Poytaxtda o‘tgan konferensiyada adliya vaziri Ruslanbek Davletov so‘nggi 5 yilda 14 mingdan ortiq mansabdor shaxs korrupsiyaviy jinoyatni sodir etganini ma’lum qildi. Shundan eng ko‘pi tuman miqyosidagi amaldorlar hisoblanadi. Vazir shuningdek, bir idorada ham tekshiruvchi, ham tekshiriluvchi bo‘lsa, o‘zaro manfaatlar to‘qnashuvi ortidan qonun buzilishini aytib o‘tdi.
Poytaxtdagi jamoat transportlarida tegajog‘lik va jinsiy zo‘ravonlikka qarshi kampaniya boshlandi. Avtobus salonlarida bannerlar va favqulodda to‘xtatish tugmalari joriy qilindi. «Gazeta.uz» xarassment qurbonlari qanday harakat qilishi lozimligi, qolaversa, haydovchi va chiptachi ushbu holatga qay tarzda munosabat bildirishi kerakligi hamda xorijda zo‘ravonlikka qarshi qanday kurash olib borilayotganini o‘rgandi. O‘zbekiston qonunchiligida tegajog‘liq uchun javobgarlik mavjud emas. Huquqbuzarni «haqorat qilish» moddasi bilan javobgarlikka tortish rejalashtirilgan.
Interpol tomonidan xalqaro qidiruvda bo‘lgan O‘zbekiston fuqarosi BAAda qo‘lga olindi. Mazkur shaxs JKning terrorizm, qo‘poruvchilik, jinoiy uyushma tashkil etish va ommaviy tartibsizliklar moddalaridagi og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etilganligi uchun 2006 yildan beri qidiruvda bo‘lgan.
Prezident farzand asrab olish tartiblarini soddalashtirishga qaratilgan qonunni imzoladi. Unga ko‘ra, hayotga, sog‘liqqa qarshi, giyohvandlik va boshqa jinoyatlarni qasddan sodir etganlar bola asrab olishi mumkin emas deb belgilanmoqda. Uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatni sodir etgan va jazo muddatini o‘taganlarga esa farzand asrab olishga ruxsat beriladi. Qolaversa, farzandlikka oluvchi va olinuvchi yoshidagi farq 15 yoshdan kam bo‘lmasligi shart.
Qashqadaryoda sportchi Elbek Rahimov o‘limi yuzasidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida sportchi qotillikda gumonlanuvchilardan biri bilan o‘zaro nizoda bo‘lgani aytildi. Gumonlanuvchilarning eng kattasi 29 yoshda, eng kichigi — 16−17 yoshli maktab o‘quvchilari. Mazkur ish bo‘yicha sud ishi barcha uchun ochiq tarzda o‘tkazilishi ma’lum qilindi.
2021 yilning yanvar-iyun oylarida O‘zbekistonda 45 mingdan ortiq jinoyatlar sodir etilib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 111,9 foizga oshgan. 217 ta qotillik jinoyatlarining har uchinchisi qarindoshlar yoki qo‘shnilar o‘rtasida sodir bo‘lgan.
Oxirgi to‘rt yarim yil ichida 9546 nafar shaxs turli ko‘rinishdagi korrupsion jinoyatlarni sodir etgan. Buning oqibatida davlat va fuqarolar manfaatlariga 3 trln 200 mlrd so‘mga yaqin ziyon yetkazilgan.
Toshkent shahrida 34 nafar fuqarolarning nomidan 897 mln so‘m onlayn-kredit mablag‘larini noqonuniy tarzda qo‘lga kiritgan shaxs aniqlandi. Firibgarlik va hujjatlarni qalbakilashtirish moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Samarqand viloyatida YPX xodimlari tomonidan qo‘lga olinish chog‘ida vafot etgan tuman soliq inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosarining ishi bo‘yicha surishtiruvlar davom etmoqda. Marhumning qarindoshlari uning ikki qo‘lida barmoq izlari, bo‘ynida va yuzida shilingan jarohatlar borligini aytishmoqda. Jasadni tekshirgan shifokor esa uning tanasida jarohatlar ko‘rmaganligini, faqatgina o‘ng ko‘z atrofida kichkina shilingan joyi bo‘lganligini ta’kidladi.
Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanida soliq inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari YPX xodimlari tomonidan qo‘lga olinish paytida vafot etdi. Huquq himoyachisi Abdurahmon Tashanovning ta’kidlashicha, inspektorlar unga nisbatan kuch ishlatgan. Ichki ishlar vazirligi esa soliqchini kasalxonaga olib borishga urinish paytida sog‘lig‘i keskin yomonlashganini ta’kidlamoqda.
Poytaxtning Mirobod tumanida 3 nafar ayol 24 yoshli kar-soqov bo‘lgan ayolni kaltaklab, tan jarohati yetkazishdi. Jabrlanuvchi tez tibbiy yordam mashinasini to‘xtatib, qo‘l harakatlari bilan tibbiy yordamga muhtojligini ma’lum qilgan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Kattaqo‘rg‘onda o‘zaro janjal oqibatida singil o‘z opasini pichoqlab, o‘limga olib kelgan tan jarohati yetkazgan. Fuqaroga «qasddan odam o‘ldirish» va «yengilroq jazo tayinlash» moddalari bilan 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi.
Andijonda fuqaro o‘z uyida ijarada yashayotgan ayoldan turmush qurib birga yashash taklifiga rad javobini olgach, uning 3 yoshli farzandini ustiga qaynoq suv quyib yuboradi. Oqibatda qizaloq shifoxonada vafot etgan. Sud ayblanuvchini qasddan badanga og‘ir shikast yetkazishda aybli deb topdi.
Toshkent viloyatida fuqaroni 4500 AQSH dollari evaziga ichki ishlar tizimiga joylashtirishni va’da qilgan shaxs aniqlandi. U kelishilgan puldan 2 500 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida 10 gektar yerni noqonuniy ravishda 1,9 mln dollarga sotishga uringan olti nafar fuqaro ushlandi.
Toshkentning Olmazor tumanida joylashgan kafelardan birida mast holatdati ikki kishi hisobni to‘lamasliklarini aytib, kafe ishchisini do‘pposlagan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Yakkabog‘da 30 yoshli erkak xotini, qaynonasi va ikki nafar yosh bolani pichoqlab o‘ldirgan edi. Mazkur shaxsga umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Navoiy shahrida o‘ziga tegishli bo‘lmagan 200 kv/metr yer maydonini 150 ming AQSH dollariga sotmoqchi bo‘lgan mansabdor shaxs qo‘lga olindi. Unga nisbatan jinoyat ishi ochildi.
Samarqandda o‘z tanishining uyiga o‘g‘rilikka tushgan fuqaro xonadon egasining ikki nafar farzandini o‘ldirib qo‘ydi. U bolalarni aldab, o‘z uyiga oborgan va belkurak bilan bosh qismlariga tan jarohati yetkazgan. Shundan so‘ng, ularning jasadlarini yoqib yuborgani aytilmoqda. Unga nisbatan JKning 97-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Yangiyo‘l tumani kadastr agentligi boshlig‘i v.b. tadbirkorning ishini bitirib berish evaziga 10 tonna sement talab qilgan. Uni 10 mlnga baholab, shundan 500 dollarini olgan vaqtida ushlandi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting