Xorij fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni O‘zbekistonga taklif qilish xizmatlari endi my.gov.uz portali orqali ham ko‘rsatiladi. DXXning hududiy boshqarmasi yuborilgan so‘rovnomani 7 ish kuni ichida tekshirib, xulosa beradi. Taklifnoma 3 oyga amal qiladi.
Markaziy bank aholidan chiptalar, barcha turdagi kommunal xizmatlar, davlat boji va boshqa xizmatlar uchun to‘lovlarni amalga oshirishda olinadigan komissiyalarning eng yuqori miqdorini BHMning 20 foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda (60,6 ming so‘m) belgilashni taklif qilmoqda.
O‘zLiDep partiyasi davlat bayrog‘idan foydalanishga qo‘yiladigan talablarni soddalashtirishni taklif qilmoqda. Undan, xususan, fuqarolarning uyda va ish joyida erkin foydalanishiga ruxsat berilishi mumkin.
Prokuraturada bir vaqtning o‘zida tergov funksiyasi mavjudligi odil sudlovni amalga oshirishga halaqit beradi, degan fikrda Rasul Kusherbayev. Deputat DXX, IIV va prokuraturadan mustaqil bo‘lgan tergov organini tashkil etish vaqti kelgani va buni Konstitutsiyada aks ettirish zarurligini ta’kidladi.
IIV YPX xodimining foto va videosini uning ruxsatisiz tarqatishni taqiqlashga oid taklif nazarda tutilgan Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasini e’lon qildi. Jamoatchilik vakillari esa bunga qarshi munosabat bildirdi, jumladan, Davletovuz yozishicha, «bu yopiqlikka, orqaga tashlangan qadam». Nurbek Alimov esa bu bilan jamoatchilik nazorati yo‘qolishini ta’kidladi. Xushnudbek esa VMning bunday cheklov o‘rnatishga vakolati yo‘qligini eslatib o‘tdi.
Adliya vazirligining qayd etishicha, qonunchilikda yoqimsiz hidlar va ularni tartibga soluvchi normalar o‘z aksini topmagan, shu sababli atrof-muhitni ifloslantiruvchi chiqindilar bilan bir qatorda, hid ta’sirining ruxsat etilgan maksimal darajasini huquqiy tartibga solish zaruriyati mavjud. Vazirlik ushbu masala yuzasidan takliflarni ishlab chiqib, ularni ma’sul idoralarga kiritdi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting