Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov 18−19-iyul kunlari davlat tashrifi bilan O‘zbekistonda bo‘ladi. Uning Shavkat Mirziyoyev bilan muzokaralar o‘tkazishi va qator qo‘shma tadbirlarda qatnashishi kutilmoqda.
Qurilish inspeksiyasi Vazirlar Mahkamasi tarkibiga o‘tkaziladi va vakolatlari kengaytiriladi. Ruxsatsiz yoki loyihadan chetga chiqib qilinayotgan qurilishlar bo‘yicha jazo choralari kuchaytiriladi.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Botir Zokirov sog‘lig‘idagi muammo tufayli lavozimidan ozod etildi. Birinchi o‘rinbosar Sherzod Hidoyatov vazir vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.
Prezident bosh vazirning 28 ta tuman-shahar hokimiga nisbatan intizomiy jazo qo‘llash va 10 nafar hokimni ishdan olish bo‘yicha taklifini qo‘llab-quvvatladi.
O‘zbekistonda fuqarolarga nogironlikni belgilash bo‘yicha YAIDXP, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari yoki ijtimoiy xodimlar orqali oilaviy shifokorlarga murojaat qilish imkoniyati yaratiladi. SSVda nogironligi bo‘lgan shaxslarga tibbiy xizmatlar ko‘rsatilishi bo‘yicha vazir maslahatchisi lavozimi joriy etiladi.
2024-yilning birinchi olti oyida yalpi ichki mahsulot 6,4 foizga ko‘paydi. budjet daromadlari 113 trln so‘mga yetib, 14 foizga o‘sdi. 1,6 mln aholi rasmiy band bo‘ldi, deyiladi prezident raisligidagi yig‘ilishda.
O‘zbekistonda onalar o‘limi kamaygan bo‘lsa-da, hamon Yevropa va Markaziy Osiyodagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan yuqori, deyiladi Osiyo taraqqiyot banki bayonotida. Bank homiladorlar va chaqaloqlar uchun ko‘rsatiladigan perinatal xizmatni yaxshilashga yordam berish uchun 100 mln dollar imtiyozli qarz ajratishni ma’qulladi.
Poytaxtda “Jadidlar. Turkistonga maktublar” multimedia ko‘rgazmasi ochiladi. Unda Turkistondan Germaniyaga o‘qishga yuborilgan talabalar va ularning mintaqa madaniy-ma’rifiy merosiga qo‘shgan hissasi haqida hikoya qilinadi.
O‘zbekistonda qoraqalpoq shoiri va mutafakkiri Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li tavalludining 200 yilligi keng nishonlanadi. Xususan, kitoblar nashr etish, film suratga olish, ko‘rgazma va anjumanlar o‘tkazish, Nukus shahrida muzey ochish va Mo‘ynoqda uning nomida ekopark tashkil etish rejalashtirilmoqda.
Andijon shahridagi alyuminiyni qayta ishlash sexi tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib, davlat manfaatlariga 6,8 mlrd so‘m zarar keltirgani ma’lum bo‘ldi. Tegishli hujjatlar huquqni muhofaza qilish organlariga yuborildi.
Bir qator YI davlatlari Afg‘onistonda 2021-yilda Tolibon hokimiyat tepasiga kelganidan keyin yopilgan elchixonalarini qayta ochish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda, deb yozdi Bloomberg.
Respublikachilar partiyasi Donald Trampni rasman AQSh prezidentligiga nomzod sifatida ko‘rsatdi. U vitse-prezident sifatida Ogayo shtatining 39 yoshli senatori Jey Di Vensni tanladi.
Shavkat Mirziyoyevga turizm infratuzilmasini yaxshilashga doir takliflar taqdimot qilindi. Xorijiy turistlarni jalb qilish uchun turizm tashkilotlarini aylanma mablag‘ bilan ta’minlashga TTJdan 50 mln dollar kredit liniyasi ochiladi. U yillik 17 foiz stavkada, 2 yillik imtiyozli davr bilan 10 yilga ajratiladi.
Toshkent viloyatida uzoq vaqt davomida pul evaziga Chirchiq daryosi o‘zaniga chiqindi tashlab yurgan shaxs u yerda chiqindi to‘g‘oni hosil qilgani aniqlandi. U 3 yil 9 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilinishi va 3 mlrd so‘m zararni qoplashi belgilandi.
Ichki bozorda qurilish materiallarining taklifi oshib bormoqda, bu narxlar barqarorlashuviga va yangi uy-joylar narxi pasayishiga ta’sir ko‘rsatmoqda, deb ta’kidladi Markaziy bank. Regulyator import qurilish materiallarida narx xavfini ko‘rmayapti.
Markaziy bank Qulay Pul to‘lov tizimi operatori va o‘z to‘lov tizimini yo‘lga qo‘yishni rejalashtirgan UzPost shu’ba korxonasining litsenziyalarini chaqirib oldi.
MB aprel-iyun oylarida uy-joy sotuvi bo‘yicha shartnomalar sonining qisqarishini “bozordagi vaziyatning barqarorlashuvi” bilan bog‘ladi. Regulyatorning fikricha, uy-joy savdosi va ijarasi narxlarining o‘sish sur’ati o‘rtasidagi tafovutning oshishi sotib olish va sotish narxlarining pasayishiga olib kelishi mumkin.
Uzum ekotizimi va BMT Taraqqiyot dasturi o‘zbekistonliklarga raqamli savodxonlik va tadbirkorlik asoslarini o‘rgatish niyatida hamkorlik memorandumini imzoladi.
Davlat xavfsizlik xizmati Toshkent shahri, Qashqadaryo, Xorazm va Toshkent viloyatlarida fuqarolarni pora evaziga o‘qishga kiritib qo‘yishga uringan shaxslarni qo‘lga oldi. Ularga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi.
O‘zbekiston fuqarosi fevralda Rossiya armiyasida xizmat qilish uchun shartnoma imzolagan, biroq jangovar tayyorgarlikni tamomlab, harbiy lagerdan qochib, uyiga qaytgan. Sud jazoni yengillashtiruvchi holatlarni inobatga olib, unga “Yollanish” moddasi bo‘yicha uch yil muddatga ozodlikni cheklash jazosini tayinladi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting