Farg‘ona viloyatining ikki hududida go‘yoki kompyuter texnikalari va muzlatkichlarni ta’mirlash sexlarini tashkil etib, amalda elektr energiyasidan noqonuniy foydalanib kelayotgan mayneng fermalar aniqlandi. Ular davlatga jami 2 mlrd so‘mdan ortiq zarar yetkazgani ma’lum bo‘ldi.
DXX va Buxoro viloyati IIB xodimlari tomonidan Romitan tumanida 456 dona mayning qurilmalarini o‘rnatgan ferma aniqladi. Elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish oqibatida ferma davlatga 2 mlrd 530 mln so‘m miqdorida zarar yetkazgani ma’lum bo‘ldi.
Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan Andijon tumanida 845 dona «Bitmain» mayning qurilmalarini o‘rnatgan ferma aniqlandi. Elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish natijasida davlatga 40,4 mlrd so‘m zarar yetkazilgan.
DXX Guliston shahrida ikkita noqonuniy mayning-ferma faoliyatiga chek qo‘ydi, birinchi holatda fuqaro 19 dona mayning qurilmasini o‘rnatgani aniqlandi. Ikkinchi holatda esa toshkentlik fuqaro 148 dona mayning qurilmasi yordamida fevraldan beri 40 ming dollarga teng kriptovalyuta ishlab chiqargani aytilmoqda. Ular elektr energiyadan noqonuniy foydalanib, davlatga 660 mln so‘mdan ortiq zarar yetkazgani ma’lum bo‘ldi.
O‘zbekistonda maynerlar uchun majburiy ro‘yxatdan o‘tish, elektr energiyasiga oshirilgan tariflar va boshqa talablar joriy etilmoqda. Faqatgina kompaniyalar mayning bilan shug‘ullanishi mumkin. To‘lov vositasi sifatida kriptovalyutadan foydalanish taqiqlanadi.
Yangibozor tumanida fuqarolar o‘z xonadonida o‘zboshimchalik bilan elektr tarmog‘iga ulanib, noqonuniy kripto-aktivlar mayningi faoliyatini yuritib kelayotgani aniqlandi. Natijada elektr tarmoqlari korxonalari manfaatiga umumiy hisobda 235,1 mln so‘m zarar yetgan. Ularga nisbatan jinoyat ishi ochildi.
DXX Boyovut tumanida xorijiy korxona va mahalliy MJCH birgalikda quyon yetishtirish niqobi ostida noqonuniy mayning ferma tashkil etganini aniqladi. Buning oqibatida fermada 2020 yilning avgustidan beri 7,7 mln dollarga teng kriptovalyuta ishlab chiqarilgani, qolaversa, katta hajmdagi elektr energiyasi uchun past narxda to‘lov qilish orqali davlat manfaatiga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazilgani aytilmoqda.
Huquqni muhofaza qilish organlari Sirdaryo viloyatida kripto-aktiv qurilmalaridan noqonuniy foydalanish holatini aniqladi. Koreya va O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan 3 nafar gumondor 9,2 mlrd so‘mlik 3529 dona kompyuter qurilmasidan va 265,2 mln so‘mlik elektr energiyadan qonunga zid ravishda foydalanib kelganligi aytilmoqda.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting