Qonunchilik palatasi deputatlari 9 oyda ortiqcha to‘langan 126 mlrd so‘m soliqni qaytarish masalasi bilan qiziqishdi. «Bir oyda 10 trln soliq tushumlari tushadi, ortiqcha to‘langan 126 mlrd so‘m bu normal raqam», — dedi DSQ raisi Sherzod Qudbiyev. U, shuningdek, ortiqcha to‘langan soliq tadbirkorlik sub’ekti murojaati yoki sudni qarori bilan qaytarilishini ma’lum qildi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida 9 oyda tabiiy gazni qazib olish 19,6 foizga, gaz kandensati esa 34,7 foizga tushgani, bu dunyo bozoridagi talab kamayishi tufayli kuzatilgani aytildi. Deputat Maqsuda Vorisova, — «Ichki bozorda talab kundan-kunga oshib borayapti, tadbirkorlarni ham qish oldidan gaz tarmog‘idan uzishga majbur bo‘layapmiz, bunga qanday izoh berasizlar», — deya savol berdi. Energetika vaziri o‘rinbosari qo‘shma korxonalar eksportni to‘xtatgani va ishlab chiqarish shuning hisobiga qisqarganini ma’lum qildi.
Yer uchastkalarining hokimlar tomonidan olib qo‘yilishini ta’qiqlovchi qonun loyihasi taklif etilmoqda. Qonunchilik palatasida muhokama qilinayotgan loyihaga ko‘ra, yer uchastkalarini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun, shuningdek, investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun olib qo‘yish vakolatini Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga berish kutilmoqda.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting