Angren shahrida 31 yoshli telefon ustasi tuzatish uchun qoldirilgan telefondan 9 mln so‘m yechib oldi. Erkak pulni shaxsiy ehtiyojlari uchun sarflab yuborgan. Gumonlanuvchi protsessual tartibda ushlandi va jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
O‘g‘rilikda ayblanib qidiruvda bo‘lgan 26 yoshli ayol Turkiyadan O‘zbekistonga deportatsiya qilindi. Undan jabr ko‘rgan fuqarolardan konsullik yoki IIVga murojaat qilish so‘raldi.
Samarqanddagi korxonalardan birining hisobchisi 6,4 mlrd so‘mni o‘zlashtirib, keyinchalik mablag‘ni internetdagi qimor o‘yinlarida yutqazib qo‘ydi. U soxta ma’lumotlar orqali pullarni o‘z nomiga ochilgan plastik kartalariga o‘tkazib olgan.
Farg‘ona shahrida noqonuniy ohak ishlab chiqarish sexi tashkil qilib, 1 mln kub metr tabiiy gazdan foydalangan fuqarolar ushlandi. Ular davlat manfaatiga 2,6 mlrd so‘m zarar yetkazgan.
Qoraqalpog‘istonda ikkita korxona umumfoydalanishdagi tarmoqqa noqonuniy ulanish orqali 1,5 mlrd so‘mlik elektrni o‘g‘irlagani aniqlandi. Toshkentda ishlab chiqarish sexi 578 mln so‘m zarar yetkazdi. Holatlar yuzasidan jinoyat ishlari ochildi.
To‘rt kishidan iborat guruh bank xodimidan dasturiy ta’minot va hisob raqamlariga kirish uchun kodlar sotib olib, 370 mlrd so‘m (29,3 mln dollardan ortiq) o‘g‘irlamoqchi bo‘ldi. Ular xorijdagi hisobraqamlarga o‘tkazish uchun 189 mlrd so‘mni konvertatsiya qilmoqchi bo‘lganida qo‘lga tushdi.
Qashqadaryo viloyatida 52 yoshli ayolning bank kartasidan 2 mln so‘m o‘g‘irlandi. Bu jinoyatni shu viloyatda yashovchi yigit ayolga Telegram`da havola yuborish va karta ma’lumotlarini qo‘lga kiritish orqali sodir etgani ma’lum bo‘ldi.
Toshkentda fuqaroning bank kartasidan 11,7 mln so‘m pul o‘g‘irlandi. Aniqlanishicha, bu jinoyatni Farg‘ona viloyatida yashovchi 20 yoshli yigit sodir etgan. U boshqalarga Telegram orqali turli havolalar jo‘natib, ularning bank karta ma’lumotlarini qo‘lga kiritgan va pul yechish bilan shug‘ullanib kelgan.
Toshkent shahri “Eski jo‘va” bozorida joylashgan zargarlik do‘konidan 49 million so‘mlik tilla buyumlar o‘g‘irlab ketishda gumonlangan 12 yoshli bola va uning onasi qo‘lga olindi.
Poytaxtdagi masjidlarda pul va telefonlar o‘g‘irlab yurgan erkak 6 yilga qamaldi. U pulni o‘z ehtiyojiga ishlatib, telefonlarni sotib yuborgan.
Yangiyo‘l shahri, Yangiyo‘l va Quyi Chirchiq tumanlarida 10 ga yaqin Cobalt`ning shinalarini yechib ketib, ularni sotgan 3 yigit qo‘lga olindi.
Surxondaryodagi banklardan birida amaliyot o‘tayotgan ikki nafar talaba o‘zganing kartasidan 75,7 million so‘m o‘zlashtirib, so‘ng shahardagi bir nechta bankomatlarda yuzlarini yashirgan holda pul yechib olgan. Ularning ikkisi ham ozodlikdan mahrum etildi.
Termiz davlat universiteti 4-kurs talabasi o‘zi amaliyot o‘tagan bankda fuqaroning karta ma’lumotlarini o‘zlashtirib, 75,7 mln so‘mni yechib olganlikda gumonlanmoqda. Holat yuzasidan jinoyat ishi ochildi. Agar uning aybi tasdiqlansa, 3−5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.
Yuqori Chirchiq tumanida aholining jami 9 bosh qo‘yi va 2 bosh buzog‘ini o‘g‘irlagan 6 kishi ushlandi. Ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Bir yarim oy davomida Chilonzor tumanidagi oziq-ovqat do‘konidan 42,3 million so‘mlik bir necha qadoq sariyog‘ o‘g‘rilangani ma’lum bo‘ldi. Savdo shoxobchaning doimiy mijozi o‘g‘irlikda gumon qilinmoqda.
Sud tomonidan Toshkent viloyatida elektrovozlarini yuqori kuchlanishli elektr energiyasi bilan ta’minlovchi simlarning jami 140 metrini o‘g‘irlagan shaxslarga hukm o‘qildi. Ularning har biri besh yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi.
Senatda elektron firibgarlik va o‘g‘rilik uchun 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosini belgilashga oid qonun ma’qullandi. Ular qayd etishicha, bu kabi jinoyatlar ortib bormoqda. Masalan, firibgarlik bilan bank kartalaridan pulni talon-toroj qilish bo‘yicha 7 oyda 1812 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Toshkentda fuqaro yangi qurilgan uylardan 118 dona o‘t o‘chirish moslamasini o‘g‘rilab ketganlikda gumonlanmoqda. Unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Banklardan birida mijozning plastik kartasidan 8 mln so‘m miqdorida mablag‘ yechib olingani aniqlandi, deb xabar qildi Kiberxavfsizlik markazi. Pullarni Telegram orqali texnik yordam ko‘rsatuvchi koll-markaz xodimi o‘zlashtirganlikda gumonlanmoqda.
Fuqaro «Davr bank» tizimiga noqonuniy ulanib, 15 mlrd so‘mni do‘stining kartalariga o‘tkazgan, so‘ngra pul jinoiy guruh a’zolari o‘rtasida taqsimlangani aytilmoqda. 11 nafar shaxs gumonlanuvchi sifatida jalb etilgan, ikki nafari qidiruvda.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting