O‘zbekistondagi 14 ta tibbiyot texnikumi 2025-yildan nemis standartlari asosida o‘qitishni boshlaydi, chunki, Migratsiya agentligiga ko‘ra, “Germaniya ish beruvchilari O‘zbekistondan to‘xtovsiz hamshiralar so‘rayapti”. 3 yillik o‘qishdan so‘ng bitiruvchilarga nemis tili bo‘yicha B2 sertifikati va xalqaro diplom beriladi.
10-yanvarda Angliyaga mavsumiy ish o‘rinlari uchun tanlov o‘tkazildi. Ammo 3 millionga yaqin o‘zbekistonlik qiziqish bildirgan tanlov natijalari ko‘p o‘tmay bekor qilindi. Migratsiya agentligi bunga texnik muammolarni sabab qilib ko‘rsatdi. Angliya kompaniyasi esa jarayonga uchinchi shaxslar aralashganini ta’kidlamoqda.
AQSh hukumati joriy yilning 9 oyida 572 nafar O‘zbekiston fuqarosini vataniga deportatsiya qildi. Bu 2023-yilning shu davridagidan 6,5 barobar ko‘p.
Donald Tramp AQShda favqulodda holat joriy etish va migratsiyaga qarshi kurashish uchun harbiylardan foydalanish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. U “deportatsiya qilishda eng yirik operatsiyani o‘tkazish uchun federal va shtat darajasidagi barcha vakolatlardan foydalanmoqchi” ekani aytiladi.
Yangi tashkil etilgan Migratsiya agentligi 2026-yilgacha fuqarolarni xorijga yuborish va ishga joylashtirish bilan bog‘liq funksiyalarini xususiy bandlik agentliklariga o‘tkazadi. Ish takliflari ochiq e’lon qilinadi, saytda rezyume shakllantirish imkoni paydo bo‘ladi. Migrantlarga 10 mln so‘mgacha mikrokredit beriladi.
Prezident farmoni bilan Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tugatilib, Vazirlar Mahkamasi huzurida Migratsiya agentligi tashkil etildi. 2025-yildan tashkilot xususiy bandlik agentliklari faoliyatini tekshirishni boshlaydi.
Prezident Toshkent viloyatida kambag‘allikka qarshi kurashish rejalarini ma’qullamadi. U hudud kichik biznes orqali aholini ishli qilishda eng oxirgi o‘rinlarda turganini tanqid qildi. “Bor imkoniyatlar va yaratib berilayotgan sharoitlar hisobiga viloyatda kambag‘al oila qolishining o‘zi uyat”, — dedi davlat rahbari.
Serbiya qurilish sohasida ishlovchi o‘zbekistonliklarni ishga taklif qilmoqda. Oylik maosh 700−800 yevro bo‘lib, nomzodlar 50 yoshgacha va 3−5 yillik ish tajribasiga ega bo‘lishi lozim.
Xorvatiya qurilish sohasida ishlovchi o‘zbekistonliklarni ishga taklif qilinmoqda. Oylik maosh 1000 yevrodan boshlanadi. Nomzodlar 18−50 yosh oralig‘ida va kamida 1 yillik ish tajribasiga bo‘lishi lozim.
Slovakiya o‘zbekistonlik kara haydovchilarini oylik maoshi 1200−1500 dollar bo‘lgan ishga taklif qilmoqda. Nomzodlar 45 yoshgacha, “B” toifadagi haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lishi hamda rus tilini bilishi kerak.
Bandlik vaziri Behzod Musayev O‘zbekiston va Germaniya temiryo‘l transporti, avtobuslar uchun haydovchilarni, shuningdek, hamshiralarni tayyorlab berishga kelishib olgani haqida so‘zladi. Uning ta’kidlashicha, bu yil Germaniyaga 800 nafar o‘zbekistonlik hamshira yuborilmoqda, ularning ish haqi — kamida 2200 yevro.
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Qozog‘istondagi O‘zbekiston fuqarolaridan vatanga qaytish vaqtida ishonchsiz avtotransport vositalari va haydovchilar xizmatidan foydalanmaslikni so‘radi. Agentlik katta trassalarda harakatlanayotganda xavfsizlik qoidalariga rioya qilishni eslatib o‘tdi.
2024-yilning birinchi yarmida O‘zbekiston aholisi 334 mingdan ziyodga ko‘payib, 37 million 134,2 ming kishini tashkil qildi. Ushbu olti oy davomida o‘lim darajasi so‘nggi 9 yilning birinchi olti oylari, shu jumladan, pandemiya davriga nisbatan eng yuqori bo‘ldi.
Qozog‘istonning Olmaota shahrida noqonuniy migratsiya bo‘yicha reydlarda 27 nafar o‘zbekistonlik ushlandi. Ulardan 3 nafariga ma’muriy javobgarlik tayinlandi, qolganlari ish joyiga qaytarildi. Mamlakat bo‘ylab migratsiya huquqbuzarliklarini aniqlash maqsadida “Nelegal-2024” reyd tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Bandlik vaziri Behzod Musayev eng kam ish haqi 1500−3000 dollarni tashkil etuvchi rivojlangan mamlakatlarda mehnat resurslariga talab yuqori ekani haqida gapirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tashqi mehnat migratsiyasi O‘zbekiston fuqarolariga yangi kasb va standartlarni o‘rganish imkoniyatini beradi.
AQShning Toshkentdagi elchixonasi O‘zbekiston fuqarolarini Qo‘shma Shtatlarga xavfsiz va qonuniy yo‘llar orqali safar qilishga chaqirdi. Elchixona Qo‘shma Shtatlarda qolish uchun qonuniy asosga ega bo‘lmaganlarni deportatsiya qilish ishlari davom ettirilishini bildirgan.
O‘zbekistonning doimiy aholisi soni 2024-yil 1-yanvar holatiga 36 799 800 kishini tashkil etdi. Statistika agentligi 2023-yilgi demografik ko‘rsatkichlarni e’lon qildi.
Koreyaning Hanshin universiteti til kursida o‘qiyotgan 22 nafar o‘zbekistonlik talaba mamlakatdan aldov yo‘li bilan chiqarib yuborilgani haqida xabar tarqaldi. O‘zbekistonning Koreyadagi elchixonasiga ko‘ra, ular oliygoh talablariga bo‘ysunmagan, shuningdek, noqonuniy mehnat bilan shug‘ullangan. Holat o‘rganilmoqda.
Rossiya O‘zbekistondan qurilish, qishloq xo‘jaligi va yengil sanoatga tashkiliy tarzda yollash orqali jalb qilingan mehnat muhojirlari soniga cheklov, shuningdek, majburiy emlash talabini olib tashladi.
Joriy yilning 9 oyida 395 mingdan ortiq Rossiya fuqarosi O‘zbekistonga keldi, ularning 80,5 foizi ichki ishlar organlarida ro‘yxatga olingan. Ayni paytda, rossiyaliklarning yarmidan ko‘pi so‘nggi uch oy ichida kirib kelgan.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting