Qirg‘iziston hukumati jamoat joylarida tamaki chekkanlik uchun jarima miqdorini uch baravar — 33,5 dollargacha oshirdi. Bolalarga tamaki mahsulotlari sotganlik uchun jarima miqdori ham oshirildi.
AQSh Qirg‘iziston fuqarolariga beriladigan sayyohlik va ishbilarmonlik vizalarining amal qilish muddatini 5 yildan 10 yilgacha uzaytirdi. Bundan tashqari, Qirg‘iziston pasporti egalari uchun B1, B2 va B1/B2 vizasiga ariza topshirish uchun 20 dollar miqdoridagi yig‘im bekor qilindi.
2023-yilning yanvar-sentabr oylarida Yevropa Ittifoqidan Rossiyaga 450 mln yevrolik yuqori ustuvorlikka ega tovarlar yetib borgan. Tovarlarning chorak qismi to‘g‘ridan-to‘g‘ri YeIdan, qolgani esa O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Xitoy, BAA kabi davlatlar orqali Rossiyaga yetib borgan, deb yozmoqda Bloomberg.
Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov mulkni ixtiyoriy qonuniylashtirish to‘g‘risidagi qonun bilan o‘ziga tegishli mol-mulkni 20 mln dollarga qonuniylashtirganini aytdi. Uning tan olishicha, avvallari uning binolari, jumladan, Bishkekdagi biznes markazi “boshqa odamlar nomiga rasmiylashtirilgan”.
O‘zbekistonning Namangan viloyati va Qirg‘izistonning Jalolobod viloyatida yangi chegara bojxona postlari qurilmoqda. Ular 2024-yilda foydalanishga topshirilishi reja qilingan.
Xitoy Rossiyani quvib o‘tib, O‘zbekistonning asosiy savdo sherigiga aylandi, shunga qaramay, ikki davlat ham savdodagi ulushini oshirdi. Rossiya va Xitoydan import ko‘paydi, biroq ushbu bozorlarga O‘zbekiston mahsulotlari kamroq yetkazib berilmoqda. Qozog‘iston va Qirg‘iziston bilan savdo aylanmasi ham pasaygan.
Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga ko‘ra O‘zbekiston Bishkek issiqlik elektr stansiyasida yuz bergan avariya munosabati bilan Qirg‘izistonga yordam beradi. O‘shga Andijondan suyultirilgan gaz ballonlari yordam sifatida jo‘natildi.
Bishkekda shaharning katta qismini issiqlik bilan ta’minlaydigan IESda portlash sodir bo‘ldi. Aholiga issiq suv ta’minoti to‘xtatildi, maktab va bog‘chalar onlayn ta’limga o‘tkazildi. Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov vaziyatni o‘z nazoratiga oldi.
Qirg‘iziston hukumati tomonlarning yarashuvi tufayli zo‘rlash bilan bog‘liq sud ishlarini yopishni taqiqladi. Jinoyatlarning da’vo muddati va garov evaziga ozod qilish imkoniyati ham bekor qilindi.
O‘zbek-qirg‘iz qo‘shma avtomobil zavodini ishga tushirish yana ortga surildi. Qirg‘iziston iqtisodiyot va savdo vazirining so‘zlariga ko‘ra, bunga ob-havo sharoiti sabab bo‘lmoqda. Ishga tushirishning yangi muddati 2024-yilning birinchi yarmi bo‘lishi mumkin.
Bishkek sudi Qirg‘izistondagi bir qator mustaqil nashrlarning 11 nafar jurnalistini ikki oyga hibsga oldi. Ular ommaviy tartibsizliklarga da’vat qilishda ayblanmoqda, avvalroq ularni tintuv qilishgandi. Xalqaro inson huquqlari tashkilotlari rasmiylarni OAVga bosim o‘tkazishni to‘xtatishga chaqirmoqda.
Qirg‘iziston militsiyasi Temirov Live va “Ayt Ayt Dese” mustaqil loyihalar jurnalistlarining ustidan tintuv o‘tkazdi va bir necha kishini so‘roqqa olib ketdi. Bundan tashqari, 24.kg agentligi tahririyatiga ham xavfsizlik kuchlari kelgan. “Gazeta.uz” vaziyatga aloqador ma’lumotlarni taqdim etadi.
Qirg‘iziston rahbari Sadir Japarovning aytishicha, “Salimboy” bilan uchrashish uchun o‘zbek-qirg‘iz chegarasini noqonuniy kesib o‘tgan deputat Emil Jamg‘irchiyev undan “ikki do‘stni” yo‘q qilishga yordam berishni so‘ragan. Qirg‘iziston matbuotining qayd etishicha, mamlakatda prezident va MXDQ rahbari shunday chaqiriladi.
2023-yil yakunlariga ko‘ra, Qozog‘istondan O‘zbekistonga ko‘mir importi 1,4 mln tonnaga oshib, 3,1 mln tonnaga (+82,3 foiz) yetgan. Qirg‘iziston ko‘miri esa 10 oyda ikki barobar ko‘paygan — deyarli 900 ming tonnagacha. Yanvar-noyabr oylaridagi yetkazib berish hajmi qiymat jihatdan 189,2 mln dollarga baholanmoqda.
O‘zbekiston va Qirg‘iziston huquq-tartibot idoralari Qirg‘iziston parlamenti deputati Emil Jamg‘irchiyevga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoiy ish doirasida tadbirkor Salim Abduvaliyevni birgalikda so‘roq qilgan. Deputat Qirg‘izistonda “tartibni tiklash” uchun “Salimboy”dan yordam so‘ragan, dedi respublika MXDQ rahbari.
Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov mamlakat bayrog‘ini o‘zgartirish to‘g‘risidagi qonunni ma’qulladi. Endi bayroqdagi quyoshning to‘lqinli nurlari to‘g‘ri holatda bo‘ladi. Bayroqning eski versiyasidagi quyosh, Japarovning so‘zlariga ko‘ra, “kungaboqarga o‘xshab ketardi”.
Qirg‘iziston parlamenti davlat bayrog‘ini o‘zgartirish haqidagi qonunni muhokamalarsiz qabul qildi. Rasmiylar bayroqdagi quyosh nurlari shaklini ba’zilar kungaboqarga o‘xshatgani sababli o‘zgartirmoqchi. Prezident bu uning tashabbusi ekanini tan olib, o‘zgarishlar uchun “ko‘p mablag‘ kerak emasligini” aytdi.
Qirg‘izistonning O‘sh shahrida O‘zbekiston Bosh konsulligining rasmiy ochilishi bo‘lib o‘tdi.
Qirg‘iziston Konstitutsiyaviy sudi voyaga yetgan fuqarolarning ota ismi o‘rniga onasining ismini tanlash huquqini beruvchi qarorini bekor qildi. Aholining katta qismi ona ismini olish institutini qirg‘iz xalqining axloqiy asoslari va an’analariga tahdid soluvchi salbiy hodisa sifatida qabul qilgan.
2021-yilda O‘zbekiston Qirg‘izistonga MI-8MTV harbiy vertolyotini sovg‘a qilgan. Qirg‘iziston yana bir shunday samolyotni ta’mirlash uchun O‘zbekistonga yuborgan. Mudofaa vazirligi ta’mirlash ishlarini to‘liq o‘z zimmasiga olgan va hozirda ta’mirdan chiqqan vertolyotni Qirg‘izistonga qaytardi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting