Farg‘ona shahridagi kompyuter klubida 21-fevral kuni yetti nafar yigit janjal ko‘tardi. Viloyat IIB holat yuzasidan izoh berdi.

Ma’lum qilinishicha, klubda bir guruh do‘stlar shovqin ko‘tarib, kompyuter o‘ynagan. Klub ish boshqaruvchisi esa ularga e’tiroz bildirib, tinchlanishga chaqirgan.

Shundan so‘ng yigitlardan biri, fuqaro O.Vallomov klub xodimining yuz qismiga musht tushirgan. Janjalga uning sheriklari ham qo‘shilgan. Ular klubning boshqa bir xodimini ham urgan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi “g” bandi (Jamoat tartibini saqlash vazifasini bajarib turgan hokimiyat vakili yoki jamoatchilik vakiliga yoxud bezorilik harakatlarining oldini olish chorasini ko‘rgan boshqa fuqarolarga qarshilik ko‘rsatib sodir etilgan bezorilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilar O.Vallomov, M.Qodirov hamda N.Mahmudjonovlarga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Shunigdek, ularning yana uch nafar sheriklariga nisbatan ma’muriy tartibda bayonnoma rasmiylashtirilgan. Mazkur holat viloyat IIB tomonidan nazoratga olingan. Klubda kaltaklangan 2 nafar yigit esa og‘ir ahvolda kasalxonaga yotqizilgan.

Kun.uz`ning yozishicha, nashr manbasi o‘zini Otabek Vallomov deb tanishtirgan va janjalni boshlagan yigit farg‘onalik tadbirkor Baxtiyor Vallomovning o‘g‘li ekanini bildirgan. Biroq nashr o‘z ixtiyorida yigit tadbirkorning o‘g‘li ekani haqida aniq dalil mavjud emasligini qayd etgan.