Tarmoqlarda Qashqadaryodagi tug‘uruqxona xodimlarining bemorlardan pul ta’ma qilayotgani aks etgan video tarqaldi. SSV tug‘uruq bo‘limi akusher-ginekologi va doya ishdan bo‘shatilganini ma’lum qildi. Holat yuzasidan huquq-tartibot idoralari tomonidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda.
O‘zbekistonda kovid statistikasi e’lon qilinmayotganiga bir oydan oshdi. Sog‘liqni saqlash vazirligi kasallanish holatlari keskin kamaygani uchun axborot berish to‘xtatilganini bildirdi. SES boshlig‘i o‘rinbosari Nurmat Otabekovning so‘zlariga ko‘ra, hozirda kuniga 15−20 ta kasallanish holati qayd etilmoqda.
O‘zbekistonda har yili 1000 ga yaqin ayolning o‘limiga sabab bo‘ladigan bachadon bo‘yni saratonini erta aniqlashda odam papilloma virusi testini o‘tkazish bo‘yicha sinov loyihasi o‘z samarasini ko‘rsatdi. Bunday skriningni doimiy o‘tkazish dasturi kasallanish va o‘lim darajasini pasaytirishga yordam berishi kutilmoqda.
Xalqaro ekspertlar O‘zbekistonda Xalqaro tibbiy-sanitariya qoidalarining ijrosi yuzasidan tashqi baholashni boshladi. Baholash natijalariga asoslangan tavsiyalar mamlakatning favqulodda vaziyatlarga tayyorgarligi bo‘yicha yangi yondashuvlarni ishlab chiqishga yordam beradi.
2022 yilning ilk ikki oyida mamlakat bo‘yicha tez tibbiy yordam xizmatiga jami 2 mln 42 mingdan ortiq murojaat kelib tushdi. Eng ko‘p murojaatlar Farg‘ona, Andijon va Toshkent shahrida, eng kam chaqiriqlar esa Jizzax, Sirdaryo va Navoiy viloyatlarida kuzatilgan. Ushbu xizmatdagi reanimobil mashinalar soni 442 taga yetgani aytildi.
UNICEF O‘zbekiston hukumatiga vaksinalarni saqlash omborlari uchun 500 ming dollardan ko‘proq qiymatdagi 118 muzlatgich, 7 ming dona termosumka va tibbiyot xodimlari uchun shaxsiy himoya vositalarini topshirdi (foto).
SSV tibbiyot sohasidagi muammolar tashabbuskor, yangicha fikrlaydigan, professional va ijodkor kadrlarning yetishmasligi bilan bog‘liq, deb hisoblaydi. Shuni hisobga olib, vazirlik markaziy apparati xodimlarining 40 foizi ishdan bo‘shatildi. Ularga quyi bosqichdagi tibbiyot muassasalarida ishlash taklif qilindi. Kadrlar islohoti vazirlikning boshqa bo‘g‘inlariga ham ta’sir qiladi.
O‘zbekistonga Xitoydan 1 mln doza ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi keltirildi. SSV ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda foydalanilayotgan vaksinalar soni 49 mln dozadan oshdi.
SSV ishchi guruhi tibbiyot muassasalarining ishida kamchiliklarni aniqladi: uzun navbatlar, ortiqcha qog‘ozbozliklar va sanitariya-gigiyena me’yorlariga amal qilmaslik. Vazir Behzod Musayev barcha muassasalarning sanitariya-gigiyenik holatini zudlik bilan yaxshilash bo‘yicha topshiriq berdi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbari Behzod Musayev tunda poytaxt shifoxonalarida bo‘lib, bolalar o‘rtasida o‘tkir respirator infeksiyalar bilan kasallanish holatini o‘rgandi. Keyin u ertalab soat 4:30 da yig‘ilish o‘tkazdi, shundan so‘ng 600 dan ziyod qo‘shimcha o‘rin-joylar tashkil etildi.
Behzod Musayev sog‘liqni saqlash vaziri lavozimiga tayinlandi. Ushbu lavomizda ishlab kelgan Abduxakim Xadjibayev O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasiga o‘tishi kutilmoqda.
Sog‘liqni saqlash vazirligi «Tez yordam» xizmatiga bo‘lgan jami chaqiriqlar soni 3 noyabrdagi 3433 tadan 4 noyabrda 4082 taga yetgani, 678 kishi nafas qisishidan shikoyat qilganini bildirdi. Vazirlik aholiga changli havoda niqob taqish, allergik va astma kasalligi bor bemorlarga tashqariga chiqmaslikni tavsiya qildi.
Ijtimoiy tarmoqlarda sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Basitxanova SSV rahbaridan tug‘ruqdan keyin vafot etgan ayolning o‘limini yashirishga urinayotgani haqida xabarlar tarqaldi. U mazkur xabarni rad etib, bu «vaziyatni noto‘g‘ri talqin qilish» deb hisoblashini ta’kidladi.
Germaniya O‘zbekistonga koronavirusga PSR tekshiruvini o‘tkazish uchun mobil laboratoriya yetkazib berdi. Laboratoriya quvvati bir kunda 1500 ta tahlil o‘tkazishga mo‘ljallangan. Ushbu laboratoriyada koronavirusga bepul test topshirish mumkin.
Sog‘liqni saqlash vazirligi huzurida onkogemotologik va davolash murakkab bo‘lgan kasalliklarga chalingan bemorlarni davolashga ko‘maklashish uchun jamg‘arma tashkil etilmoqda. Fond tibbiy uskuna va dori-darmonlarni, reaktivlarni sotib oladi va operatsiya uchun xorijdan mutaxassislarni taklif qiladi.
YUNISEF SSVga patronajning universal-progressiv modeli bo‘yicha 50 ming nusxada qo‘llanma va kitobchalarni topshirdi. Nashrlar birlamchi tibbiy-sanitariya yordami darajasida homilador ayollar, yaqinda farzand ko‘rgan ayollar va 5 yoshgacha bo‘lgan bolalarga xizmatlarni yaxshilashga qaratilgan.
O‘zbekiston bo‘yicha o‘lim statistikasi nima uchun e’lon qilinmayotganligi haqida SSV vaziri izoh berdi. Unga ko‘ra, statistika faqat rasmiy so‘rov bo‘lgandagina taqdim etiladi.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatiga 16 ta zamonaviy avtomobil topshirildi. Ulardan butun mamlakat bo‘ylab bolalarning vaqtida emlangani monitoringini yuritish sifatini yanada yaxshilash uchun foydalaniladi.
Koronavirusga chalinish holatlari kamaygani sababli COVID-19 bemorlarini davolashga ixtisoslashgan yana 3 ta shifoxona — Toshkent shahar tez tibbiy yordam klinik shifoxonasi, Toshkent shahar perinatal markazi va Toshkent shahar 3-son yuqumli kasalliklar shifoxonalari o‘z yo‘nalishi bo‘yicha odatiy ish faoliyatiga qaytdi.
1 noyabr holatiga ko‘ra O‘zbekistonda OIV bilan kasallangan 43 581 kishi ro‘yxatga olingan. Yil davomida bu ko‘rsatkich 1483 ga oshdi, bu o‘tgan yilga nisbatan sezilarli darajada kam.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting