Ukrainada hujumlar natijasida kamida 40 nafar harbiy xizmatchining halok bo‘lgani, 10 dan ziyod kishining jarohatlangani ma’lum qilindi. Jumladan, Kiyev viloyatining Brovari shahridagi harbiy shaharchaga uyushtirilgan aviahujum natijasida bir kishi qurbon bo‘ldi, olti kishi jarohatlandi, Sumi viloyatida esa avtomobil o‘qqa tutilishi natijasida bolali ayol jarohatlandi.
Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonning Beruniy tumanida 100 MVt quvvatli yangi shamol elektr stansiyasi qurilishiga tamal toshini qo‘ydi. «Tasavvur qilinglar farzandlarimiz, nevalarimiz bunday loyihadan qanday manfaat ko‘radi. Bu bir yillik emas, yillarga tatiydigan loyiha», — dedi Shavkat Mirziyoyev.
BMT Ukrainadagi vaziyat fonida shoshilinch yig‘ilish chaqirdi. Tashkilotga a’zo mamlakatlarning doimiy vakillari tomonidan «Rossiya tomonidan bo‘layotgan tajovuz to‘xtatilishi kerak» degan bayonotlar yangradi. Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili Vasiliy Nebenzya esa o‘z chiqishida G‘arb mamlakatlari tomonidan Rossiya agressiya haqida bildirilgan fikrlarni rad etdi. Nebenzyaning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya agressiyasi Ukraina xalqiga emas, Kiyevda hukumatni qo‘lga olgan xuntaga qarshi qaratilgan.
Qoraqalpog‘istonda tashrif bilan bo‘lib turgan Shavkat Mirziyoyev dunyo kun sayin emas, soat sayin tahlikali bo‘lib borayotganini ta’kidladi. «Biz iqtisodiyotimiz, mudofaamizni mustahkam qilib, ishonch bilan jonajon vatanimizning qudratini ko‘tarishga harakat qilishimiz kerak», — dedi u.
Uzbekistan Airways 27 fevral va 2 mart kunlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan ikkita mantazam HY-3731/3732 Toshkent — Kiyev — Toshkent reyslarini bekor qildi.
Ukrainadagi vaziyat keskinlashganini inobatga olib, O‘zbekistonning Kiyevdagi elchixonasi o‘zbekistonliklarni evakuatsiya qilish rejasi va mamlakatni tark etmoqchi bo‘lganlar ro‘yxatini tuzib chiqmoqda.
Jizzax viloyatida fuqaroni Turkiya, Italiya yoki Meksika orqali AQShga olib o‘tish va ishga joylashtirishni va’da qilgan shaxs 20 ming dollar olganida ushlangani aytilmoqda. Farg‘ona viloyatida esa fuqaroni Koreyaga ishga jo‘natishga va’da qilganlikda gumonlangan shaxs qo‘lga olingan.
Rossiya Mudofaa vazirligi Ukraina qurolli kuchlari aviabazalari harbiy infratuzilmalari to‘liq ishdan chiqarilganini, Ukraina chegara qo‘shinlari hech qanday qarshilik ko‘rsatmayotganligi haqida xabar berdi. Ukraina qurolli kuchlari genshtabi esa «agressorning beshta samolyoti va vertolyoti» urib tushirilganligini ma’lum qilmoqda.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov qoraqalpog‘istonlik talabalar bilan uchrashuvda OTMlarda 2 kursdan boshlab ishlashga ruxsat beruvchi yangi tizim yaratilishini ma’lum qildi. «Ishlaganda ham o‘zining sohasida ishlasin. Men buni hurmat qilaman», — dedi u. Qolaversa, OTMlarda ta’lim jarayoni 70 foiz amaliyotga o‘tish kerakligi ta’kidlandi.
Ukraina Oliy Radasi mamlakatda harbiy holat e’lon qilishga ovoz berdi. Ayni paytda Kiyev va boshqa shaharlarda bombapanohlar ochilgan. Ukrainadagi vaziyat.
Ukraina atrofidagi vaziyat keskinlashgani munosabati bilan Rossiya janubidagi 12 ta aeroport faoliyati 2 martga qadar to‘xtatildi. RF Ukraina bilan chegara hududlarining havo kengliklari fuqaro aviatsiyasi uchun yopilganini e’lon qildi.
Chorshanba kuni O‘zbekistonda 140 nafar fuqaroning koronavirusga topshirgan test tahlili musbat natijani qayd etdi. Shuningdek, kun davomida 24 kishida pnevmoniya aniqlandi.
NATOga a’zo davlatlar vakillar payshanba kuni ertalab Ukraina atrofidagi vaziyatning keskinlashuvi tufayli shoshilinch yig‘ilish chaqirish qarorini qabul qildi. Sal avval NATO rahbari Yens Stoltenberg RFning Ukrainadagi harakatlarini qoralashi haqida bayonot bilan chiqqan edi.
24 fevralga o‘tar kechasi BMT xavfsizlik kengashi Ukraina atrofidagi mojarolarga bag‘ishlangan yig‘ilishni chaqirdi. BMT bosh kotibi o‘z chiqishida Rossiya prezidenti Vladimir Putinni Ukrainaga bostirib kirishni to‘xtatishni, «tinchlikka imkon berishini» so‘ragan va tinchlik o‘rnatishga chaqirgan.
Uzbekistan Airways 24 fevral kuni Namangan — Krasnodar yo‘nalishi bo‘yicha HY-9825 reysi Rossiyaning Rostov viloyati havo maydoni yo‘lovchi samolyotlari uchun yopilgani sababli ortga majburiy qaytayotganini ma’lum qildi.
Samarqandda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan taksi haydovchilaridan «o‘lpon» undirib kelganlikda gumonlanayotgan yana bir guruh fuqarolar qo‘lga olindi. Ular sportchilar ekanligi aytilmoqda. Holat yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Toshkentning Yakkasaroy tumanida GTA Showroom kompaniyasi rahbari korxona binosida ishchi va mijozlarga namoz o‘qishga sharoit yaratib bergani uchun 21,6 mln so‘m miqdorida jarimaga tortildi. «Milliy tiklanish» partiyasi yetakchisi Alisher Qodirov sudya MJTKning 201-moddasini noto‘g‘ri qo‘llaganini, namoz o‘qish «diniy marosim emas, balki e’tiqodning o‘zagi, erkinligi kafolatlangan huquq» ekanini ta’kidladi.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Donbassda «maxsus harbiy operatsiya» boshlanganini e’lon qildi, biroq Ukrainaning Kiyev, Xarkov va boshqa shaharlarida ham portlashlar boshlandi. Bu Rossiya tomoni Ukrainaga bostirib kirishni boshlaganiga ishora qilmoqda. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy urush boshlanishidan oldin rossiyaliklarga murojaat qilib, yana bir marotaba tinchlikka chorladi.
O‘zbekistonda umumiy ovqatlanish joylari va ko‘ngilochar obyektlar ish vaqtiga nisbatan cheklovlar hamda umumiy ovqatlanish joylari va jamoat transporti harakatlanuvchi tarkibi umumiy sig‘imidagi o‘rinlarni 50 foizgacha qisqartirish talabi bekor qilindi. Bosh vazir Abdulla Aripov mazkur cheklovlarning bekor qilinishini “odatiy hayot tarziga qaytishning dastlabki qadamlaridan biri” deb atadi.
Ukrainada sodir bo‘lgan oxirgi yangiliklar, Putin va Erdog‘an Ukraina sharqidagi mojaroni muhokama qilgani, Shimoliy Koreya AQShni Yaponiyani Rossiyaga qarshi kampaniyaga jalb qilishda ayblayotgani, 24 fevral kuni Bryusselda Ukraina bo‘yicha Yevropa Ittifoqining favqulodda sammiti bo‘lib o‘tishi va boshqa yangiliklar — «Gazeta.uz»ning jahon yangiliklari dayjestida.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting