Buxoro viloyatining Jondor tumanida YPX xodimlari tomonidan to‘xtatilgan Cobalt haydovchisi to‘satdan harakatlanib, ulardan birini urib ketdi. Voqea yuzasidan hokimiyat vakiliga qarshilik ko‘rsatish moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi.
Koson tumanida 4 nafar mast erkak mashinada yo‘ldan o‘tib ketayotgan YPX xodimlarini haqoratlab videoga oldi va uni Telegram`da tarqatdi. Sud hukmi bilan ularning har biriga 10 sutkadan ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.
Namanganda YPX avtomobilida tug‘uruqxonaga olib ketilayotgan ayol qiz farzand ko‘rdi. Shifokorlar tomonidan ko‘rsatilgan tibbiy yordam sabab ona-bolaning salomatligiga hech qanday ziyon yetmadi.
Hukumatning YPX xodimlarining maxsus moslamalardan foydalanishi tartibi bo‘yicha qaror loyihasi muhokamaga qo‘yildi. Hujjat bilan haydovchilarining giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar ta’siridan mast holatda ekanligini aniqlashda narkotester texnik vositasidan foydalanish yo‘lga qo‘yilishi mumkin.
20 may kuni Ohangaronda YPX inspektori jarima maydonchasiga olib ketayotgan «VAZ-2121» haydovchisi o‘zini mashinadan tashlab yubordi. 27 yoshli fuqaro 6 iyun kuni kechasi shifoxonada vafot etdi. Prokuratura tekshiruv o‘tkazmoqda.
IIV YPX xodimlarini suratga olib internetda tarqatganlik uchun 15 mln so‘m jarima yoki 15 sutka ma’muriy qamoq bilan jazolashga oid qonun loyihasini Qonunchilik palatasiga kiritdi. XPD fraksiyasi takliflar bo‘yicha sabablar asosli ochib berilmaganligi uchun mazkur qonunni birinchi o‘qishda ko‘rib chiqishni rad etib, uni kun tartibidan chiqarib tashladi. Bu xodimlarni tasvirga olishni taqiqlashga bo‘lgan navbatdagi urinish, avvalroq vazirlik taklif etgan hukumat qarori loyihasi jamoatchilik e’tirozlariga sabab bo‘lgandi.
Hukumat qarori bilan endilikda haydovchi YPX xodimining dislokatsiya ko‘chirmasi bilan o‘sha joyning o‘zida tanisha olmaydi. Buning o‘rniga haydovchi saf bo‘limidan yozma ma’lumot talab qilishi mumkin. Shuningdek, body camera`si bor YPX xodimi haydovchining mastlik holatini alkotester yordamida hodisa joyida o‘zi aniqlashi va bayonnoma rasmiylashtirishi mumkin.
Bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Artikova ham yo‘lovchi, ham «pogonli shaxs» sifatida YPX xodimlarini xizmat vaqtida tasvirga olishga qarshi ekanini ma’lum qildi.
Sirdaryoning Sayxunobod tumanida Lacetti haydovchisi YPX xodimlarining ko‘rsatmasiga bo‘ysunmasdan, qochishga urindi. Avtomobil saloni ko‘zdan kechirilganida, ko‘p miqdordagi kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlangan. Haydovchini ushlash aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘ldi.
IIV YPX xodimining foto va videosini uning ruxsatisiz tarqatishni taqiqlashga oid taklif nazarda tutilgan Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasini e’lon qildi. Jamoatchilik vakillari esa bunga qarshi munosabat bildirdi, jumladan, Davletovuz yozishicha, «bu yopiqlikka, orqaga tashlangan qadam». Nurbek Alimov esa bu bilan jamoatchilik nazorati yo‘qolishini ta’kidladi. Xushnudbek esa VMning bunday cheklov o‘rnatishga vakolati yo‘qligini eslatib o‘tdi.
Qoraqalpog‘istonda o‘z xodimlarini urib-so‘kkan yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i v.b.ga nisbatan «qattiq intizomiy jazo chorasi» qo‘llanildi. 2021 yilning fevralida sodir bo‘lgan mazkur holat aks etgan videoyozuv YPX xodimlaridan birining bodi-kamerasiga qayd etilgan va yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan edi.
Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanida xavfsizlik kamarini taqmagan Nexia-3 haydovchisi va YPX xodimlari o‘rtasida tortishuv yuzaga keldi. Haydovchi 14 sutkaga qamaldi, tortishuvda qatnashgan boshqa fuqarolarga ham jazo tayinlandi.
Hukumat qarori loyihasiga muvofiq, 1 martdan boshlab Toshkent viloyatidagi «Chinor» va Namangan viloyatidagi «Namangan» YPX statsionar postlarida «Yashil» va «Qizil» yo‘laklar joriy qilish taklifi bildirildi. Yashil yo‘lakdan qidiruvda bo‘lmagan, qarzdorligi yo‘q hamda texnik soz mashinalar o‘tadi. Qizil yo‘lak esa qoidabuzar va qarzdorligi mavjud haydovchilarga mo‘ljallangan. Postlardagi monitor yordamida haydovchilarga qaysi yo‘lakdan harakatlanishi kerakligi ko‘rsatib turiladi.
Qashqadaryo viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari xizmat mashinasi ekanligi aytilayotgan Trailblazer haydovchisi YPX xodimlari ko‘z o‘ngida uchta yo‘l harakati qoidasini buzdi. Video internetda e’lon qilinganidan so‘ng, avtomobil jarima maydonchasiga qo‘yilgan. Mashina oynalari ham ruxsatsiz qoraytirilgani ma’lum bo‘ldi.
Poytaxtning Chilonzor tumanida qidiruvdagi Nexia haydovchisi yo‘l-patrul xizmatining ikki ekipajidan qochar ekan, YPX inspektori va bir piyodani urib yubordi.
Toshkent viloyatida qoidabuzar Malibu haydovchisiga protokol tuzmoqchi bo‘lga YPX xodimiga ratsiya orqali chiqib, haydovchini qo‘yib yuborish buyurgan komandirga intizomiy jazo qo‘llanildi. “O'ZTEMIRYO'LMASHTAʼMIR” korxonasiga tegishli mashina haydovchisi esa xavfsizlik kamarini taqmagani uchun jarimaga tortildi.
Toshkent viloyatida YPX xodimi Malibu haydovchisiga protokol tuzmoqchi bo‘lganida, unga ratsiya orqali haydovchini qo‘yib yuborish bo‘yicha buyruq beriladi. «Qo‘yvor bo‘ldi, ko‘p gapirmasdan. Yaxshi yetib oling deb tushuntirvor», — deydi ratsiya orqali murojaat qilayotgan shaxs qaysi mashina ekanligini aniqlashtirgandan so‘ng. Mazkur jarayon Toshkent telekanali efirida uzatilgan.
O‘zbekistonda sinov tariqasida yo‘l-patrul xizmati mashinalariga 360 gradus radiusga ega bo‘lgan masofada qoidabuzarliklarni aniqlaydigan maxsus qurilmalar o‘rnatilmoqda. Qurilma to‘xtash va to‘xtab turish, harakatlanish tezligini oshirish, svetoforning taqiqlovchi chirog‘iga amal qilmaslik singari qoidabuzarliklarni qayd etadi va u orqali haydovchilarning yashash manziliga jarima qo‘llash to‘g‘risidagi qaror yuboriladi.
Qoraqalpog‘istonda yuk mashinasini boshqarib kelayotgan mast haydovchi mashinani to‘xtatmoqchi bo‘lgan yo‘l-patrul xizmati inspektorini urib ketdi. YPX xodimi tan jarohatlari sababli shifoxonada olamdan o‘tdi.
Surxondaryoning Bandixon tumanida YPX inspektori «Lasetti» rusumli maxsus xizmat avtomobili boshqaruvini yo‘qotib, YTH sodir etdi. Hodisadan hech kim jabrlanmadi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting