Uzdiplomat internet nashri ta’sischisi hisoblanuvchi Web Factor Media mas’uliyati cheklangan jamiyati Mufasa taxallusi bilan faoliyat yurituvchi bloger Mirsaid Haydarov ustidan sudga murojaat kiritdi. Bu haqda MChJ direktori, jurnalist Nozima Toshpo‘latova o‘zining Telegram kanalida ma’lum qildi.

“Inson har bir haqorati va tuhmati uchun javob berishi kerak. Ijtimoiy tarmoqlar hamma xohlaganini yozadigan joy emas. Biz shantajchi emasmiz va buni isbotlaymiz”, — deb yozadi MChJ direktori.

Oliy sud axborot xizmati rahbari Aziz Abidov “Gazeta.uz"ga da’vogar Web Factor Media Toshkent shahri fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirobod tumanlararo sudiga javobgar Mirsaid Xaydarovga nisbatan fuqaroning hayoti, sog‘lig‘i, sha’ni va obro‘siga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash haqidagi da’vo arizasi bilan murojaat qilganini tasdiqladi.

Aziz Abidovning qayd etishicha, mazkur fuqarolik ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud majlisi 2025-yil 12-mart kuni soat 10:30 ga tayinlangan.

Eslatib o‘tamiz, jurnalist Anora Sodiqova ham Mirsaid Haydarovni sudga bergan edi. U bloger tomonidan ijtimoiy tarmoqlardagi turli anonim kanallarda o‘z sha’ni, qadr-qimmati kamsitilgani va tuhmatga uchragani haqida shikoyat kiritgan. Sud majlisi 26-fevral kuni fuqarolik ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumanlararo sudida bo‘lib o‘tadi.