ikki hafta ichida Zelenskiy bilan uchrashib, kelishuvni imzolashini ta’kidladi.