2024-yilda O‘zbekistonda 4900 dan ortiq mansabdor shaxs jinoiy javobgarlikka tortildi, bu 2023-yilga nisbatan 37,2 foizga ko‘p. Ular davlat va jamiyat manfaatlariga 3,6 trln so‘m yoki o‘tgan yilga nisbatan 2,3 barobar ko‘proq zarar yetkazdi.
2024-yilning birinchi yarmida 2389 nafar mansabdor jinoiy javobgarlikka tortildi (+34,4%). Ular, asosan, o‘zlashtirish, talon-toroj qilish, firibgarlik va pora oldi-berdisi bilan bog‘liq jinoyatlarga qo‘l urgan.
2023-yilda 3575 nafar mansabdor shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan, bu avvalgi yilga nisbatan 14,7 foizga ko‘p degani. Katta farq bilan yetakchilik qilayotgan asosiy jinoyat turi mulkni o‘g‘irlashdir. Respublika darajasidagi amaldorlar 2022-yilga nisbatan 55 foizga kam hukm qilingan.
Davlat xavfsizlik xizmati Toshkent shahri va Farg‘ona, Namangan viloyatlarida korrupsiya va firibgarlikda gumonlangan mansabdorlarni qo‘lga oldi. Ular fuqarolardan 5−10 ming dollar olayotgan vaqtlarida ushlangani aytilmoqda.
Qoraqalpog‘istonda «o‘z sohalari bo‘yicha yuklatilgan vazifalarni bajarishda xato-kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan, o‘ziga bildirilgan ishonchni oqlamagan» 15 nafar mansabdor shaxs egallab turgan lavozimidan ozod qilinib, 116 nafariga intizomiy jazo chorasi qo‘llanildi.
Antikorrupsiya agentligi Uchquduq tuman hokimining sobiq o‘rinbosari va boshqalar 33 nafar fuqaroni «Yo‘lchilar», «Ko‘kpatas» va «Ko‘kayaz» mahallalarida 3 yil davomida yashaganligi to‘g‘risida soxta hujjatlarni rasmiylashtirib, ulardan 25 nafari OTMga davlat granti asosida kirishiga sababchi bo‘lganini ma’lum qildi. Davlat manfaatlariga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgani uchun mansabdorlarga nisbatan jinoyat ishi ochildi.
Karmana tumani xalq ta’limi bo‘limining mudiri vazifasini bajaruvchi, metodisti va bosh hisobchisi chet tili o‘qituvchilariga darslik sotib olishi uchun tarqatilayotgan 1 mln so‘mni naqd ko‘rinishda bergani, qolaversa, 60 ming so‘mlik darsliklarni 483 ming so‘mdan sotgani uchun ishdan bo‘shatildi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting