Vladimir Zelenskiy AQShga Ukraina mineral resurslarining 50 foiziga egalik qilish huquqini beruvchi hujjatni imzolashdan “xushmuomalalik bilan” bosh tortdi. Tramp avvalroq AQSh tinchlik kelishuvi muvaffaqiyatli bo‘lishidan qat’i nazar, Ukraina tabiiy resurslaridan foydalana olishi kerakligini aytgandi.
Donald Tramp Xorijda korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonunning amal qilishini to‘xtatish bo‘yicha topshiriq berdi. Hujjat amerikaliklar o‘z biznesi yo‘lida xorijlik davlat xizmatchilariga pora berishni taqiqlashni nazarda tutadi. “Bu Amerika uchun ancha ko‘proq biznesni anglatadi”, — dedi Tramp.
Bir necha shtatlar bosh prokurorlari Hukumat samaradorligi departamenti (DOGE) rahbari Ilon Maskning federal xarajatlarni qisqartirish bo‘yicha harakatlarini to‘xtatishni so‘rab, sudga murojaat qildi. Da’voda, shuningdek, Tramp Maskka AQSh Kongressining ruxsatisiz “cheklanmagan vakolatlar”ni bergani aytiladi.
Rossiyaning jangovar droni Chernobil atom stansiyasining vayron bo‘lgan to‘rtinchi energiya bloki ustidagi izolyatsiya inshootiga kelib urildi va yong‘in chiqishiga sabab bo‘ldi, deya xabar berdi Ukraina hukumati. MAGATE portlashni tasdiqladi va radiatsiya darajasi normal holatda qolayotganini ma’lum qildi.
HAMAS garovga olingan yana 3 nafar isroillikni reja bo‘yicha ozod qilishini ma’lum qildi, bu esa o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha nizoni hal qilishga yo‘l ochadi. Avvalroq Tramp va Netanyahu agar guruh 15-fevralgacha garovga olinganlarni qaytarmasa, G‘azoda janglar qayta boshlanishini bildirgandi.
Daniyada Donald Trampning Grenlandiya AQSh nazoratiga o‘tishi kerakligi haqidagi bayonotiga javoban Kaliforniyani sotib olish bo‘yicha satirik petitsiya boshlandi. Uning mualliflari shtatni 1 trln dollarga sotib olishni, Mikki Mausga viking shlemini kiydirishni va Gollivudga hyugge olib kirishni taklif qilmoqda.
Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi Ukraina va Rossiya urushida bedarak yo‘qolganlar soni bir yilda ikki barobardan ortiqqa oshib, 50 ming kishiga (bir yil avval 23 ming kishi edi) yetganini bildirdi. Ularning qariyb 90 foizi harbiy xizmatchilar va ayollardir.
Yevropa davlatlari TIV rahbarlari Trampning Kiyev o‘z yerlarini qaytarib olishi dargumonligi haqidagi so‘zlariga javoban Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish va uning hududiy yaxlitligini qo‘llashga tayyorligini bildirdi. “Ukraina va Yevropa har qanday muzokaraning bir qismi bo‘lishi kerak”, — dedi vazirlar.
Donald Tramp Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan Saudiya Arabistonida uchrashish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi. Shuningdek, u Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lishini “real” deb hisoblamasligini aytdi va mamlakatning 2014-yilgi chegaralariga qaytishini “ehtimoldan yiroq” deya atadi.
Janubiy Koreyada samolyotda chiqqan yong‘indan so‘ng aviatsiya xavfsizligi kuchaytirilmoqda. 1-martdan yo‘lovchilarga 100 vatt-soatgacha bo‘lgan 5 ta poverbankni olib yurishga ruxsat beriladi, 160 vatt-soatdan ortiq batareyalar bortga qo‘yilmaydi. Bagajga poverbank va elektron sigaretlarni joylash taqiqlanadi.
Qozog‘istonda Parlament Majlisi deputati xorijiy agentlar to‘g‘risidagi tegishli qonunni qabul qilishni taklif etdi. “Qozog‘istonliklar o‘zgalar o‘yinining asiri bo‘lishni istamaydi”, — degan deputat mamlakatda 200 ga yaqin nodavlat tashkilot xorijdan moliyalashtirilishini ta’kidladi.
AQSh prezidenti Donald Tramp va Rossiya prezidenti Vladimir Putin qariyb bir yarim soat davom etgan telefon suhbatida Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini muhokama qildi. Tomonlar jamoalariga zudlik bilan muzokaralarni boshlashni buyurdi. Shundan so‘ng Tramp Ukraina prezidentiga qo‘ng‘iroq qildi.
Google AQShdagi foydalanuvchilar uchun Google Maps xizmati xaritalarida Meksika ko‘rfazi nomini Amerika ko‘rfaziga o‘zgartirdi. Dunyoning boshqa mamlakatlaridagi foydalanuvchilar ikkala nomni ham ko‘radi.
USAID bilan shartnoma asosida ishlaydigan tashkilot va kompaniyalar Donald Tramp ma’muriyatini agentlikni tugatish bo‘yicha noqonuniy harakatlarda ayblab sudga berdi. Bu, da’vogarlarning ta’kidlashicha, xorijiy yordam dasturlarini moliyalashtirishda tartibsizliklarni keltirib chiqardi.
Vladimir Zelenskiy muzokaralarda Kursk viloyatining Ukraina nazoratidagi bir qismini Ukrainaning Rossiya anneksiya qilgan hududlari bilan almashtirishni taklif qilmoqchi ekani haqida gapirgandi. Kremlga ko‘ra, “bu imkonsiz: Rossiya hech qachon o‘z hududini ayirboshlash mavzusini muhokama qilmagan va qilmaydi”.
Armaniston parlamenti mamlakatning Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish jarayonini boshlash to‘g‘risidagi qonun loyihasini birinchi o‘qishda ma’qulladi. Avvalroq bosh vazir Pashinyan loyiha YIga to‘g‘ridan to‘g‘ri a’zolikni anglatmasligi va bu masala bo‘yicha qaror referendum orqali qabul qilinishini aytgandi.
Binyamin Netanyahu agar HAMAS 15-fevralgacha garovga olingan isroilliklarni qaytarmasa, G‘azoda jangovar harakatlarni qayta boshlashni va’da qildi. Avvalroq HAMAS shartlar buzilganini aytib, ozod qilishni to‘xtatgandi. Tramp esa guruhga shanbagacha muhlat bergan.
Ilon Mask boshchiligidagi investorlar konsorsiumi ChatGPT ishlab chiqaruvchisi — OpenAI’ni sotib olish uchun 97,4 mlrd dollar taklif qildi. OpenAI bosh direktori Sem Altman shunday javob berdi: “Yo‘q, rahmat, lekin agar xohlasangiz, Twitter’ni 9,74 mlrd dollarga sotib olishimiz mumkin”.
HAMAS Isroilni sulhni buzganlikda aybladi va garovga olingan isroilliklarni ozod qilishni noma’lum muddatga qoldirishini ma’lum qildi. AQSh prezidenti Donald Tramp guruhdan shanba kuni tushgacha barcha garovga olinganlarni qaytarishni talab qildi, aks holda, uning so‘zlariga ko‘ra, “jahannam boshlanadi”.
Qozog‘iston FVV nosozlik tufayli yo‘lda qolib ketgan mikroavtobusdagi 24 nafar chet el fuqarosi (jumladan, 4 bola)ni evakuatsiya qildi. Ular O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolaridir. Hech kim jarohat olmagan.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting