Mudofaa vazirligi 30 mln so‘mlik ikkita oltin ruchka xaridi haqidagi xabarga munosabat bildirdi. Unda aytilishicha, vazirlikning kanselyariya jihozlarini yangilashga ehtiyoj paydo bo‘lgan. «Xalqaro tadbirlarda qo‘llaniladigan ashyolar xalqaro nufuzga loyiq darajada bo‘lishi shart, deya hisoblanadi», deyiladi vazirlik xabarida. Bunga qadar, vazirlik vakili anglashilmovchilik bo‘lgani va vazirlik 15 mln so‘mga tilla ruchka olishday dabdabaga o‘ch emasligini aytgandi.
Viloyat sudlari raislari uchun 26 ta Skoda Kodiaq va 3 ta Malibu avtomobillari xarid qilindi. Avtomobillar narxi 10,1 mlrd so‘mga teng deya baholanmoqda. Oliy sudning izohlashicha, oldingi xizmat avtomobillarining «yaroqlilik muddati o‘tgan, shuningdek ular ma’naviy va jismoniy jihatdan ham eskirgan».
Mudofaa vazirligi 30 mln so‘mga ikkita oltindan ishlangan qalam sotib olishni rejalashtirmoqda. Avval ham premium toifadagi ish yuritish materiallari sotib olingan. Bunga misol qilib, Buxoro viloyati hokimligi huzuridagi rasmiy delegatsiyalarni qabul qilish uyi va prezident administratsiyasi ma’muriy bo‘limi davlat qarorgohlari direksiyasi amalga oshirgan xaridlarni olish mumkin.
Qonunchilik palatasi binosining tashqi ko‘rinishi rekonstruksiya qilish va binoni joriy ta’mirlash uchun 16,54 mlrd so‘m ajratish reja qilingan. Pudratchi sifatida «Trest-12» (aksionerlari orasida qurilish vazirining o‘g‘li va rafiqasi borligi haqida yozgan edik) ishtirok etmoqda. Hukumat buyrug‘i bilan loyihani tendersiz amalga oshirish va parallel ravishda loyihalashtirishga ruxsat berilgan.
Madaniyat vazirligi mansabdorlari tadbirkorlik sub’ektini asossiz ravishda tanlovda g‘olib sifatida ko‘rsatganligi natijasida, musiqa asboblarini haqiqiy bozor bahosidan 792,2 mln so‘mga qimmat narxda sotib olgan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Yil boshidan buyon IIV davlat xaridlari doirasida 48,5 mlrd so‘mga 50 ta avtozak, 16 ta tentli yuk mashinasi, 30 ta avtobus va boshqa transport vositalarini sotib oldi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Jizzax viloyatida ta’sischilari orasida viloyat hokimining qizi ham bo‘lgan kompaniya ko‘chalarni ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha ikkita tanlovda g‘olib chiqqani bilan bog‘liq holatni o‘rganishini ma’lum qildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rahbari Akmal Burxonov davlat xizmatchilarining xizmat mashinalaridan shaxsiy va oilaviy maqsadlarda foydalanishi odatiy holga aylanganini ta’kidladi. U hokimlar tomonidan byudjet mablag‘lari hisobidan qimmat mashinalarni sotib olish holatlari oz emas, o‘nlab yuz berganini ma’lum qildi.
Bosh prokuratura UzAuto Motors`dan Lacetti, Equinox va Trailblazer sotib olgani haqidagi xabarlarga izoh berar ekan, Trailblazer sotib olinganini rad etdi. Shuningdek, ushbu avtomobillar qanday maqsadlarda va qaysi manbalar hisobiga olinganini oshkor qildi.
24 yanvar kuni prezidentning parlamentga yo‘llagan murojaatnomasiga bag‘ishlangan tadbirni Xalqaro kongress markazida tashkillashtirish uchun 1,76 mlrd so‘m sarflangan. Xarajatlarning katta qismi — deyarli 1,5 mlrd so‘mi mehmonlarni ovqatlantirishga to‘g‘ri kelmoqda.
Yangi tashkil etilgan Pillachilik va qorako‘lchilikni rivojlantirish qo‘mitasi davlat xaridlari doirasida 1,5 mlrd so‘mga Chevrolet Tahoe, ikkita Malibu va Lacetti sotib oldi.
Zarbdor tumani hokimligida mahalla ishlari bo‘yicha hokim o‘rinbosariga avtomobil yetishmagan. Keyin tuman rahbari birinchi o‘rinbosariga o‘zining Captiva avtomashinasini bergan va o‘z navbatida u Lacetti rusumli xizmat avtomobilini hokimning mahalla ishlari bo‘yicha o‘rinbosariga topshirgan. Hokimning o‘zi uchun esa 370 mln so‘m evaziga Trailblazer sotib olingan.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Parkent tumani hokimligi Captiva avtomashinasini hokimning o‘g‘li muassislar ro‘yxatida bo‘lgan kompaniyadan sotib olib, davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonun talablarini buzganini ma’lum qildi. Avtomobil sotib olish to‘g‘risidagi qaror bekor qilindi. Toshkent viloyati prokuraturasi tergovga qadar tekshiruv o‘tkazmoqda.
Parkent tumani hokimligi hokimning o‘g‘li tasischi bo‘lgan kompaniyadan Captiva avtomobili xarid qilgan. Toshkent viloyati matbuot xizmatining tushuntirishicha, kompaniya mashina hokimlikka 2019 yilda topshirgan, lekin hokimiyatda yetarli mablag‘ bo‘lmaganligi bois pul o‘tkazmalarini keyinroq amalga oshirishga rozilik bergan. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi holat yuzasidan Bosh prokuraturaga so‘rovnoma yubordi.
Prezident qaroriga ko‘ra, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 1 noyabrdan xorijda ishlab chiqarilgan alohida tovarlar va xizmatlar davlat xaridlarida ishtirok etishi vaqtinchalik taqiqlanadi va chegaralanadi. Shuningdek, 5236 ta amaldagi standartlar bekor qilinadi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting