Og‘ir atletika bo‘yicha qizlar terma jamoasi ham Nankin-2014 o‘yinlari yo‘llanmasiga ega bo‘ldilar
MOQ matbuot xizmati xabar berishicha, Tailandda o‘smir-qizlar o‘rtasida o‘tkazilgan Osiyo chempionati bahslari nihoyasiga yetdi. Unda 16-24 avgust kunlari Xitoyning Nankin shahrida o‘tkaziladigan II yozgi o‘smirlar Olimpiada o‘yinlarining yo‘llanmalari o‘ynaldi. Qizlar terma jamoasi mazkur chempionatda Nankin-2014 o‘yinlariga 1 ta yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
Eslatib o‘tamiz, qit’a chempionatida umumjamoa hisobida 1-4 o‘rinlarni egallagan terma jamoalarga bittadan litsenziyalar berildi.
Qit’aning 26 davlati vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tgan musobaqada O‘zbekiston sharafini 10ta sportsmen himoya qilgan edi.
Shu tariqa O’zbekiston sportchilari tomonidan Nankin-2014 o‘yinlariga qo‘lga kiritilgan yo‘llanmalar soni 14 taga yetdi. Mamlakat og‘ir atletikachilaridan tashqari badiiy gimnastika (7 ta), akademik eshkak eshish (2 ta), dzyudo ( 1 ta) hamda baydarka va kanoeda eshkak eshish (1 ta) vakillari ham o‘smirlar Olimpiada o‘yinlari yo‘llanmalariga egalar.
Oldinda yana sportning o‘ndan ortiq turlari bo‘yicha Nankin-2014 o‘yinlariga litsenziyalar o‘ynaladigan musobaqalar mavjud.