Respublika maktablarida 4 noyabrdan 10 noyabrgacha kuzgi ta’til e’lon qilindi.
O‘zbekistonning 10 minga yaqin maktablarida o‘tkazilgan ikki kunlik reydlarda 2832 nafar o‘quvchi darslarni sababsiz qoldirgani ma’lum bo‘ldi. XTV xabariga ko‘ra, ularning 507 nafari internet klublarda vaqt o‘tkazayotgani, 338 nafari esa bozorda savdo-sotiq, aravakashlik bilan shug‘ullanayotgani aniqlangan.
Xalqaro moliya korporatsiyasi O‘zbekiston hukumatiga mamlakat viloyatlarida zamonaviy va energiya jihatidan tejamkor 15 tagacha maktablarni moliyalashtirish, loyihalashtirish, qurish va xizmat ko‘rsatish uchun xususiy operatorni tanlashda tender o‘tkazishga yordam beradi.
Xalqaro nufuzli fan olimpiadalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan o‘quvchilarga oltin medal uchun 122,5 mln so‘m, kumush uchun 73,5 mln so‘m va bronza uchun 49 mln so‘mdan pul mukofotlari topshirildi. Shunindek ularning o‘qituvchilariga ham pul mukofotlari taqdim etildi.
OTB O‘zbekiston maktablarida STEM ta’limni rivojlantirishga 100 mln dollar ajratadi. Loyiha bo‘yicha darsliklarning standartlarini yaxshilash, o‘qituvchilarni tayyorlash, maktablar uchun zarur jihozlarni sotib olish ko‘zda tutilgan.
Xalq ta’limi vazirligi 110 maktabdagi kalta paypok bilan bog‘liq holatni o‘rganganida, LGBT mavzusi dars paytida ko‘tarilmaganini ta’kidladi. Vazirlik taqdim etgan videolavhaga ko‘ra, o‘qituvchi bolaning kalta paypoqda ekanligini ko‘rib, «Bizda nima, LGBTmi? Oliy Majlis maktablarimizda paypoqsiz yurishni taqiqlagan», — deb aytgan. Direktor o‘rinbosari esa o‘g‘il bolalarga kalta paypoq kiyib yurmaslikni uqtirgan.
O‘zbekistondagi ta’lim muassasalarida ingliz tilini o‘qitish uchun AQSHdan 27 nafar o‘qituvchi va olimlar tashrif buyurdi. Ular mahalliy o‘qituvchilar davrasiga qo‘shilib, sinfxonalardagi darslarda bevosita ishtirok etadi.
Xalq ta’limi tizimidagi turli nohaqliklar, yuzaga kelgan muammoli vaziyatlarda murojaat qilish mumkin bo‘lgan ishonch raqamlari e’lon qilindi. Bundan tashqari, o‘qituvchilarning yozma ravishda shikoyatlarini yo‘llash imkoniyati mavjud bo‘lgan web-platforma yo‘lga qo‘yildi.
XTV maktab ta’limini rivojlantirish bo‘yicha g‘oyalar va takliflar portalini ishga tushirdi. Portalda ta’lim sifatini oshirish, inklyuziya, innovatsiya, maktab infratuzilmasi va boshqalarga oid g‘oyalarini taqdim etish mumkin.
Bitiruvchisining birontasi ham OTMga kirmagan maktablarda uzoq vaqt ishlagan rahbarlarni lavozimdan olish bo‘yicha choralar tufayli, bir yil ichida bunday maktablar soni 3 barobarga kamaygan. 2020 yilda Qashqadaryo viloyatida 16,4% maktabning birorta bitiruvchisi OTMga kirmagan. Bu bo‘yicha eng yaxshi natija Toshkent shahrida (0,3% maktabda) kuzatilgan.
Yaqin oylarda AQSHdan 16 nafar ingliz tili o‘qituvchilari hamda yetakchi universitetlarining professorlari O‘zbekistonga kelishi kutilmoqda. Ular xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishda yordamlashadi. Bundan tashqari, Qarshi shahrida «Amerika oynasi» («American window») kutubxonasining ochilishi ustida ish olib borilmoqda.
Maktab bitiruvchilarning 6 yillik baholarining o‘rtacha ko‘rsatkichi OTMga kirish imtihonlarida inobatga olinadi. Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatovning ta’kidlashicha, bu — Prezident topshirig‘i va farmon loyihasida o‘z aksini topadi.
2022 yilda O‘zbekistondagi ta’lim sifati xalqaro PISA dasturi doirasida baholanadi. Rossiyalik mutaxassis Galina Kovaleva O‘zbekiston ta’lim sifatini baholashga tayyorgarlik ko‘rishda qanday yordam ko‘rsatilayotgani, postsovet ta’lim tizimlari tomonidan olingan «o‘rtacha ko‘rsatkichdan past» natijalar va qanday baholash natijalarini kutish mumkinligi haqida o‘z fikrlari bilan bo‘lishdi.
«Maktablar ochilishi bo‘yicha qarorni faqatgina Mahalliy Kengash deputatlari maktablarning haqiqiy tayyorligi, hududdagi sanitariya-epidemiologik holat va sog‘liqni saqlash tizimi imkoniyatidan kelib chiqib qabul qiladi», — ta’kidladi Sherzod Shermatov. Uning xabar berishicha, maktab ochilishidan avval uni xavfsiz va zarur vositalar bilan ta’minlanganligiga ishonch hosil qilingach, Kengash ushbu maktab faoliyatini boshlashi to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
Xalq ta’limi vazirligi birinchi o‘qish haftasini tashkil etishda ota-onalardan o‘z farzandlarini o‘qish va dam olish vaqtini taqsimlashga yordam berishga, erta yotishlarini nazorat qilishga va televizor oldida va kompyuterda o‘tkazadigan vaqtini cheklashga tavsiya berdi.
Xalq ta’limi vazirligi o‘quv yili boshida jismoniy tarbiya, chaqiriqqa qadar boshlang‘ich harbiy tayyorgarlik, musiqa madaniyati, tasviriy san’at va chizmachilik kabi fanlarning vaqtinchalik o‘tilishini tavsiya etmasligini ma’lum qildi. Ushbu fanlar masofaviy ta’lim shaklidagi televizion darslar orqali o‘zlashtirib boriladi.
Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov maktablarda qat’iy forma talab qilinmasligini, lekin ma’lum tartiblarga rioya qilinishi kerakligini ta’kidladi.
«Har bir ota-ona farzandini maktabga yuborishi yoki uyda onlayn shaklda o‘qitishi yuzasidan mustaqil qaror qabul qilishi kerak» — xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov. Bu uchun ota-onalardan so‘rovnoma to‘ldirilishi so‘raldi. Vazir maktablarda yangi o‘quv yilini 14 sentyabrdan boshlash taklifi kiritilganligini ham ma’lum qildi. Sinov tariqasida virus tarqalmagan, havfsiz hududlardagi ba’zi kichik maktablarni 7 sentyabrdan ochish rejalashtirilgan.
Koronavirus pandemiyasi sababli masofaviy tarzda o‘tkazilgan IBO2020 Challenge — Xalqaro biologiya olimpiadasida bir nafar o‘zbekistonlik o‘quvchi mamlakat tarixida ilk bor oltin medalni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, ikki nafar o‘zbekistonlik o‘quvchi kumush medallar sohibiga aylandi.
Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov koronavirus infeksiyasiga chalinganini ma’lum qildi. Vazir hozirda uyda reabilitatsiya davrini o‘tayotganini va yaqin orada ishga qaytishini bildirdi. Shuningdek, vazir kasallikni qanday boshidan kechirayotganini va davolanishga doir o‘zini maslahatlari bilan bo‘lishdi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting