O‘zbekiston hududida investitsion muhit jozibadorligini va qulayligini oshirish maqsadida «Chet ellik investorlar huquqlarining kafolatlari va ularni himoya qilish choralari to‘g‘risida», «Chet el investitsiyalari to‘g‘risida», «Boj tarifi to‘g‘risida»gi qonunlarga va Soliq Kodeksiga bir qator qo‘shimchalar va o‘zgartishlar kiritildi. Bu haqda tegishli qonnuni Prezident Islom Karimov 20- yanvar kuni imzoladi.
Qonundan «chet el investitsiyalari va reinvestitsiyalari»ga izoh yangi tahrirda berildi.
Shuningdek, qonunda chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarni davlat ro‘yxatiga olish, shuningdek zarur ruxsat beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirish tegishli davlat organi tomonidan «bir darcha» prinsipi bo‘yicha amalga oshirilishi ham belgilangan.
Chet ellik investorlar — jismoniy shaxslar, chet ellik investorlar — yuridik shaxslarning mansabdor shaxslari chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarda o‘z ulushlari (hissalari, aksiyalari) mavjud bo‘lgan butun davrda tegishli ko‘p martalik vizalar olgan holda O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirib kelish va unda qolish huquqiga ega deb e'tirof etilgan.
Chet el investitsiyalari ishtirokidagi yangidan tashkil etiladigan, chet ellik investorning pul shaklidagi hissasi kamida besh million AQSh dollaridan iborat bo‘lgan korxonalar soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlari o‘zgargan taqdirda, ular davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdan e’tiboran o‘n yil mobaynida ular davlat ro‘yxatiga olingan sanada amal qilib turgan, ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan belgilangan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashga doir normalar hamda qoidalarni qo‘llashga haqli bo‘ldilar.
Chet ellik investorlar shaxsiy ehtiyojlari uchun olib kiriladigan mol-mulkdan bojxona boji undirilmaydi.
Chet ellik investorlar va chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq investitsiya faoliyatini amalga oshirish maqsadida har qanday chet davlat fuqarolari va O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida doimiy ravishda yashovchi fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar bilan mehnat shartnomalarini erkin tuzish huquqiga ega. Bunday shaxslar mehnat shartnomasi amal qilishining butun davrida tegishli ko‘p martalik vizalar olgan holda O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirib kelish va unda qolish huquqiga ega bo‘ladi.
Vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar, banklar tomonidan chet ellik investorlarning va chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarning faoliyati bilan bog‘liq qo‘shimcha talablar va cheklovlar belgilash taqiqlanadi.
Endi chet ellik investorlarga qo‘shimcha kafolatlar va ularni himoya qilish choralari yuqori zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga va yuqori texnologik ishlab chiqarishlarni rivojlantirishga investitsiyalar kiritilayotganda ham beriladi.
Prezident tomonidan imzolangan «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida» qonunda investitsion muhit jozibadorligini va qulayligini oshirish maqsadida ko‘zda tutilgan yana boshqa qo‘shimchalar va o‘zgartishlarlar bilan 21-yamvardagi «Xalq so‘zi» gazetasida batafsil tanishish mumkin.