O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Xalqaro madaniyat karvon saroyida «Do‘ppi tikdim, ipaklari tillodan» deb nomlangan ko‘rgazma ochildi.

Ko‘rgazmada poytaxtlik Faxriddin Abdujabborovning shaxsiy kolleksiyasidan o‘rin olgan ellikdan ziyod qadimiy milliy do‘ppilar namoyish etilmoqda.

Ko‘rgazma ikki hafta davom etadi, kirish bepul.

Do‘ppido‘zlik Toshkent, Farg‘ona, Samarqand, Buxoro, Qashqadaryo, Surxondaryo, Xorazm viloyatlari va Qoraqalpog‘istonda keng tarqalgan. Bu bosh kiyimi uslubi, ko‘rinishi jihatidan o‘ziga xos tayyorlanadi. Xususan, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida dumaloq, qubbasimon ko‘rinishdagi yorqin rangli, Farg‘ona vodiysida esa oq va qora iplar yordamida erkaklar, ayollar va bolalar uchun do‘ppilar tikilgan. Ayni kunda iroqi do‘ppi, chust do‘ppi, qo‘qon do‘ppi, marg‘ilon do‘ppi, gilam do‘ppilar xorijda ham mashhur.

Usta-hunarmandlarning ta’kidlashicha, do‘ppilar ko‘rinishi, naqsh uslubi, ramzlar uyg‘unligi bilan bir-biridan farqlanadi. Do‘ppilarning tayyorlanishida mamlakatning turli hududlariga xos tabiiy sharoit, atrof-muhit, aholi turmush tarzi, mahalliy ana’nalar ham aks etadi.