Prezident qarori bilan, “O‘zto‘qimachiliksanoat” sobiq raisi Ilxom Xaydarov tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari etib tayinlandi. U boshqa ishga o‘tishi sabab lavozimini tark etgan Rahmatilla Nurimbetov o‘rnini egallaydi.
“Baxti Tashkentskiy” va jami 37 kishiga nisbatan ochiq sud ishi davom etmoqda. 15-iyul kungi tomonlar muzokarasida advokatlar va sudlanuvchilar tinglandi. “Biz terrorist, korrupsioner bo‘lmaganmiz, odamxo‘r emasmiz. Iloji bo‘lsa, shu yerda o‘tirgan bolalarga yengillik bersangiz”, — dedi Baxtiyor Qudratullayev.
Prezident bundan buyon tuman hokimlari o‘z hududlarida mahsulot ishlab chiqarishni ko‘paytirishga mas’ul bo‘lishini ma’lum qildi. Qolaversa, Sayxunobod, Uychi, Zarbdor va G‘ijduvon tumanlarining tadbirkorlikni rivojlantirish, aholini ish bilan ta’minlash borasidagi tajribasini kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining maxsus komissiyasi Anglesey Food (Korzinka) tarmog‘ini reklama qonunchiligini buzganlikda aybdor deb topdi. Qo‘mita kompaniyadan jarima undirmoqchi. Korzinka komissiya qarorini olmaganini aytib, bayonotni asossiz deya atadi.
Narpay tumanida 7 tup har xil turdagi mevali daraxtlarni noqonuniy tarzda kesib tashlagan fuqaro 11 mln 730 ming so‘m miqdorida jarimaga tortildi.
2022-yilda paxta xomashyosining ichki va jahon narxlari o‘rtasidagi katta farq tufayli O‘zbekiston klasterlariga 6 trln so‘m zarar yetgan. O‘tgan avgustda ularning qarzlarini to‘lash muddati bir yilga uzaytirilgandi. Prezident kredit to‘lash muddatini 2025-yil 1-aprelgacha uzaytirish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Prezident 2024-yil oxirigacha 2 trln so‘mlik ishlarni bajarish, jumladan, 570 ming gektarda suv ta’minotini yaxshilash, 13 ming kilometr yo‘l, 195 ta ko‘prikni foydalanishga topshirish zarurligini ta’kidladi. Shuningdek, 2 mingdan ortiq ko‘p qavatli uy barpo qilish rejalashtirilmoqda.
Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov 18−19-iyul kunlari davlat tashrifi bilan O‘zbekistonda bo‘ladi. Uning Shavkat Mirziyoyev bilan muzokaralar o‘tkazishi va qator qo‘shma tadbirlarda qatnashishi kutilmoqda.
Qurilish inspeksiyasi Vazirlar Mahkamasi tarkibiga o‘tkaziladi va vakolatlari kengaytiriladi. Ruxsatsiz yoki loyihadan chetga chiqib qilinayotgan qurilishlar bo‘yicha jazo choralari kuchaytiriladi.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Botir Zokirov sog‘lig‘idagi muammo tufayli lavozimidan ozod etildi. Birinchi o‘rinbosar Sherzod Hidoyatov vazir vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.
Prezident bosh vazirning 28 ta tuman-shahar hokimiga nisbatan intizomiy jazo qo‘llash va 10 nafar hokimni ishdan olish bo‘yicha taklifini qo‘llab-quvvatladi.
O‘zbekistonda fuqarolarga nogironlikni belgilash bo‘yicha YAIDXP, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari yoki ijtimoiy xodimlar orqali oilaviy shifokorlarga murojaat qilish imkoniyati yaratiladi. SSVda nogironligi bo‘lgan shaxslarga tibbiy xizmatlar ko‘rsatilishi bo‘yicha vazir maslahatchisi lavozimi joriy etiladi.
2024-yilning birinchi olti oyida yalpi ichki mahsulot 6,4 foizga ko‘paydi. budjet daromadlari 113 trln so‘mga yetib, 14 foizga o‘sdi. 1,6 mln aholi rasmiy band bo‘ldi, deyiladi prezident raisligidagi yig‘ilishda.
O‘zbekistonda onalar o‘limi kamaygan bo‘lsa-da, hamon Yevropa va Markaziy Osiyodagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan yuqori, deyiladi Osiyo taraqqiyot banki bayonotida. Bank homiladorlar va chaqaloqlar uchun ko‘rsatiladigan perinatal xizmatni yaxshilashga yordam berish uchun 100 mln dollar imtiyozli qarz ajratishni ma’qulladi.
Poytaxtda “Jadidlar. Turkistonga maktublar” multimedia ko‘rgazmasi ochiladi. Unda Turkistondan Germaniyaga o‘qishga yuborilgan talabalar va ularning mintaqa madaniy-ma’rifiy merosiga qo‘shgan hissasi haqida hikoya qilinadi.
O‘zbekistonda qoraqalpoq shoiri va mutafakkiri Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li tavalludining 200 yilligi keng nishonlanadi. Xususan, kitoblar nashr etish, film suratga olish, ko‘rgazma va anjumanlar o‘tkazish, Nukus shahrida muzey ochish va Mo‘ynoqda uning nomida ekopark tashkil etish rejalashtirilmoqda.
Andijon shahridagi alyuminiyni qayta ishlash sexi tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib, davlat manfaatlariga 6,8 mlrd so‘m zarar keltirgani ma’lum bo‘ldi. Tegishli hujjatlar huquqni muhofaza qilish organlariga yuborildi.
Bir qator YI davlatlari Afg‘onistonda 2021-yilda Tolibon hokimiyat tepasiga kelganidan keyin yopilgan elchixonalarini qayta ochish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda, deb yozdi Bloomberg.
Respublikachilar partiyasi Donald Trampni rasman AQSh prezidentligiga nomzod sifatida ko‘rsatdi. U vitse-prezident sifatida Ogayo shtatining 39 yoshli senatori Jey Di Vensni tanladi.
Shavkat Mirziyoyevga turizm infratuzilmasini yaxshilashga doir takliflar taqdimot qilindi. Xorijiy turistlarni jalb qilish uchun turizm tashkilotlarini aylanma mablag‘ bilan ta’minlashga TTJdan 50 mln dollar kredit liniyasi ochiladi. U yillik 17 foiz stavkada, 2 yillik imtiyozli davr bilan 10 yilga ajratiladi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting