O‘zbekiston iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlash va tashqi xatarlarni yumshatish choralari, YPX xodimini suratga olishga qarshiligini aytgan Svetlana Artikova, Ramazon oyining boshlanishi, Urganchda quriladigan Al-Xorazmiy shaharchasi, valyuta bozorida keskin tebranishlarning oldini olish uchun zaxiralar yetarli ekanini ta’kidlagan Shavkat Mirziyoyev, tibbiyot xodimlarining hijob kiyishi bo‘yicha taqiq olib tashlangani va boshqalar — «Gazeta.uz» ning 31 martdagi eng muhim xabarlari dayjestida.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi ma’lumotiga ko‘ra, Ramazon oyining boshlanishi 2 aprel kuniga to‘g‘ri keladi. Prezident muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.
O‘zgidromet tomonidan Kogon tumanida kuchli shamol va yog‘ingarchilikni prognoz qilishda ko‘maklashuvchi meteolokator o‘rnatildi. U 200 km radiusda mavjud va kutilayotgan ob-havo xodisalari to‘g‘risida, jumladan bulutlar oqimi, shamol tezligi va yo‘nalishi, yog‘inlar miqdori va turi, uning davomiyligi haqida ma’lumot beradi.
Toshkentda iliq kunlar boshlangani munosabati bilan 1 apreldan issiqlik ta’minoti o‘chiriladi.
“Guliston neft bazasi"da 24,7 mlrd so‘mlik debitor qarzdorlikning 9 mlrd so‘mi “umidsiz” qarzdorlikka aylangani ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, jamiyatda 3,2 mlrd so‘mlik kamomad hamda 2,7 mlrd so‘mlik manfaatlar to‘qnashuvi holatlari ham aniqlandi.
2020 yildan beri Professional futbol ligasi bosh direktori vazifasini bajaruvchi bo‘lib ishlab kelayotgan Diyor Imomxo‘jayev 4 yil muddatga tashkilotga bosh direktor etib saylandi.
Bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Artikova ham yo‘lovchi, ham «pogonli shaxs» sifatida YPX xodimlarini xizmat vaqtida tasvirga olishga qarshi ekanini ma’lum qildi.
Sog‘liqni saqlash vaziri buyrug‘i bilan tibbiyot xodimlariga hijob va boshqa diniy kiyim-boshlarda yurishga taqiq olib tashlandi.
Olmaliqda korxona rahbari tekshirish uchun berilgan 219,2 mln so‘mlik 30 ta nasos agregatini yaroqsizligi to‘g‘risida soxta dalolatnomalarni rasmiylashtirib, o‘zlashtirgani aniqlandi.
O‘zbekiston Musulmonlari idorasining tarovih namozlarida xatm qilinadigan Qur’oni karim taqsimoti jadvalida tarovih namozlari 1 apreldan boshlanishi ko‘rsatilgan. Bu — Ramazon oyi 2 apreldan kirib kelishini anglatadi. Biroq O‘zbekistonda Ramazon oyi qachon boshlanishi haqida rasmiy xabarlar e’lon qilingani yo‘q. Qoraqalpog‘istonda esa Ramazon 2 apreldan boshlanishi rasman ma’lum qilindi.
Davlat ekologiya qo‘mitasi 10 ta elektromobil xarid qildi va kelajakda barcha xizmat mashinalarini elektromobillarga almashtirishni rejalashtirmoqda.
«O‘zbekkosmos» may oyida Toshkentda Markaziy Yevroosiyo mintaqasidagi birinchi Space Technology Conference o‘tkazadi. Unda kosmik faoliyat sohasidagi yetakchi kompaniyalar — Maxar, SpaceX, Viasat (AQSh), Airbus (Fransiya) va boshqa kompaniyalar vakillari ishtirok etadi.
Prezident tashabbusi bilan Urganchda Al-Xorazmiy shaharchasi barpo etilishi rejalashtirilmoqda. Unda universitet, IT-park, turar-joy binolari, maktab, bolalar bog‘chasi va sport majmuasi bo‘ladi.
Zangiota tumani hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiya va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha sobiq o‘rinbosari qidiruvga berildi. U o‘zlashtirish, mansab vakolatini suiiste’mol qilish va mansab soxtakorligi kabi jinoyatlarni sodir etganlikda gumon qilinmoqda.
Xalq ta’limi vazirligi 9 va 11-sinf bitiruvchilari uchun yakuniy davlat attestatsiyasi o‘tkaziladigan fanlar ro‘yxatini e’lon qildi.
Shavkat Mirziyoyevni Turkiyaga taklif qilgan Rejep Tayyip Erdog‘an, tergov vaqtidagi qiynoq uchun zararni davlat to‘lab berishi, imtihon qoidalarini buzgan abituriyentlar 5−7 yilgacha testdan chetlatilishi mumkinligini, Samarqandda o‘zini yotoqxonaning 9-qavatidan tashlab, joniga suiqasd qilgan talaba qiz, kontaktsiz to‘lov kartalarini taqdim etgan Uzcard, Sirdaryoda aniqlangan noqonuniy mayning ferma va boshqalar — «Gazeta.uz» ning 30 martdagi eng muhim xabarlari dayjestida.
Qozog‘iston karantin cheklovlari tufayli Nukus-Beyneu va Olmaota-Toshkent yo‘nalishlaridagi poyezdlar harakatini qayta tiklash muddatini kechiktirdi.
Toshkentdagi uylardan biridagi sement qoplangan mozaikani tozalash boshlandi. Hokimlik bayonotiga qaramasdan, mozaikalarni baribir bo‘yash rejalashtirilgan edi. Biroq jarayon jamoatchilik aralashuvi sababli to‘xtatib qolindi.
Hukumat Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimidan foydalanishni tubdan yaxshilash bo‘yicha yo‘l xaritasini tasdiqladi. Ko‘llardagi ekologik vaziyat monitoringini o‘tkazish, ularga tashlanayotgan kollektor-drenaj suvlar sifatini o‘rganish, qirg‘oqlarda o‘rmonzorlar barpo etish belgilandi. Dekabrda bo‘lib o‘tgan Senat yig‘ilishida ko‘llar tizimidagi suv hajmi kamayib, ekologik muammolar ortib borayotgani qayd etilgan edi.
Samarqand davlat universitetining kechki bo‘limida tahsil olgan qiz o‘zini yotoqxonaning 9-qavatidan tashlab yubordi. OTM prorektori talabaning universitet o‘qituvchilari va talabalari bilan hech qanday nizoli vaziyati bo‘lmaganini ma’lum qildi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting