Kanadaning 230 mingdan ortiq aholisi Donald Tramp bilan ittifoqi tufayli Ilon Maskni Kanada fuqaroligidan mahrum qilishga chaqiruvchi parlament petitsiyasini imzoladi, deb xabar berdi The Guardian.
Janubiy Afrikada tug‘ilgan va AQShning elektromobil ishlab chiqaruvchi Tesla, shuningdek, SpaceX aerokosmik kompaniyasi va X (sobiq Twitter) ijtimoiy media platformasiga egalik qiluvchi Mask onasi orqali Kanada fuqaroligiga ega. Model va diyetolog Mey Mask Kanadaning Saskachevan provinsiyasi markazi Rejayna shahridan.
20-fevral kuni berilgan arizada Mask Trampga maslahatchi bo‘lib, “Kanadaning milliy manfaatlariga zid faoliyat bilan shug‘ullanganlikda” ayblandi.
“Tramp Kanada mahsulotlariga keskin bojlar joriy etish bilan tahdid qilish va AQSh mamlakatni anneksiya qilishi bilan ochiqchasiga maqtanish orqali Kanadaning 40 millionlik aholisining nafratiga sazovor bo‘ldi”, — deyiladi xabarda.
Petitsiyada ta’kidlanishicha, Maskning Tramp bilan hamfikrligi uni “Kanada suverenitetini yo‘q qilishga urinayotgan xorijiy hukumat a’zosi”ga aylantiradi. Unda Kanada bosh vaziri Jastin Tryudodan Maskning Kanada pasportini olib qo‘yish va zudlik bilan uning fuqaroligini bekor qilish so‘raladi.
Tramp Tryudoni ko‘pincha “gubernator” deb masxara qilgan, bu nom AQSh shtatlari rahbarlariga beriladi. Mask 2022-yilda 44 milliard dollarga sotib olgan X ijtimoiy tarmog‘ida Tryudoga yanvar oyida bunday murojaat qilganди: “Qizaloq, sen endi Kanadaning gubernatori emassan, shuning uchun nima desang ham farqi yo‘q”. Gap shundaki, 2015-yildan beri Kanada bosh vaziri va Liberal partiya yetakchisi bo‘lib kelgan Jastin Tryudo yanvar boshida o‘z iste’fosini e’lon qilgandi. Tryudo partiya yangi nomzodni tanlaguncha lavozimida qoladi.
Kanadaning Jamoatchilik palatasi 24-mart kuni o‘z ishini davom ettirishi rejalashtirilgan, biroq mamlakat parlament a’zolari qaytishidan oldin umumiy saylovlar o‘tkazishi mumkin. Yuqoridagi petitsiyani imzolash muddati 20-iyunda tugaydi.
Kanadaning CTV News telekanalining xabar berishicha, mamlakat ayrim hollarda, jumladan, firibgarlik, odamlar o‘zini yolg‘on ma’lumotlar orqali tanishtirishi, immigratsiya yoki fuqarolik arizasi bo‘yicha ma’lumotlarni qasddan yashirish holatlarida fuqarolikdan mahrum qilishi mumkin. Kanada qonunchiligiga ko‘ra, shaxs turli sabablarga ko‘ra o‘z fuqaroligidan ham voz kechishi mumkin.
Kanada fuqaroligi bekor qilingan shaxs uni qaytarib olish uchun 10 yil kutishi kerak, deya qo‘shimcha qildi CTV News.