Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Xolmirza Niyozov shanba kuni soat 7:00 da tuman hokimlari, boshqarma va tashkilot rahbarlarini yig‘ilishga chaqirgani aks etgan xat tarqaldi. Mehnat vazirligining Davlat mehnat inspeksiyasi boshlig‘i Qudratullo Odinayev soat 7:10 da hokimlikka borib, majlis o‘tkazilayotganini aniqladi. «Biroq, yig‘ilganlar vazirlik vakillarini ko‘rishi bilan majlisdan chiqib ketgan», — deyiladi xabarda.
Yakshanba kuni bosh vazir o‘rinbosari Shuhrat G‘aniyev raisligida videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilib, unga hokimiyatlar, vazirlik va idoralar xodimlari jalb qilingan. Mehnat vazirligi vaziyatga munosabat bildirdi va idoralarga dam olish kunida ishga jalb qilingani uchun qo‘shimcha ish haqi to‘lash to‘g‘risida ogohlantirish yuborilganini ma’lum qildi.
Prezident Davlat dasturi bo‘yicha yig‘ilishda yana majlisbozlik masalasiga to‘xtalib, hokimlar majlis o‘tkazish uchun bosh vazirdan ruxsat so‘rashi kerakligini qayd etdi. Davlat rahbari majlislarga profilaktika inspektorlari va mahalla raislarini chaqirmaslikni ta’kidladi.
«Keraksiz majlislarni o‘tkazishni tugatish kerak» — dedi prezident videoselektor yig‘ilishida. Davlat rahbari 40 daqiqadan ko‘proq yig‘ilish o‘tkazadigan davlat organlari rahbarlari ishdan ketishini aytdi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting