O‘zbekiston maktablarida qizlarga istisno tariqasida oq va ochiq ranglardagi milliy ro‘molda va do‘ppida bo‘lishga ruxsat berildi. XTV rahbari bu ko‘pchilik ota-onalarning murojaatlari asosida qabul qilinganini va asosiy maqsad — barcha bolalarga ta’lim berish ekanligini ta’kidladi. «Biz dunyoviy bilimlarni barchaga berishimiz shart. Shu narsaga sharoit yaratib berishimiz kerak», — dedi u.
Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov 6-sinfdan a’lo bahoga o‘qigan bitiruvchilarga OTMga kirish imtihonida qo‘shimcha ball berish bo‘yicha taklifga izoh berdi. «Bolaning taqdiri nimaga faqat bir kun bilan hal bo‘lib ketishi kerak?», — dedi vazir. U ushbu tizimni joriy qilishda korrupsiyaning oldini olish uchun elektron kundalik yordam berishi mumkinligini ta’kidladi.
USIAD xalqaro nashriyotlar tomonidan ishlab chiqilgan O‘zbekistondagi maktablar uchun informatika va ingliz tili darsliklarini sotib oldi. Ular 2021−2022 o‘quv yilida mamlakatning 200 ta maktabida sinovdan o‘tkaziladi. Shuningdek, agentlik O‘zbekiston uchun maxsus ishlab chiqilgan ona tili, matematika va informatika bo‘yicha ta’lim standartlarini Xalq ta’limi vazirligiga topshirdi.
Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov COVID-19 ga qarshi xitoy-o‘zbek ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi bilan emlandi.
Prezident videoselektorda o‘qituvchilar oylik maoshlarini oshirish zarurligini ta’kidladi. Xalq ta’lim vaziri Sherzod Shermatov «davlat byudjetini tasdiqlovchi ba’zi deputatlar» bundan to‘g‘ri xulosa chiqarishiga umid qilishini yozdi. Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev bu jarayon deputatlarga bog‘liq emasligini, Shermatov vaziyatdan foydalanib «piar» qilganligini ta’kidladi.
Sinflarda o‘quvchilar sonini 35 dan 24 gacha kamaytirish uchun yiliga 9 trillion so‘m kerak bo‘ladi, dedi xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov. Shuningdek, u yoshlar uchun texnologiya va aniq fanlarni ingliz tilida o‘rganish nima uchun muhim ekanini tushuntirdi.
Bugun O‘zbekistonda o‘quvchilar soni (6,24 mln) maktablarning loyihaviy quvvatidan (5,06 mln) sezilarli darajada ortib ketgan. Vaziyat shu holda rivojlanib borsa, o‘rtadagi farq 2 mlntaga yetadi, deya ma’lum qildi xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov. U maktablarda joy yetishmayotganining ikki asosiy sababini aytib, muammoni hal etish bo‘yicha bir qancha takliflarni ilgari surdi.
Sherzod Shermatovning ta’kidlashicha, maktablardagi muammolarni hal etish o‘rniga, «ba’zilar o‘zini ko‘rsatishga harakat qilishdan nariga o‘ta olmayapti». U prezident topshiriqlarini to‘g‘ri tushungan rahbarlar byudjetdan tashqari mablag‘larni topib, maktablarga yordam berishga harakat qilishini aytdi.
Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov majburiy mexnat bo‘yicha xalq ta’limi xodimlariga topshiriq berganlarga ham chora ko‘rish kerakligini ta’kidladi. Senat raisi Tanzila Narbayeva esa majburiy mehnatga jalb qilish zanjirining ortida hokimlar turganiga ishora qildi.
Xalq ta’limi vaziri deputat Rasul Kusherbayevning o‘quvchisi OTMga kirolmagan maktab direktorlarini ishdan bo‘shatish to‘g‘risidagi fikrlarini populizm deb ta’riflagan edi. Deputat bunga javob berib, u faqat qonun ustuvorligi tarafdori ekanligini aytdi. «Agar demokratik davlatlar qatori qonun ustuvorligini ta’minlash va muammoni sud orqali hal qilish populizm bo‘lsa unda men emas, avvalo qonunlar va Mehnat kodeksi bosh populist bo‘lib qolmaydimi?», — dedi Kusherbayev.
Deputat Rasul Kusherbayev bitiruvchilari OTMga kira olmagan maktab direktorlarining ishdan olinishini «demagogiya va boshqaruvga noqobil odamlarni qo‘yadigan talabi» deya tariflagan edi. Xalq ta’limi vaziri «oxirgi 2 yilda faqat OTMga kirganlar bo‘yicha ob’ektiv ma’lumot bo‘lgani» sababli bunday yo‘l tutilganini ta’kidladi. Sherzod Shermatov masalani tushuntirish uchun deputat bilan bog‘lana olmaganini ma’lum qildi. «Qadriyatlarimiz va tanlovimiz ikki xil ekan», — dedi u.
Prezident topshirig‘iga ko‘ra, yangi qurilayotgan uy-joy komplekslari orasida har 1000 ta kvartirali kompleks uchun 1500 o‘rinli davlat maktabi quriladi.
Bitiruvchisining birontasi ham OTMga kirmagan maktablarda uzoq vaqt ishlagan rahbarlarni lavozimdan olish bo‘yicha choralar tufayli, bir yil ichida bunday maktablar soni 3 barobarga kamaygan. 2020 yilda Qashqadaryo viloyatida 16,4% maktabning birorta bitiruvchisi OTMga kirmagan. Bu bo‘yicha eng yaxshi natija Toshkent shahrida (0,3% maktabda) kuzatilgan.
1,5 mln abituriyentning 23 foizini bu yilgi maktab bitiruvchilari tashkil etgan bo‘lsa, ular davlat granti kvotasining 50 foizini egallagan. «Abituriyentlarning natijasi maktab bitiruvchilarinikidan anchagina orqada», — dedi Sherzod Shermatov. Vazir, shuningdek, o‘z ishini eplay olmayotgan va «sohaga adashib kirib qolgan» pedagoglarga o‘ziga boshqa ish topishni tavsiya qildi.
Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov Qashqadaryo viloyatida birorta ham bitiruvchisi OTMga kira olmagan 20 ta maktab direktorini o‘z lavozimidan chetlatdi. Yuqori natijalarga erishgan maktab direktorlari esa rag‘batlantirildi.
Xalq ta’limi vaziri hududlarda ta’limni yaxshilash uchun eng yaxshi tandem — fidoyi xalq ta’limi boshqarmasi rahbari va uni doim qo‘llab-quvvatlovchi hokim ekanini ma’lum qildi. «Hokim tomonidan e’tibor berilmasa yoki xalq ta’limi rahbari muammolarni to‘g‘ri tushuntira olmasa, ijobiy o‘zgarish juda qiyin bo‘lishi mumkin», — dedi Sherzod Shermatov.
Sherzod Shermatov 10 mingdan ortiq qadam bosib, rahbar sifatida shaxsiy namuna ko‘rsatish oson emasligini aytdi. U taxminan 2 soatlarda 9 kilometrni bemalol yurib borsa bo‘lishini ta’kidlagan.
Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatovning ta’kidlashicha, o‘qituvchilarni majburiy mehnatga jalb qilish holatlarini nafaqat prezident siyosatiga xiyonat, balki ataylab davlat rahbarining imijini diskreditatsiya qilishga harakat deb baholash kerak. «Yordam berishga imkoniyatingiz bo‘lmasa, iltimos, juda bo‘lmasa xalaqit qilmang», — deya murojaat qildi Sherzod Shermatov hokimlarga.
«Maktablar ochilishi bo‘yicha qarorni faqatgina Mahalliy Kengash deputatlari maktablarning haqiqiy tayyorligi, hududdagi sanitariya-epidemiologik holat va sog‘liqni saqlash tizimi imkoniyatidan kelib chiqib qabul qiladi», — ta’kidladi Sherzod Shermatov. Uning xabar berishicha, maktab ochilishidan avval uni xavfsiz va zarur vositalar bilan ta’minlanganligiga ishonch hosil qilingach, Kengash ushbu maktab faoliyatini boshlashi to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov maktablarda qat’iy forma talab qilinmasligini, lekin ma’lum tartiblarga rioya qilinishi kerakligini ta’kidladi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting