O‘zbekiston — Afg‘oniston — Pokiston Transafg‘on temir yo‘li qurilishi 2025-yilda boshlanishi rejalashtirilmoqda, dedi transport vaziri Ilhom Mahkamov. Prezidentga loyiha donorlari bilan olib borilayotgan ishlar, yo‘l uchastkasini kengaytirish rejalari haqida ma’lumot berildi.
Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharifning fevral oxirida O‘zbekistonga kelishi kutilmoqda. U tranzit savdosi uchun Karachi portidan foydalanishni taklif qilishi va muhim savdo kelishuvlariga imzo chekishi rejalashtirilgani xabar qilindi.
Pokiston Afg‘onistonning Paktika viloyatiga bombardimon uyushtirdi, kamida 46 kishi halok bo‘ldi. “Tolibon” bu harakatlar uchun qasos olishni va’da qildi. Pokiston tomoni havo hujumlari chegara bo‘ylab “terrorchilar yashiringan joylarni” nishonga olganini bildirdi.
O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish bo‘yicha Pokiston va Tailand bilan ikki tomonlama muzokaralarni yakunladi. “Biz O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishini intiqlik bilan kutyapmiz va bu a’zolik unga ko‘proq savdo va investitsiyalar olib kelishiga ishonamiz”, — dedi Tailand vakili.
Pokistonda Balujiston provinsiyasidagi temiryo‘l vokzalida bomba portladi. Kamida 25 kishi halok bo‘lgan, 40 dan ortiq kishi jarohatlangan. Hodisa uchun javobgarlikni qo‘zg‘olonchi guruh — Balujiston ozodlik armiyasi o‘z zimmasiga oldi.
Havoning kuchli ifloslanishi saqlanib qolayotgani sababli Pokistonning Lahor shahrida yuzlab odamlar nafas olish muammolari bilan kasalxonaga yotqizildi. Hukumat maktablardagi barcha sinflarni onlayn ta’limga o‘tkazdi va aholini yanvar oyi oxirigacha ko‘chalarda niqob taqishga chaqirdi.
Pokistonning Lahor shahrida havoning xavfli sifati tufayli boshlang‘ich maktablar bir haftaga yopildi. Dam olish kunlarida ifloslanish rekord darajaga yetdi. Pokiston bunda “Hindiston shamollari”ni ham ayblamoqda. Hududda xodimlarning yarmi uydan ishlash tartibiga o‘tdi. Qator cheklovlar joriy etildi.
Uzbekistan Airways 15-noyabrdan Toshkentdan Pokistonning Lahor shahriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yadi.
Alisher To‘xtayev O‘zbekistonning Pokistondagi elchisi etib tayinlandi. U bunga qadar tashqi ishlar vaziri maslahatchisi lavozimida ishlagan.
Shavkat Mirziyoyev Qozog‘istonda Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif bilan uchrashdi. Tomonlar qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, farmatsevtika, kimyo kabi tarmoqlarda loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutuvchi 2025−2026-yillarga mo‘ljallangan Sanoat kooperatsiyasi dasturini qabul qilish masalalarini muhokama qildi.
Hukumat sobiq rahbari Navaz Sharifning ukasi Shahboz Sharif Pokistonning yangi bosh vaziri etib saylandi. Uning nomzodi sakkiz partiyadan iborat koalitsiya tomonidan ilgari surilgandi.
Pokiston sobiq bosh vaziri Imron Xon davlat sirlarini oshkor qilganlikda ayblanib, 10 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi. Bu siyosatchiga olti oy ichida chiqarilgan ikkinchi hukm sanaladi: o‘tgan yozda sud uni korrupsiyada aybdor deb topgandi.
Pokiston Tehronning hujumidan bir kun o‘tib Erondagi “terrorchilar boshpanalari”ga qator zarbalar berdi. Pokiston TIV Eron suverenitetini hurmat qilishini va zarbalardan maqsad mamlakat milliy manfaatlarini himoya qilish bo‘lganini ta’kidladi.
Pokiston hukumati Lahordagi havo ifloslanishiga qarshi kurashish uchun ilk bor sun’iy yomg‘ir yog‘dirdi. Jarayon bir muddat havo sifatini yaxshiladi, ammo bu ko‘pga cho‘zilmadi. Faollar atrof-muhit ifloslanishini daraxtlar kesilishi, qurilish ishlari va chiqindi gazlar bilan bog‘lamoqda.
Pokiston mamlakatda noqonuniy yashayotgan xorijliklarni deportatsiya qilishni boshladi. Ularning aksariyati Afg‘onistondan. BMT mamlakat hukumatini “inson huquqlari sohasidagi halokat”ning oldini olish uchun afg‘onlarni majburan chiqarib yuborishdan voz kechishga chaqirdi.
O‘zbekiston mudofaa vaziri Bahodir Qurbonov Pokiston Shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi raisi Saxir Shamshad Mirza boshchiligidagi harbiy delegatsiyani qabul qildi.
Pokiston va O‘zbekiston bojxona ma’lumotlari almashinuvini yo‘lga qo‘yadi. Yil oxirigacha mamlakatlarning yagona darcha tizimlari o‘rtasida shartnomalar tuzish rejalashtirilgan.
O‘zbekiston prezidenti Pokiston bilan harbiy-texnikaviy hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Avvalroq senatorlar ikki davlat o‘rtasidagi ushbu hamkorlik mintaqaviy xavfsizlik asoslarini mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidlagandi.
Pokistonning Bajaur tumanida siyosiy partiya yig‘ilishida xudkush portlash uyushtirdi. Dastlabki ma’lumotga ko‘ra, 44 kishi halok bo‘lgan, 100 dan ortiq kishi jarohat olgan. O‘zbekiston TIV qurbonlarning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirdi.
O‘zbekiston, Pokiston va Afg‘oniston Transafg‘on temiryo‘l liniyasini qurish bo‘yicha muzokaralarning yakuniy bosqichini boshladi. Loyiha qiymati 4,6 mlrd dollardan 8,2 mlrd dollargacha baholanmoqda va 2027-yilgacha yakunlanishi rejalashtirilgan. Afg‘oniston tomoni O‘zbekiston ishlarni bahorda boshlashini ma’lum qildi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting