O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi RFga kirishda yoki Moskvaning “Sheremetevo” aeroporti orqali tranzit o‘tishda ko‘pga cho‘zilayotgan tekshiruvlar tufayli fuqarolardan qiyinchiliklar yuzaga kelayotganiga doir murojaatlar ko‘payganini bildirdi. Elchixona vaziyatga oydinlik kiritish uchun RF TIVga murojaat yubordi.
O‘zbekiston va Rossiya prezidentlari mehnat migratsiyasi masalasini muhokama qildi. “Vladimir Vladimirovich ushbu nozik masala bo‘yicha takliflarimni qo‘llab-quvvatlaganidan juda mamnunman. O‘ylaymanki, biz hali bu masalada har ikki tomondan zaruriy tartibni yo‘lga qo‘yamiz”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Qirg‘iziston poytaxti Bishkekda mahalliy aholi va xorijliklar o‘rtasidagi mushtlashuv mehnat migrantlariga qarshi tartibsiz namoyishlar boshlanishiga sabab bo‘ldi. Voqea oqibatida kamida 29 kishi jarohatlandi.
O‘zbekistonda 1-iyundan mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan shaxslarni ishga qabul qilgan ish beruvchilarga har bir ishga olingan xodim uchun 12 oy davomida oyiga 500 ming so‘mdan subsidiya to‘lanadi. Shuningdek, ushbu shaxslarni hamda ularning oila a’zolarini bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish yo‘lga qo‘yiladi.
1-iyundan mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarga xorijiy tillar yoki kasb bo‘yicha malaka imtihonlarini topshirish, “ishchi viza”ni rasmiylashtirish va yo‘l chiptasini xarid qilish bilan bog‘liq xarajatlarini qisman qoplash uchun kompensatsiya to‘lanadi.
O‘zbekistonda tashqi mehnat bozoriga kirishni osonlashtirish va o‘z vataniga qaytgan migrantlarni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari ishlab chiqildi. Bunda mehnat migratsiyasi masalalari bo‘yicha attashe lavozimi joriy qilinadi, 24 soatlik Call-markazlar ochiladi, shuningdek, xarajatlarning bir qismi qoplanadi.
O‘zbekiston ombudsmani Yekaterinburgda o‘rdaksimon yurishga majburlangan mehnat migrantlarining kamsitilgani yuzasidan Rossiya ombudsmaniga murojaat qildi. Ulardan qanchasi O‘zbekiston fuqarolari bo‘lganiga aniqlik kiritilmagan. Qirg‘iziston TIV esa “Rossiya federal organlari darajasida” ish qo‘zg‘atgan.
Rossiyadan O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari hajmi bosqichma-bosqich kamayishi kuzatilmoqda, deyiladi Jahon banki hisobotida. O‘tkazmalar miqdoridagi kamayish Rossiyadagi o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari soni qisqargani, so‘m kursining rublga nisbatan mustahkamlangani va rubl inflyatsiyasi bilan izohlangan.
Rossiya iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Reshetnikov so‘nggi yetti yil ichida O‘zbekistondan Rossiyaga ishlash uchun kelgan mehnat muhojirlari soni to‘rt baravar oshganini aytdi. Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi bu ma’lumotlarni rad etib, aksincha, ularning soni kamayganiga ishora qildi.
Moskvada noyabrdan buyon ish haqini ololmayotgan mingdan ziyod o‘zbekistonlik va tojikistonlik migrantlar norozilik harakati uyushtirdi. Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi jarohatlangan va hibsga olinganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari yo‘qligini ma’lum qildi.
Yanvar-noyabr oylarida xorijiy davlatlardan 508 ming nafar, birgina Rossiyaning o‘zidan esa 317 mingdan ortiq migrant Vatanga qaytib kelgan. Mehnat vazirligi vakiliga ko‘ra, migrantlar qishni O‘zbekistonda o‘tkazib, bahorda yana qaytib ketadi, bu doimiy kuzatiladigan holat.
Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Moskva avtobusi salonida o‘zbek tilida Rossiya armiyasi safiga qo‘shilish chaqirig‘i efirga uzatilgan lavhalar paydo bo‘lgan edi. «Mosgortrans» bunday xabarlar allaqachon efirdan olib tashlanganini ma’lum qildi.
Mehnat vazirligi xorijda ishlab, O‘zbekistonga qaytgan mehnat migrantlarini ish bilan ta’minlash maqsadida bir qator chora-tadbirlarni ko‘rish taklifini bildirdi. Ular qatoridan «50×50» dasturi doirasida 40,5 mln so‘mgacha hamda har bir migrant uchun ish beruvchiga 405 ming so‘mdan subsidiyalar ajratish, 1 gektargacha yerni 30 yilga ijaraga berish, qolaversa, 50 mingdan ortiq migrantni haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb qilish o‘rin olgan.
Xorijdan qaytgan mehnat migrantlari va ularning oila a’zolariga «mahallabay ishlash» tizimi asosida xizmatlar ko‘rsatish rejalashtirilayapti. Prezident qarori loyihasiga ko‘ra, mahallalardagi hokim yordamchilari, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, mehnat inspektori yordamchisi va mahalla raisi ularning ehtiyojlarini aniqlab, onlayn platformalarni to‘ldiradi. Shunga ko‘ra, ularga ishsizlik nafaqasi, subsidiya va stipendiya beriladi.
Jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan prezident qarori loyihasiga muvofiq, tuman va shahar aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari huzurida xorijdan qaytib kelgan mehnat migrantlarining Reintegratsiyasi markazlarini tashkil etish taklif etilmoqda. Markazlar migrantlarga ish topish, o‘z biznesini boshlash, subsudiya va imtiyozli kreditlar olishda ko‘maklashadi.
O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida imzolangan memorandumga muvofiq, yapon tilini bilish darajasi bo‘yicha test sinovlaridan va mutaxassisligi bo‘yicha amaliyot imtihonidan o‘tganlarga «maxsus malakali ishchilar» maqomi beriladi. Ular Yaponiyada 14 turdagi sohada 10 yilgacha ishlashi, 5 yildan so‘ng o‘z oilasini ham olib ketishi va o‘z biznesini boshlashi mumkin bo‘ladi. Ularga kamida 1800−2000 dollar maosh to‘lanadi.
Qonunchilik palatasi tomonidan migrantlarga oid yangi qonun ma’qullandi. Unda tashqi mehnat migratsiyasi sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari belgilangan. Qonunda shuningdek, mehnat migrantlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda xorijdan qaytganlarning reintegratsiyasi ko‘zda tutilgan.
O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Qozog‘istonda ishlash uchun ruxsatnomasi mavjud bo‘lmagan 18 nafar o‘zbekistonlikka huquqiy tushuncha berdi. Ular orasida ilk bor qo‘shni davlatga borganlar ogohlantirilgan, ko‘pdan beri ishlayotganlari esa jarimaga tortilgan.
O‘zbekistonlik mehnat muhojirlariga Rossiyada ishlash uchun ruxsat (patent) olishni soddalashtirishga erishildi. Unga ko‘ra, Toshkentda migrantlarga ruxsatnoma berish xizmatini ko‘rsatuvchi Rossiyaning tegishli tashkilotlari filiallari ochiladigan bo‘ldi.
Pandemiya sababli horijliklar va Rossiya fuqaroligiga ega bo‘lmagan shaxslar uchun mamlakatda qolish muddati 15 dekabrgacha uzaytirildi. O‘zbekiston elchixonasi RFda noqonuniy yashab kelayotgan fuqarolarni mamlakatda bo‘lib turishlarini qonuniylashtirishga va ishlash uchun ruxsatnomalarni rasmiylashtirishga chaqirdi.
Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting