Yevropa Ittifoqi kengashi Eduards Stipraysni Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha yangi maxsus vakili etib tayinladi. U 2025-yil 1-martdan ikki yillik dastlabki mandat bilan o‘z vazifalarini bajarishga kirishadi, deyiladi kengash saytida.
“Uning vazifasi Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi munosabatlarni umumiy qadriyatlar asosida rivojlantirish, mintaqa davlatlari o‘rtasida barqarorlik va hamkorlikni mustahkamlashga ko‘maklashish, shuningdek, demokratiya, qonun ustuvorligi, samarali boshqaruv, inson huquqlari va asosiy erkinliklarini hurmat qilishni mustahkamlashdan iborat bo‘ladi”, — deyiladi Yevropa Ittifoqi kengashi bayonotida.
Uning boshqa vazifalari orasida Yevropa Ittifoqining samaradorligi va ahamiyatini oshirish, jumladan, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) va BMT kabi boshqa hamkorlar va xalqaro tashkilotlar bilan yanada yaqinroq muvofiqlashtirish orqali amalga oshiriladi, deyiladi xabarda.
Eduards Stiprays — katta tajribaga ega latviyalik diplomat, deyiladi bayonotda. U Latviyaning Yevropa Ittifoqidagi doimiy vakili va davlat kotibi o‘rinbosari — Latviya Tashqi ishlar vazirligining siyosiy direktori lavozimlarida ishlagan. 2016−2020-yillarda Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasiga rahbarlik qilgan, shuningdek, Latviyaning Buyuk Britaniya va Fransiyadagi elchisi bo‘lgan.
Stiprays 2021-yil iyulidan beri Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyodagi maxsus vakili lavozimida ishlab kelgan Terxi Xakala o‘rnini egallaydi. Dekabr oyida u hudud bo‘ylab xayrlashuv gastrolini uyushtirdi va “Gazeta.uz”ga intervyu (ingliz tilida) bergandi.