Sergeli tumanidagi xususiy bog‘chada tarbiyachi yordamchisi go‘yoki xarxasha qilayotgan bolani kaltakladi. So‘ngra uni ko‘tarib boshqa xonaga olib chiqayotganida bolaning oyog‘i sindi. Hozirda tarbiyalanuvchi shifoxonada, holat bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda.
G‘allaorol tumanidagi 16-bog‘chada tarbiyachi bolalarni haqoratlab, ularni oyoq kiyim bilan kaltakladi. Viloyat Maktabgacha ta’lim boshqarmasi xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganini bildirdi.
Andijondagi bog‘chada tarbiyachi sherigi bilan janjallashgan bolaning yuziga urdi. Bolaning otasi IIBga ariza berdi, hozirda tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Gurlan tumanidagi 23-bog‘chada bir-biri bilan urishgan bolalarga tarsaki tushirgan tarbiyachi ishdan bo‘shatildi. Shuningdek, ayni shu tarbiyachi e’tiborsizligi sababli boshqa bir holatda bolaning qo‘lini eshik qisib qolgani aniqlandi. Uning barmog‘iga igna tiqilmagan, balki davolash uchun maxsus sim qo‘yilgan.
Yunusobod tumanidagi 414-sonli davlat bog‘chasida tarbiyachi bolalarga qo‘pol muomalada bo‘lib, ularni qo‘rqitib, kuch ishlatgani aniqlandi. Poytaxt maktabgacha ta’lim boshqarmasi tarbiyachi ishdan bo‘shatilganini bildirdi.
Yunusobod tumanidagi bog‘chada yig‘lagan bolaga qo‘pol munosabatda bo‘lib, uning qo‘llarini qo‘kartirgan tarbiyachi ishdan bo‘shatildi. Tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi ayolning harakatlarini “nihoyatda qo‘pol, pedagog uchun xos bo‘lmagan” deya atadi. Ishni prokuratura o‘rganmoqda.
Chirchiq shahridagi xususiy bog‘chada tarbiyachi tushlik paytida uxlay olmay yig‘layotgan bolani urib, hojatxonaga qamab qo‘ydi. Bolalar ombudsmani voqeaga tarbiyachining oilaviy sabablarga ko‘ra asabiy holatda bo‘lganini va u ishdan olinganini bildirdi. Holat bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda.
Chustdagi davlat bog‘chasida tarbiyachi qizchani kiyim almashtirish chog‘ida urgani aks etgan video tarqaldi. Holatni o‘rgangan MMTB voqea 2022-yilda bo‘lgani, o‘sha yili xodim boshqa lavozimga tushirilganini bildirdi. Hozirda tarbiyachini ishdan olish masalasi ko‘rilmoqda. Bog‘cha ta’mir ishlari uchun yopilgan.
Tarmoqlarda Yangiyo‘l tumanidagi bog‘chada tarbiyachi bolalarni urishib, oyoq kiyimi bilan urayotgani aks etgan video tarqaldi. Holat bo‘yicha tergov va sud tibbiy ekspertizasi o‘tkazilmoqda, xodim esa ishdan olindi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting