Prezident yig‘ilishida aytilishicha, charm sanoatida bichuvchi, tikuvchi, kosib kabi o‘rta bo‘g‘in kadrlari yetishmayapti, yiliga bor-yo‘g‘i 167 nafar mutaxassis tayyorlanmoqda. Davlat rahbari poyabzal sohasi rivojlangan viloyatlarda korxonalarni texnikumlarga bog‘lab, dual ta’limni yo‘lga qo‘yishni buyurdi.
Mamlakatning xomashyo bazasi kamida 15 mlrd dollarlik to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish, 500 mingta yangi ish o‘rni yaratish imkonini bermoqda, dedi prezident. Uning so‘zlariga ko‘ra, eksportni an’anaviy arzon bozorlardan (Rossiya, Xitoy, Turkiya) “yangi, qimmatroq"lariga yo‘naltirish zarur.
Prezident Andijon viloyatiga tashrifi chog‘ida Asakadagi to‘qimachilik korxonasida bo‘ldi. U yerda viloyat misolida paxta-to‘qimachilik sanoatini rivojlantirish konsepsiyasi bo‘yicha axborot berildi. Tannarxni 15 foizga qisqartirish, 65 foiz qo‘shilgan qiymat yaratish rejalari ta’kidlandi.
Ball boniteti past, suv og‘ir bo‘lgan va hosildorligi 30 sentnerdan oshmaydigan har bir viloyatdagi 1 tadan tumanda 70−80 sentnerdan yuqori hosil beradigan paxta urug‘ini chetdan olib kelishga ruxsat etiladi, dedi prezident. Ayrim to‘qimachilik korxonalariga imtiyozlar beriladi.
Prezident qarori bilan keyingi o‘quv yilidan Namangan to‘qimachilik sanoati instituti o‘z faoliyatini boshlaydi. Institutda ta’lim jarayoni kredit-modul tizimi, jumladan, qo‘shma ta’lim dasturlari asosida tashkil etiladi. Shuningdek, OTM qoshida To‘qimachilik texnoparki ochiladi.
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston ip-kalavani tayyor mahsulotgacha qayta ishlash darajasi pastligi oqibatida yiliga 9 mlrd dollar yo‘qotayotganini ma’lum qildi. Shuning uchun prezident mahsulot ishlab chiqarish rejasini har bir viloyat, tuman va shahar, qolaversa, klaster kesimida belgilashni joriy etdi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting