Toshkentdagi Maxsuslashtirilgan yuqumli kasalliklar shifoxonasi binolarida isitish tizimining butunlay yaroqsiz holga kelib qolgani va xonalar ta’mirtalab ahvolda bo‘lgani sababli 2-son Zangiota kasalxonasiga ko‘chiriladi. Faoliyati to‘xtatilgan obyektda qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshiriladi.
Farg‘onadagi qo‘shni davlatga chegaradosh mahallalarning birida yashovchi shaxsga tegishli 2 ta yog‘och qutida 32 bosh olmaxon saqlanayotgani ma’lum bo‘ldi. Noqulay sharoitlar sabab 2 ta olmaxon nobud bo‘lgan. Jonivorlarning dastlabki qiymati 30 mln so‘mga baholandi. Hozirda ular Farg‘ona hayvonot bog‘iga topshirildi.
A guruhidagi hal qiluvchi turda Senegal terma jamoasi Ekvadorni 1:2 hisobida mag‘lub etib, keyingi bosqichga yo‘l oldi. Guruhdagi yana bir uchrashuvda esa Niderlandiya terma jamoasi Qatarni 2:0 hisobida yengdi. Qatar uchta tur hisobiga ko‘ra birorta ham ochko ishlay olmagan yagona mezbon terma jamoa bo‘ldi.
30 noyabr — 3 dekabr kunlari Vladimir Norov boshchiligidagi O‘zbekiston TIV delegatsiyasi YeXHTning tashqi ishlar vazirlari kengashining 29-yig‘ilishida ishtirok etish uchun Polshaning Lodz shahriga tashrif buyuradi.
Toshkent-O‘sh-Andijon yo‘lida Isuzu avtobusi va yuk mashinasi to‘qnashuvi oqibatida halok bo‘lganlar soni 3 nafardan 4 nafarga yetdi. 33 kishi shifoxonalarda qolmoqda, ulardan 1 nafarining ahvoli o‘ta og‘ir, 5 nafarining ahvoli og‘ir.
Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov qirg‘iz-o‘zbek davlat chegarasining alohida uchastkalari to‘g‘risidagi shartnoma va Kampir-obod (Andijon) suv omborining suv resurslarini birgalikda boshqarish to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi qonunlarni imzoladi.
AQSh ma’muriyati O‘zbekistonga moliyaviy-texnik ko‘mak berishda davom etadi. Bu haqda mamlakat elchisi Jonatan Devid Xennik O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Furqat Sidiqov bilan uchrashuvda aytib o‘tdi.
Davlat dumasi spikeri Vyacheslav Volodin boshliq Rossiya parlament delegatsiyasi Qonunchilik palatasi rahbari Nurdinjon Ismoilov, Senat raisi Tanzila Narbayeva va O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan qabul qilindi. Volodin tashrifi davomida O‘zbekiston va AQSh hamkorligi yuzasidan fikr bildirdi.
Nukus voqeasi bo‘yicha sud tafsilotlari: Tajimuratovga qarshi ko‘rsatuv bergan Turdanov, O‘zbekiston-Ukraina o‘rtasida biznes uchun imtiyozlar, «KamAZ» urib ketgan 9 yoshli qiz vafoti, 10 oyda «avariyada» halok bo‘lgan 226 nafar bola, jarima balini hisoblash tizimi va boshqalar — «Gazeta.uz»ning kun dayjestida.
Qashqadaryoda tashkil etilganiga 3 kun bo‘lgan firma jami 2 601 000 000 so‘mlik issiqxonalar o‘rnatish bo‘yicha tanlovda noqonuniy ravishda g‘olib bo‘lgani aniqlandi. Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi holat yuzasidan ish qo‘zg‘atilib, qayta tanlov o‘tkazilishini ma’lum qildi.
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Bahrom A’loyev va Ukraina elchisi Nikolay Doroshenko TIVda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ikki davlat ishbilarmon doiralariga o‘zaro imtiyoz va preferensiyalar berish masalalarini muhokama qildi.
Hukumat qarori bilan barcha attraksionlarda nosozliklar haqida ogohlantirish signalizatsiyasi va tegishli vositalar o‘rnatilishi belgilandi. Shuningdek, attraksionga kirish joyi oldida foydalanishga oid cheklovlar ma’lumoti, so‘nggi ko‘rik sanasi va keyingi tekshiruv vaqti ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak.
Qoraqalpog‘istondagi tartibsizliklardan so‘ng 516 kishi qo‘lga olingan edi. Mustaqil komissiyaning ma’lum qilishicha, ularning 100 dan ortig‘i jamoat kafilligi asosida va qamoq ehtiyot chorasi uy qamog‘iga almashtirilishi natijasida oilasiga bag‘riga qaytarilgan, qolganlari esa ma’muriy javobgarlikka tortilgan.
Sharof Rashidov tumanida o‘g‘il otasining mol-mulkni noto‘g‘ri taqsimlaganidan norozi bo‘lib, otxonasini yoqib yubordi. Oqibatda 102 mln so‘mlik 17 bosh toychoq va 145 mln so‘mlik beda g‘arami hamda otxonaning tom qismi yonib ketdi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
O‘zbekistonda 2022 yil yanvar-oktabr oylarida yuz bergan 7636 ta yo‘l-transport hodisasi oqibatida 1931 kishi halok bo‘ldi, ularning 226 nafari — bolalar. Avvalroq SSV O‘zbekistonda YTHlar oqibatida 5−14 yoshli bolalar o‘limi darajasi Yevropa mamlakatlariga qaraganda 4 baravar yuqoriligini ma’lum qilgan edi
1-dekabrdan haydovchilar qoidabuzarligi uchun jarima ballarni hisoblash test rejimida ishga tushiriladi. Test rejimi vaqtida aniqlangan qoidabuzarliklar bo‘yicha ballar hisobga olinmaydi.
O‘zbekistonda dushanba kuni 131 kishining koronavirusga qarshi topshirgan testi musbat natijani qayd etdi (bir kun avval 137 kishi). Kasallanishlarning aksariyati Toshkent shahrida ekani ma’lum bo‘ldi.
Poytaxtning 12 ta tumanidagi ko‘p qavatli uylar hududida 170 ta mini-poliklinika tashkil etiladi. SSV bu aholini oddiy ko‘riklar uchun ham poliklinikaga qatnash ovoragarchiligidan xalos qilishini ta’kidlamoqda. Loyiha natijalari tahlil qilingach, 6 oydan so‘ng boshqa hududlarga tatbiq etiladi.
Qozog‘iston prezidenti matbuot kotibining ta’kidlashicha, Qasim-Jomart Toqayev va Vladimir Putin «uch tomonlama gaz ittifoqi» (Rossiya + Qozog‘iston + O‘zbekiston) tuzish masalasini muhokama qilgan.
Ko‘chmas mulkka doir yangi qonun bilan yer uchastkasi, bino, inshoot va qurilish jarayonidagi obyektlar, shuningdek, ko‘p yillik daraxtlar va mulkiy majmua sifatidagi korxonalarga 13 turdagi huquqlar yoki cheklovlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish belgilandi. Qonun e’lon qilingandan 3 oy o‘tib kuchga kiradi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting