Yanvar oxirida DXX va IIV keng ko‘lamli “Antiterror-tozalash” tadbirlarini o‘tkazdi. 418 kishi jinoiy javobgarlikka tortildi, 169 kishi qamoqqa olindi, 42 ta jinoiy guruh fosh etildi, qidiruvdagi 109 kishi ushlandi. 80 ta qurol, +30 kg narkotik, pichoqlar, bitalar va boshqa buyumlar olib qo‘yildi.
IIV O‘zbekistonda huquqbuzarlik sodir etish yoki undan jabrlanish ehtimoli yuqori bo‘lgan 800 mingdan ortiq shaxs ro‘yxati shakllantirilganini ma’lum qildi. Vazirlik vakili fuqarolar nima maqsadda bunday ro‘yxatga kiritilganiga izoh berib, ularga faqat yordam ko‘rsatilishini ta’kidladi.
Ichki ishlar vazirligi buxorolik 17 yoshli yigit kriptovalyutada 2,64 mln dollar ishlab topgani haqidagi ma’lumotni rad etdi. Vazirlik u birja operatsiyalarida noqonuniy vositachilik bilan shug‘ullangani va buning uchun haq olganini aytdi.
Buxoroning tarixiy qismida skuterlar, mopedlar, velosipedlar va boshqa shaxsiy harakatlanish vositalarida harakatlanish endi ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘ladi. Tegishli hududlarga yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi tomonidan ogohlantiruvchi yo‘l belgilari o‘rnatilmoqda.
O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi va DXX xodimlari tomonidan ISHID terrorchilik tashkiloti safiga qo‘shilishni rejalashtirgan shaxslar aniqlandi.
IIV Tezkor qidiruv departamenti Jinoyat qidiruv xizmati boshlig‘i Axrorjon Atxamov, Toshkent shahar IIBB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Doniyor Tashxodjayev va IIBB Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘limi boshlig‘i Timur Sobirov lavozimidan ozod etildi.
O‘zbekiston prezidenti IIO xodimlariga yo‘llagan tabrigida IIV tizimidagi keng ko‘lamli islohotlar va yangilanishlar davom ettirilishini ta’kidladi. “Ichki ishlar tizimidagi o‘zgarishlarning amaliy natijasini xalqimiz o‘z kundalik hayotida doimo sezishi, his etishi shart”, — dedi u.
IIV ichki ishlar organlarida pensiyaga chiqish uchun xizmat muddatini 25 yilgacha uzaytirish mumkinligi haqidagi xabarlarni rad etib, bunday taklif yoki qo‘shimchalar ko‘zda tutilmaganini bildirdi. Hozirda bu muddat 20 yilni tashkil etadi.
Toshkentda IIV va DXX xodimlari “zakladka” usuli orqali noqonuniy tarqatish uchun tayyorlanayotgan 42 kg dan ortiq “apteka narkotiklari"ni to‘xtatib qoldi. Ularning umumiy chakana narxi 35,7 mlrd so‘mni (deyarli 3 mln dollar) tashkil qildi.
Ichki ishlar vazirligi binosi yaqinida yerosti kabelida yuz bergan yong‘indan so‘ng pasport va manzil bilan bog‘liq xizmatlarni ko‘rsatishda uzilishlar kuzatilmoqda, deb xabar qildi Adliya vazirligi va Toshkent shahar IIBB. Shuningdek, yaqin atrofdagi aholi punktlarida elektr energiyasi vaqtincha uzilgan.
Shavkat Mirziyoyev IIV Jamoat xavfsizligi departamentining Muvofiqlashtirish markaziga tashrif buyurdi. U xodimlar kiberjinoyatlarning oldini olish uchun texnologiyalarni yaxshi bilishi kerakligini ta’kidladi. U, shuningdek, vazirlikda uchuvchisiz qurilmalardan foydalanish bo‘yicha tuzilma yaratish vazifasini ham qo‘ydi.
IIV jazoni o‘tash joylarida masofaviy videouchrashuvlar tashkil etish imkoniyatini yaratishni taklif qildi. Xavfsiz videoaloqa tizimini o‘rnatish uchun Inm International bilan 10 yillik to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzish rejalashtirilgan.
Ichki ishlar organlari faoliyatida dronlardan foydalanish joriy etiladi. Qayd etilishicha, bu IIOga favqulodda vaziyat haqida tezkor ma’lumot olish, vaqt va resursni tejash, shuningdek, YTHlar, yo‘llardagi qoidabuzarliklarni aniqlash, olib qochilgan yoki o‘g‘irlangan avtomobillarni topish imkonini beradi.
Ichki ishlar vazirligi uy qamog‘idagi shaxslarni elektron braslet orqali nazorat qilish ko‘zda tutilgan qaror loyihasini e’lon qildi. Braslet shaxslarning oyog‘iga taqiladi. Bu amaliyotni 2024-yilda bosqichma-bosqich joriy etish rejalashtirilgan.
O‘zbekistonda 1-apreldan avtomobillarni ro‘yxatdan o‘tkazish va qayta ro‘yxatdan o‘tkazish uchun to‘lovlar 68 baravar (34 ming so‘mdan 2,32 mln so‘mgacha), elektromobillar uchun esa 15 baravarga oshadi. Ichki ishlar vazirligining bu bo‘yicha buyrug‘i to‘lovlar miqdori oshishidan bir kun oldin qabul qilindi.
Ramazon Ashrapov Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari — Tergov departamenti boshlig‘i bo‘ldi. U shu paytga qadar Toshkent viloyati IIB boshlig‘i o‘rinbosari sifatida ishlab kelayotgandi.
Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, Tergov departamenti rahbari Yaxyojon Abdulxakov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan lavozimidan ozod etildi.
Tarmoqlarda voyaga yetmagan yigit dadasi IIVda ishlashini aytib, bir necha mashinani 170 km/soat tezlikdan oshirib harakatlangani aks etgan video tarqaldi. YHXX yigitning onasi bola tarbiyalashda majburiyatlarni bajarmaslik moddasi bo‘yicha 1,7 mln so‘m jarimaga tortilganini ma’lum qildi.
O‘zbekiston va BAA ichki ishlar vazirlari ikki mamlakat hukumatlari o‘rtasida haydovchilik guvohnomalarini o‘zaro tan olish to‘g‘risidagi anglashuv memorandumini imzoladi. Shuningdek, BAAda uzoq vaqtga yashash huquqini olgan o‘zbekistonliklarga haydovchilik guvohnomasini olish vaqtida imtiyoz beriladi.
Qonunchilik palatasi yo‘l harakati xavfsizligi tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun qabul qildi. Hujjatda, shuningdek, O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari xodimlarini “obro‘sizlantirish maqsadida” surat va videolarini internetga joylaganlik uchun jazolash to‘g‘risidagi band ham o‘rin olgan.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting