O‘zbekistonda haydovchilarga hisoblanadigan jarima ballari faqatgina YPX inspektorlari tuzgan bayonnomalar asosida shakllanadi. Bu haqda YHXX boshlig‘i o‘rinbosari Erali Bozorov.

“Xalqimizning kelib tushgan takliflari va ijtimoiy holatni inobatga olgan holda faqat yo‘l patrul xizmati inspektori tomonidan rasmiylashtirilgan ma’muriy bayonnoma asosida ballik tizimga o‘tiladi. Qoidabuzarliklarni bazada hisoblash IIV YHXX tomonidan elektron tarzda amalga oshiradi. Bu yerda inson omili bo‘lmaydi”, — dedi Erali Bozorov.

Daryo`ning YHXXga tayanib ma’lum qilinishicha, kelgusida kamera va radarlarga tushganda yoziladigan jarimalarni ham 12 ballik tizimga qo‘shib hisoblash rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, 20-fevral kuni haydovchilarga jarima ballarini hisoblaydigan 12 ballik tizim joriy etilishi to‘g‘risidagi qonun qabul qilindi.

Jarima ballari belgilangan huquqbuzarliklardan biri birinchi marta sodir etilgan kundan e’tiboran bir yil davomida hisoblab boriladi. Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarliklar uchun hisoblangan jarima ballari bir yil o‘tgach transport vositasining haydovchisidan avtomatlashtirilgan tarzda yechiladi.

Hisoblangan jarima ballari bir yil davomida 12 balldan oshgan hollarda, oxirgi sodir etilgan huquqbuzarlik uchun belgilangan tartibda qo‘shimcha jazo tariqasida haydovchi transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilinadi. Bunday huquqdan mahrum qilish muddati 6 oydan kam bo‘lmasligi belgilandi.

Qonunga ko‘ra (Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan), quyidagi huquqbuzarliklar uchun MJTKning yangi 34−1-moddasi bo‘yicha jarima ballari hisoblanadi:

  • 125-moddaning 3-qismi (Haydovchilarning tormoz tizimida, rul boshqaruvida yoki ulovchi qurilmada nosozligi bo‘lgan yoxud tegishli ruxsatnomasiz qayta jihozlangan transport vositalarini boshqarishi);
  • 125-moddaning 5-qismi (Foydalanish belgilangan tartibda man etilgan transport vositalarini, xuddi shuningdek davlat raqam belgisi o‘zboshimchalik bilan yechib olingan transport vositalarini boshqarish);
  • 126-modda (Ko‘zgusimon va (yoki) tusi o‘zgartirilgan (qoraytirilgan) oynali, shuningdek tevarak-atrofni ko‘rishni cheklaydigan qoplamali transport vositalaridan foydalanish);
  • 127-moddaning 1-qismi (Tovush signalini sababsiz berish, transport vositalariga uni ishlab chiqargan korxona nazarda tutmagan tovush chiqaruvchi va yorituvchi qurilmalarni o‘rnatish, xuddi shuningdek ularni o‘zgartirib o‘rnatish);
  • 128-modda (Haydovchilarning transport vositalarini piyodalar yo‘lkalaridan yurgizishi, yo‘l belgilari va yo‘l harakatining boshqa qoidalari talablariga rioya etmasligi);
  • 128−3-modda (Transport vositalari haydovchilarining belgilangan harakat tezligini oshirib yuborishi);
  • 128−4-moddaning 2-qismi (Transport vositalari haydovchilarining svetoforning taqiqlovchi signaliga yoki yo‘l harakatini tartibga soluvchining taqiqlovchi ishorasiga bo‘ysunmasdan to‘xtash chizig‘ini bosib kirishi va o‘tishi);
  • 128−5-modda (Transport vositalari haydovchilarining xalaqit berishi yoki avariya holatini yuzaga keltirishi, yo‘lning qarama-qarshi harakatlanish uchun mo‘ljallangan tomoniga yoki bo‘lagiga chiqishi);
  • 128−6-modda (Transport vositalari haydovchilarining to‘xtash yoki to‘xtab turish qoidalarini buzishi);
  • yangi 128−7-modda (Transport vositasida odam tashish tartibini buzish);
  • yangi 128−8-modda (Transport vositalarini quvib o‘tish tartibini buzish);
  • 129-modda (Transport vositalari haydovchilarining yo‘l harakati xavfsizligiga tahdid soluvchi guruh bo‘lib harakat qilishda qatnashishi);
  • 130-modda (Transport vositalari haydovchilarining temir yo‘lning o‘tish joylaridan o‘tish qoidalarini buzishi);
  • 135-moddaning 1-qismi (Transport vositalarini boshqarish huquqini beruvchi hujjatlari, transport vositasini ro‘yxatdan o‘tkazganlik to‘g‘risidagi, shuningdek transport vositasiga egalik qilish, egasi yo‘qligida undan foydalanish yoki uni tasarruf etish huquqini tasdiqlovchi hujjatlari, transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha sug‘urta polisi, qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda esa litsenziya kartochkasi yoki yo‘l varaqasi, yuridik shaxslarning transport vositalari haydovchilarining, shu jumladan yo‘lovchi yoki yuk tashish faoliyatini amalga oshiruvchi haydovchilarning malaka oshirishdan o‘tganligi to‘g‘risidagi sertifikati (transport vositalarini boshqarish huquqini beruvchi guvohnomani almashtirish yoki yo‘qolgan guvohnoma o‘rniga boshqasini berish hollarini istisno qilgan holda, guvohnoma olingan paytdan e’tiboran ikki yillik davr bundan mustasno) yonida bo‘lmagan haydovchilarning transport vositalarini boshqarishi, xuddi shuningdek ishonchnomalarni, transport vositalarini boshqa shaxsga o‘tkazish va ijaraga berish shartnomalarini ro‘yxatdan o‘tkazmasdan (hisobga qo‘ymasdan) transport vositalarini boshqarish);
  • 137-moddaning 1-qismi (Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risidagi qonunchilik talablarini buzish).

Ballar miqdori va ularni qo‘llash tartibi Vazirlar Mahkamasining alohida qarori bilan belgilanadi.