Ijtimoiy tarmoqlarda erkak kishining cho‘lda bir ayolni kaltaklab, “samosud” qilayotgani aks etgan videoyozuv tarqaldi. Navoiy viloyati IIBdan “Gazeta.uz"ga ma’lum qilishlaricha, ayolni kaltaklagan shaxs qamoqqa olingan. Ta’kidlanishicha, huquqbuzarning ichki ishlar organlariga “hech qanday aloqasi yo‘q”.
Pastdarg‘om tumanida 15 yoshli bola 6-sinf qizga sevishini aytgani uchun qizning akasi tomonidan “samosud” qilindi. Yigit bolaning sochi va qoshini qaychi bilan qirqqan va tan jarohati yetkazgan. Samarqand viloyati IIB holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini bildirdi.
Urgut tumanida tunda sevganining uyiga kelgan yigitni qizning akasi kaltakladi. Qiz va yigit sinfdosh bo‘lgan. Hozirda holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda.
Qo‘qondagi kiyim-kechak bozorida do‘konga kiruvchi xaridorlar yo‘li to‘sib qo‘yilgani sababli sotuvchilar o‘rtasida janjal sodir bo‘ldi. Voqea oqibatida 14 yoshli bola jarohatlandi. Holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Shayxontohur tumanidagi maktabning 5 nafar o‘quvchi qizi uy yerto‘lasida bir qizni kaltakladi. Holatga izoh bergan Toshkent shahri maktab ta’limi boshqarmasi ichki ishlar xodimlari tergov-surishtiruv ishlarini olib borayotganini bildirdi.
Yangihayot tumanidagi maktabning 16, 17 yoshli o‘quvchi qizlari 14 yoshli qizni urib, unga yengil jarohat yetkazdi. Qizlarning ota-onalari bilan tushuntirish ishlari olib borilgan. Voqea yuzasidan bezorilik holati bo‘yicha jinoyat ishi ochildi.
Qashqadaryoda ayol va u bilan ishqiy munosabatda bo‘lgan erkakning sochini olib, qamchilab «samosud» qilgan ota va uning 3 o‘g‘liga sud hukmi o‘qildi. Viloyat sudlari axborot xizmatiga ko‘ra, ularning ikki nafariga 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Bir nafari 3 yilga, yana biri 2 yilga qamaldi.
Qibray tumanida 2 kishini guruh bo‘lib kaltaklaganlar ushlandi. Holat yuzasidan bezorilik moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Toshkentdagi «Aziz ota» jome masjidi imom noibi ijtimoiy tarmoq orqali «samosud»ni yoqlab chiqish qilgani uchun ishdan olindi. Musulmonlar idorasi amaldagi qonunlarga zid ravishda zo‘ravonlikka chaqiruvchi bu kabi chiqishlarni qoraladi.
Toshkentda ayol rashk sabab Pedagogika universiteti talabasini «samosud» qilgani haqida xabarlar tarqaldi. Oliygoh matbuot xizmatiga ko‘ra, holat talabaga ham tushunarsiz bo‘lgan. Qiz voqea yuzasidan IIOga ariza yo‘llagan. Hozirda tergov ishlari olib borilmoqda.
Qashqadaryoda ayol o‘zining eri va uning qarindoshlari tomonidan kaltaklandi. Viloyat IIB bunga ayol boshqa fuqaro bilan ishqiy munosabatda bo‘lib yurgani sabab bo‘lganini aytmoqda. Ayolni bog‘lab qo‘yib, sochini kesib, kaltaklagani va qamchi bilan muttasil urgani uchun gumondorlarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Samarqandda dala maydonida ona-bola birgalikda boshqa bir ayolni «samosud» qilgani aytilmoqda. Videoda yigit tokqaychi ushlab olgani, ayol esa jabrlanuvchining bosh qismiga urayotganini ko‘rish mumkin. Samarqand viloyat IIB hodisa yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.
Xodimlarni shtat qisqarishidan ogohlantirgan Adliya vazirligi, karantin vaqtida hisoblanmagan pensiyalarni to‘liq to‘lab berilishi, qilichbozlik bo‘yicha ilk o‘zbekistonlik jahon chempioni, Oksana Chusovitinadan yana yangi sovrin, hafta issiq bo‘lishi kutilayotgani, QR-kodli chek uchun Surxondaryoda «samosud» qilingan jurnalist va boshqalar — «Gazeta.uz» ning 4 apreldagi eng muhim xabarlari dayjestida.
Termizda Kun.uz muxbiri va «Zakovat» bilimdoni Abbos Salaydinov dorixona sotuvchisidan QR-kodli chek talab qilgani uchun «samosud» qilindi. Dorixona egasi va sotuvchisi unga «qonunni Toshkentga borib talab qilishini» aytib, jismoniy kuch ishlatgani va haqorat qilgani aytilmoqda. Dorixona egasi, sotuvchi, xattoki jurnalistning o‘ziga nisbatan ma’muriy ish qo‘zg‘atildi.
Toshkentning ikkita tumanida xarid cheki berilmaganligi uchun do‘konning QR-kodini skaner qilib, «Soliq» mobil ilovasi orqali murojaat yo‘llagan xaridorlar tadbirkorlar tomonidan «samosud» qilindi. Toshkent shahar IIBB huquqbuzarlarga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilganini ma’lum qildi.
Toshkent viloyatining Parkent tumanida joylashgan soyda cho‘milayotgan ayol boshqa bir ayol tomonidan kaltaklandi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Navoiy viloyatining Xatirchi tumanida bir necha taksi haydovchilari qoidabuzarliklarni suratga olgan 2 nafar fuqaroni kaltaklashdi. Taksichilar ularning suratga olgan telefonini tortib olishgan va Spark avtomashinasiga moddiy zarar yetkazgan.
Xorazm viloyati Qo‘shko‘pir tumani «Oqdarband» qishlog‘i hududida to‘rt ayol ulardan birining oilali o‘g‘li bilan yashab kelayotgan boshqa bir ayolning kiyimlarini yirtib, qaychi bilan sochlarini kesib «samosud» uyushtirgan edi. Ularga jazo tayinlandi.
Bosh prokuratura Xotin-qizlar va bolalar huquqlarining kafolatlarini ta’minlashga oid prezident qarori loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi. Unga ko‘ra, O‘zbekistonda qasddan odam o‘ldirganlik uchun javobgarlikka tortish yoshini 13 yoshdan 14 yoshgacha uzaytirish taklif etilyapti. Bundan tashqari, Jinoyat kodeksiga samosud jinoyatiga oid normani kiritish, 128-, 129-moddalari sanksiyalarini oshirish maqsad qilingan.
Xorazmda bir guruh ayollar boshqa bir ayolning qizligini tekshirish maqsadida yechintirib, jarayonni videoga olishdi. «Samosud» ishtirokchilarining shaxsi aniqlanib, hodisa yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atildi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting