O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki internet nashrlaridagi valyutani almashtirish sohasida, xususan pul o‘tkazmalari bo‘yicha o‘zgarishlar bo‘lishi kutilayotgani haqidagi mish-mishlarni tasdig‘i yo‘q ma’lumotlar deb ta’rifladi.
Qonunchilikka muvofiq mijoz bank hisobraqamidagi pul mablag‘larini o‘z xohishiga ko‘ra boshqaradi, deyiladi Markaziy bank rasmiy bayonotida.
“Jismoniy shaxslar o‘z mulkida O‘zbekiston Respublikasiga olib kirilgan, o‘tkazilgan yoki jo‘natilgan, O‘zbekiston Respublikasida olingan yoki sotib olingan valyuta boyliklariga ega bo‘lishga va valyuta boyliklaridan mustaqil ravishda foydalanishga haqlidir.
O‘zbekiston Respublikasida hozirgi paytda va bundan keyin ham xalqaro pul o‘tkazmalari bo‘yicha operatsiyalar qonunchilikka va xalqaro normalarga qat’iy muvofiq amalga oshiriladi, ya’ni pul o‘tkazmalari qaysi valyutada o‘tkazilgan bo‘lsa, xuddi shu valyutada hech qanday cheklovlarsiz beriladi”, – deb ta’kidlanadi bayonotda.