9 iyul kuni Toshkent metropoliteni Qurbon hayiti kuni munosabati bilan o‘z faoliyatini soat 04:00 dan boshlaydi.
Qoraqalpog‘istonda 30 gektar maydonda «Nukus texnoparki» maxsus sanoat zonasi tashkil etiladi. Energiya tejamkor ekologik xavfsiz ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etish texnopark faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biri bo‘ladi. Unga mahalliy va xorijiy investorlar jalb etiladi.
Metroning «Yerusti halqa yo‘li» yo‘nalishidagi 7-bekati yo‘l o‘tkazgich o‘rnatilishi sababli 11 iyuldan 18 iyulga qadar yopiladi. Qolaversa, 11 iyuldan avgustga qadar yo‘nalishdagi poyezdlar soat 05:00 dan 23:00 gacha ishlaydi.
Andijon viloyatining Qo‘rg‘ontepa tumanidagi umumiy ovqatlanish shoxobchalaridan birida 37 kishi «nonburger» dan zaharlandi. Ularning 17 nafari shifoxonaga yotqizildi.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Qoraqalpog‘istonda uyali aloqa va Internet «soxta yangiliklarni tarqatib, dushman kayfiyatdagi kuchlar fuqarolarni aksilkonstitutsiyaviy faoliyatga ommaviy ravishda jalb qilishga uringanlari» sababli cheklanganini ma’lum qildi.
Musulmonlar idorasi Qurbon hayiti namozi vaqtlarini e’lon qildi. Hayit namozi Toshkent shahrida soat 05:20da, boshqa hududlarda namoz vaqtidagi tafovutni inobatga olib o‘qiladi.
SSV vaziri Behzod Musayev diplom va malakasi yo‘q shaxs yosh bolani qiynab, massaj qilgan holatga munosabat bildirdi. Vazir ota-onalardan «ruxsatnoma va malakaga ega bo‘lmagan kimsalarga farzandlarining taqdiri va salomatligini ishonib topshirmasliklarini» so‘radi.
Joriy yilda oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun test sinovlari ochiq havoda o‘tkaziladi, deb xabar berdi Davlat test markazi.
9 va 10 iyul kunlari poytaxt avtobuslari yakshanbalik, 11 va 12 iyul kunlari esa shanbalik jadval asosida harakatlanadi.
Aziza Sodiqova — Toshkentlik bastakor. U Berlinda ijod qiladi, Yevropaning yirik konsert zallari va festivallarida yangraydigan opera va orkestr asarlarini yaratadi. «Xorijdagi o‘zbekistonliklar» loyihasi doirasida u Yevropadagi ish va o‘qish haqida gapirdi hamda yosh musiqachilarga maslahatlar berdi.
6 iyul kuni Toshkent shahar IIBBga Yashnobod tumanidagi Zo‘r TV telekanali binosi minalashtirilgani to‘g‘risidagi xabar kelib tushdi. Hudud o‘rganilganda, xabar tasdiqlanmadi. Boshqarma tergov olib bormoqda.
Jizzax viloyatida «Huaxin» o‘zbek-xitoy qo‘shma korxonasida mexanizator bo‘lib ishlovchi xitoylik fuqarosi Man Ming zavodda kuchukka shavqatsiz munosabatda bo‘lgani aniqlandi. Zafarobod tuman IIB uni ma’muriy jarimaga tortdi.
Davlat boshqaruvi akademiyasi rektori Adxam Bekmurodov xorij tajribasidan kelib chiqib, 4 kunlik ish haftasiga o‘tish taklifini bildirdi. Shuningdek, u Mehnat vazirligidan so‘rovnomalar orqali davlat tashkilotlarida mehnat unumdorligini baholab chiqishni so‘radi. Mazkur xabar Daryo nashridan o‘chirildi.
1 sentabrdan barcha avtomaktablarning reytingi tuziladi. Bunda bitiruvchilarning «prava» uchun imtihondagi natijalari, jarima ballari, YTH sodir etganligi, qolaversa, ilmiy darajaga ega o‘qituvchilar soni inobatga olinadi. Yakunda maktablar «yashil», «sariq» va «qizil» toifalarga ajratiladi.
Toshkentda «Hizb ut-Tahrir» tashkiloti a’zosi ekanligi gumonlanayotgan shaxs 10 nafardan ortiq sinfdoshlariga Telegram guruhi orqali ekstremistik mazmundagi materiallar tarqatib kelgani aytilmoqda. Ushbu guruh a’zolari «tahrirchilar» faoliyatini qo‘llab-quvvatlashda gumonlanib, hisbga olindi.
Hukumat qarori bilan 2024 yilgacha 13 ta tumandagi paxta maydonlarida hosildorlikni oshirish bo‘yicha agrotexnik tadbirlar uchun subsidiya beriladi. Bunda har bir gektarga 1 mln so‘mdan mablag‘ ajratiladi. Talabgorlar 25 iyulgacha ariza bilan murojaat qilishi lozim.
O‘zbekistonga Afg‘onistondan tushgan 5 reaktiv snaryad, 7500 so‘mgacha ko‘tarilgan Ai-80, bolakayni qiynagan massajist, Qirg‘izistonda uchrashadigan MO davlatlari rahbarlari, Qoraqalpog‘istondagi fojea, Registonda nikohdan o‘tgan AQShliklar va boshqalar — «Gazeta.uz» ning 5 iyuldagi eng muhim xabarlari dayjestida.
5 iyul kuni O‘zbekiston chegara hududiga Afg‘oniston hududidan otilgani taxmin qilinayotgan 5 ta reaktiv snaryad uchib tushdi. Ular portlamagan, insoniy qurbonlar va vayronagarchiliklar yo‘q, deya xabar qildi O‘zbekiston TIV.
Qoraqalpog‘istonda bir haftadan ko‘proq vaqtdan beri internet cheklangan, shu sababli aksariyat terminallar, bankomatlar ishlamayapti, davlat va boshqa xizmatlar ko‘rsatilayotgani yo‘q. «Gazeta.uz» muxbiri Shuhrat Latipov bu holat odamlar hayotiga qanday ta’sir qilayotganini o‘rgandi.
Yakkasaroy tumanida 42 yoshli fuqaroni yo‘ldan o‘tayotgan vaqtida mashina urib ketdi. U zarba natijasida yiqilgan va shu yo‘nalishda kelayotgan boshqa bir avtomobil tagida qolib ketgan. Buning oqibatida piyoda voqea joyida vafot etgan. Haydovchilar 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting