O‘zbekiston parlamentida muxolifat huquqlariga oid qonun loyihasini ishlab chiqish taklif etilmoqda. Muxolifat vakillari 1 nafar qo‘mita raisi va 2 nafar qo‘mita raisi o‘rinbosari lavozimlarini kafolatli egallashi mumkin. Avvalroq prezident parlamentda muxolifatni jonlantirish zarurligini aytgandi.
Shavkat Mirziyoyev Qonunchilik palatasining saylovdan keyingi birinchi majlisida parlamentda muxolifatni jonlantirish zarurligini aytdi. Shuningdek, u deputatlarga Hukumat a’zosi hisoboti yakunlariga ko‘ra, rahbarni iste’foga chiqarish bo‘yicha prezidentga taklif kiritish huquqi berilganini eslatdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev inauguratsiya marosimida so‘zlagan nutqida O‘zbekistonda konstruktiv muxolifat faoliyati, fuqarolarning axborot olish, undan foydalanish va tarqatish huquqlari kafolatlanishini ta’kidladi.
Senat raisi Tanzila Narbayeva «Amerika ovozi» ning O‘zbekistonda haqiqiy muxolifat yo‘qligi haqidagi savoliga javob berar ekan, muxolifat borligi va internetda rasmiylar tanqid qilinishini ta’kidladi. «Xalqning o‘zi ham muxolifat bo‘lishi mumkin», — dedi u.
Senat raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev muxolifat jamiyat barqaror rivojlanishining asosiy faktorlaridan biri ekanligini ta’kidladi. Uning fikricha, bugun O‘zbekistonning jamiyati muxolifat bo‘lishidan manfaatdor. Senator muxolifat tabiiy tuzilishi kerakligini aytib, «hokimiyat berilmaydi, hokimiyat uchun kurashish kerak» degan aqidani esladi. U OAVlarini hozirgi kunda nihoyatda muhim muxolifat deb bilishini qayd etdi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting