Prezident farmoni bilan Abror Mirzo Olimov Markaziy bank raisi o‘rinbosari etib tayinlandi. U bunga qadar MBda departament direktori lavozimida faoliyat yuritgan. Avvalgi o‘rinbosar Shayxontohur tumani hokimi bo‘lgandi.
Alisher Amirov Surxondaryo viloyati hokimning qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari bo‘ldi. Bunga qadar u Avtomobil yo‘llari qo‘mitasida boshqarma boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritgan.
Fuqarolar huquqlarini himoya qilish va murojaatlar bilan ishlash masalalari bo‘yicha prezident maslahatchisi o‘rinbosari Alisher Usmanov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan egallab turgan lavozimidan ozod etildi. U Namangan viloyat sudi raisi bo‘ldi.
Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri o‘rinbosari bo‘lib ishlab kelgan Otabek Choriyev Davlat bojxona qo‘mitasi raisi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
Prezidentning tegishli qarori bilan Baxtiyor Ibragimov, Nusratilla Zikrillayev va Botirjon Shaxriyorov turizm va madaniy meros vaziriga o‘rinbosar etib tayinlandi.
Toshkent shahar hokimligi Munitsipal aktivlarni boshqarish markazi bosh direktori o‘rinbosari Abdulaziz Isroilov shahar hokimi o‘rinbosari lavozimiga tasdiqlandi. Uning vazifalari doirasiga shaharda suv toshqini va yog‘ingarchilik bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etish ham kiradi.
O‘zbekistonning barcha viloyatlari va Toshkent shahri hokimlariga yangi o‘rinbosarlar — viloyat oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshliqlari, qolaversa, Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi raisining o‘rinbosari — Qoraqalpog‘iston Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi raisi tayinlandi. Ularning barchasi xotin-qizlardan iborat.
2020 yildan beri Toshkent shahar hokimining o‘rinbosari sifatida ishlab kelgan Muxtor Muhitdinov boshqa ishga o‘tganligi munosabati bilan lavozimidan ozod etildi. Hokimlikning «Gazeta.uz» ga aniqlik kiritishicha berishicha, u mahalla vaziri o‘rinbosari sifatida faoliyatini davom ettiradi.
Senatorlar Xalilillo To‘raxo‘jayevni Oliy sudi raisining o‘rinbosari — fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi lavozimiga tasdiqladi. U bunga qadar Kadastr agentligi direktori sifatida ishlab kelayotgan edi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting