Dam olish kunlari respublika bo‘yicha kuchsiz shamollar bilan bulutsiz ob-havo saqlanib turadi. Havo harorati kunduzi +22…+25 daraja atrofida bo‘ladi.
Soliq kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritishga oid qonun prezident tomonidan imzolandi. Unga muvofiq, endi tadbirkorlar aylanmadan olinadigan soliqni bo‘lib-bo‘lib to‘lashi mumkin. Qolaversa, OTMlar qatorida kasb-hunar maktablari, kollejlar, texnikumlarda ta’lim olish uchun yo‘naltirilgan daromadlar soliqqa tortilmaydi.
Chernogoriya hukumati investitsiya kiritganligi uchun mamlakat fuqaroligini bergan xorijliklar orasida Samarqandda tug‘ilgan ayol ham borligi ma’lum bo‘ldi. «Oltin pasportlar» 250 mingdan 450 ming yevrogacha Chernogoriyadagi loyihaga sarmoya kiritgan va hukumat jamg‘armasiga 100 ming yevro to‘lagan investorlarga beriladi.
Buxoro viloyati Kogon tumani hududidan o‘tuvchi yo‘lda “Gaz-24” avtomashinasiga o‘rnatilgan gaz balloni yorilishi natijasida ikki nafar yo‘lovchi vafot etdi.
O‘zbekistonda diniy va siyosiy sabablarga ko‘ra sudlangan 2000 nafardan ziyod mahbus bor. AQShning Diniy erkinliklar bo‘yicha xalqaro komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, bu sobiq ittifoq respublikalaridagi barcha diniy mahbuslar yig‘indisidan ko‘ra ko‘proq va dunyodagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biridir. Komissiya O‘zbekiston yutuqlarini qayd etdi, lekin ushbu soha jiddiy islohotga muhtoj deb hisoblaydi.
O‘zbekiston derivativlar bozorini rivojlantirish orqali xorijiy valyutaga bog‘liqlikni kamaytirishni rejalashtirmoqda. Shu maqsadda mamlakat YeTTB bilan ilk sinov svop operatsiyasini o‘tkazishga kelishib oldi.
To‘qqiz oy mobaynida elektron xizmatlarni ko‘rsatuvchi xorijiy kompaniyalar O‘zbekistonda 15,2 milliard so‘mdan ortiq soliq to‘ladi. To‘lovlarning aksariyati Facebook, Google va Apple hissasiga to‘g‘ri keladi.
Yangihayot tumani sudida uch kunlik chaqalog‘ini sotishga uringan ayolga 5 yil ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi.
Alisher Qodirovning migrantlardan ham soliq undirish haqida taklifi, Tashkent City bog‘iga kirish bepul bo‘lishi, Abdulaziz Kamilovning O‘zbekistonda AQSh harbiy bazalarini joylashtirish muhokama qilinmayotganini ma’lum qilishi — “Gazeta.uz"ning 14 oktabrdagi eng muhim xabarlari dayjestida.
Norvegiyada 5 kishining kamon o‘qidan halok bo‘lgani, Chili muxolifatining «Pandora Papers» tufayli prezident impichmentini boshlagani, Moldovada gaz tanqisligi sababli energetika sohasida «ogohlik rejimi» e’lon qilingani va boshqa yangiliklar — «Gazeta.uz»ning jahon yangiliklari dayjestida.
O‘zbekiston yetakchisi Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining videoanjuman shaklidagi navbatdan tashqari yig‘ilishida ishtirok etdi. Shavkat Mirziyoyev o‘zaro savdoda mavjud to‘siqlarni bartaraf etish, texnik reglament va standartlarni uyg‘unlashtirish, bojxona tartibotlarni raqamlashtirish bo‘yicha qo‘shma «yo‘l xarita» sini ishlab chiqish taklifini ilgari surdi. Shuningdek, u davlatlar rahbarlarini 2022 yil sentabrda Nukusda o‘tkaziladigan «Yashil» energetika bo‘yicha xalqaro forumga taklif qildi.
O‘zbekistonning 10 minga yaqin maktablarida o‘tkazilgan ikki kunlik reydlarda 2832 nafar o‘quvchi darslarni sababsiz qoldirgani ma’lum bo‘ldi. XTV xabariga ko‘ra, ularning 507 nafari internet klublarda vaqt o‘tkazayotgani, 338 nafari esa bozorda savdo-sotiq, aravakashlik bilan shug‘ullanayotgani aniqlangan.
Rossiyada qolib ketgan fuqarolarni qaytarish maqsadida “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tomonidan “Voljskiy-Toshkent” yo‘nalishida 4 ta maxsus reys yo‘lga qo‘yiladi. Poyezdlar 22, 25, 29 oktabr hamda 1 noyabr kunlari “Voljskiy-Toshkent” yo‘nalishida harakatini amalga oshiradi.
UzAuto Motors zavodida mikrochiplar yetishmovchiligi tufayli deyarli tayyor Lacetti avtomobillarini qo‘yish uchun joy tugadi. Avtomobil ishlab chiqaruvchi chiplar yetkazib berilguniga qadar mashinalarni un omborida saqlab turishga majbur bo‘lmoqda.
Samarqand viloyatidagi qishloqlardan birida hayvonlar orasida Sibir yarasi (kuydirgi) kasalligi tarqalgani haqidagi ma’lumotlar tasdiqlanmadi. Davlat veterinariya qo‘mitasi laboratoriya tekshiruvlari natijalariga tayanib bu haqda ma’lum qildi.
Buxoroda xodimni ishga saqlab qolish uchun 300 ming so‘m talab qilgan maktabgacha ta’lim tashkilotining mudirasi qo‘lga olindi.
Quvasoy shahrida er-xotin 32,5 mln so‘m qarzdorlikni undirishga kelgan MIB xodimlariga qarshilik ko‘rsatib, chaqalog‘ining ustiga benzin sepib, yoqib yuborish bilan qo‘rqitdi. Ularga nisbatan Jinoyat kodeksining hokimiyat vakiliga qarshilik ko‘rsatish va haqorat qilish moddalari bilan ish ochildi.
Dollarning so‘mga nisbatan rasmiy kursi 10,60 so‘mga ko‘tarilib, 10 710,63 so‘m etib belgilandi. Shuningdek, yevro va rubl kurslari ham ko‘tarildi.
Qizil kitobga kiritilgan lochinlarni 280 mln so‘mga sotmoqchi bo‘lgan shaxs va xaridor qo‘lga tushdi. Davlat bojxona qo‘mitasining ma’lum qilishicha, «qushlarning 6 nafari Qizil kitobga Itolg‘i nomi bilan kiritilgan bo‘lib, ular tobora yo‘qolib borayotgan tur hisobanadi». Lochinlar vaqtincha Toshkent hayvonot bog‘iga topshirildi.
«Milliy tiklanish» partiyasidan prezidentlikka nomzod Alisher Qodirov saylovchilar bilan muloqotda migrantlardan ham soliq undirish taklifini bildirdi. «Kelinglar endi yana ham vatanparvarroq bo‘laylik, migrantlar ham o‘zining solig‘ini mamlakat taraqqiyoti uchun to‘lasin», — dedi u.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting